Yosh farzandini tarbiyalayotgan talaba onalarga yordam puli berilmaydigan bo’ldi

1059
0

O’zbekiston hukumati tinimsiz ravishda odamlarning yashash darajasi muntazam oshib borayotgani va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari qo’llab-quvvatlab kelinayotgani haqida lof urib kelayotgan bo’lsada, amalda aynan shular uchun arzimas bo’lsada qo’r bo’layotgan ijtimoiy to’lovlardan bosqichma-bosqich mahrum qilib kelmoqda.

“Norma.Uz” saytining O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining qo’shma qaroriga tayangan holda xabar qilishicha, endilikda kunduzgi ta’lim asosida o’qiyotgan hamda ikki yoshgacha bolalarning onasi bo’lgan talaba ayollar bundan buyog’iga bolalari uchun nafaqa puli olish huquqidan mahrum bo’ldilar.

“Ko’rsatilgan ikki yoshgacha bolali bo’lgan hamda kunduzgi ta’lim asosida o’qishini davom ettirayotgan shaxslarga bundan beri faqat to’liq hajmda stipendiya to’lanadi. Oldin bu davr mobaynida bir vaqtning o’zida ham stipendiya, ham bolani parvarish qilgani uchun oylik nafaqa pulini to’lash ko’zda tutilgan edi”, – deyiladi xabarda.

Rasmiy hukumat ijtimoiy to’lovlarni birinchi marta qisqartirayotgani yo’q. “Farg’ona” axborot agentligi bergan ma’lumotlarga ko’ra, 2013 yil 1 yanvaridan boshlab O’zbekistonda balog’atga etmagan ikki bolali oilalar uchun oylik nafaqa pulini eng kam ish haqining 100 foizidan 80 foizigacha, uchta bolali oilalar uchun esa 140 foizdan 120 foizgacha tushirilgan edi. Bir vaqtning o’zida nafaqa to’lovi belgilanayotgan balog’atga etmagan bolaning maksimal yoshi 16 (yoki agar umumta’lim maktablarida, akademik litseylarda va kasb-hunar kollejlarida o’qiyotgan bolalar uchun 18 yosh) dan 14 gacha tushirildi.

Keyinchalik, O’zbekiston hukumati bolaligidan nogironlarning onalariga pensiya belgilash uchun oliy ta’lim muassasalarida, aspirantura va doktoranturalarda hamda klinik ordinaturalarda o’qish vaqtini mehnat stajiga kiritmaslik to’g’risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, pensionerlarning ham ijtimoiy himoyasi ham ancha engillatilgan. Misol uchun, O’zbekiston rasmiylari 2013 yilda pensiyaga besh va 10 yil oldin chiqadigan imtiyozli kasb toifalar sonini qisqartirdilar; 2009 yilda odamlarni “sovet” pensiyalarisiz qoldirdilar, 2010 yilda vrachlar va pedagoglarni kommunal to’lov uchun ko’zda tutilgan qo’shimcha to’lovlardan mahrum qildilar, 2011 yil yanvaridan boshlab esa qator toifadagi pensionerlar uchun imtiyozlarni bekor qiluvchi qaror kuchga kirdi: misol uchun, bunday huquqlardan qishloq xo’jaligi, aviatsiya injener-texnik tarkibi, to’qimachilik sanoati xodimlarining alohida toifalari, shahar yo’lovchi transport haydovchilari, ekologik halokat hududlarida ishlagan fuqarolar hamda besh va undan ko’p bolalarning onalar mahrum bo’ldilar.

Bundan tashqari, 2012 yil boshida O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi shifoxonalardagi bepul o’rin-joylarni qisqartira boshlagan edi. 2012-2015 yillarga mo’ljallangan rejaga muvofiq, mamlakat bo’ylab bunday o’rin-joylar soni qariyb 18 mingtaga qisqartirilishi va 127 ming o’rindan 109 mingtasi qoldirilishi kerak. Aslida esa, shifoxonalardagi bepul o’rin-joylarning nomigina bepul bo’lib, rasmiy hukumat bu o’rinlarni qisqartirish orqali byudjetdan oylik oladigan shifokor va hamshiralar sonini qisqartirish hisobini olgan va bu orqali oz bo’lsa ham talon-taroj qilingan va bo’shab qolgan davlat byudjetini to’ldirishni maqsad qilgan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.