Rossiya prezidenti Vladimir Putin Italiyaning “Corierra Della Sera” gazetasiga intervyu berar ekan, Rossiyaning AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalariga doir bayonotlar berdi. Natoga a’zo Boltiq bo’yi davlatlaridagi sarosimalarni ham e’tibordan chetda qoldirmadi.
Jurnalist Putindan Rossiya nima sababdan tajovuzkor harakatga qo’l urayotgani va Varshava blogidan ajralib, hozirda Natoga a’zo bo’lgan ba’zi Boltiq bo’yi davlatlari nima uchun o’zlariga Rossiyani tahdid deb bilayotgani haqida so’radi. Bu savolga javob sifatida Putin Amerikaning harbiy sarf-xarajatlari boshqa yirik davlatlar bilan solishtirilganda juda ustun ekanligiga urg’u berar ekan, haqiqiy tahdidni Rossiya emas, AQSh yuzaga keltirayotganiga ishora qildi.
“Natoga a’zo davlatlar harbiy faoliyatlari uchun Rossiyadan o’n barobar ortiq mablag’ sarflaydi. AQShning harbiy xarajati esa butun dunyo davlatlarining xarajatidan ortiqdir”, dedi Rossiya prezidenti.
Putinning qayd etishicha, Rossiyaning faqatgina Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston va Armanistonda harbiy bazasi bor. Bular esa hech qanday tahdid tug’diruvchi unsurlarga ega emas. Ammo AQShning harbiy bazalari dunyoning har erida mavjud.
“Dunyo xaritasiga bir qarang, AQShning barcha harbiy bazalarini belgilab chiqing. O’rtamizdagi farqni ko’rasiz”, deya qo’shimcha qildi Putin.
Rossiya prezidenti sovet davrida amalga oshirilgan razvedka uchushlari bugungi kunda to’xtatilganiga qaramay, AQSh samalyotlari rossiya chegaralari yaqinida tinimsiz izg’iyotganini va Natoning Rossiyaga qarshi Sharqiy Yevropada harbiy infratuzilma qurishni davom ettirayotganini alohida eslatib o’tdi. Putinga ko’ra, Rossiya bir necha yillar avval Kubadagi harbiy bazasini yo’q qilgan. AQSh esa Norvegiya qirg’oqlariga 17 daqiqa ichida Moskvani ura oladigan darajada raketa tuzilmalarini joylashtirgan.
“Shuncha ishlardan keyin ham bizni tajovuzkor deysizmi?!”, deya savol tarzida javob berdi Vladimir Putin.