“lenta.ru” saytining xabar qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “sarmoyalarni amnistiya qilish to’g’risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun 2015 yilda xorijiy aktivlar va bank omonatlarini ixtiyoriy deklaratsiyadan o’tkazish imkonini beradi. Agar mulk egasi 2015 yilning 1 yanvariga qadar qonunbuzarlikka qo’l urgan bo’lsa, prezident tomonidan imzolangan yangi qonun uni jinoiy, ma’muriy jazodan va soliq majburiyatlaridan ozod qiladi.
Mulkini qonuniylashtirmoqchi bo’lgan shaxs soliq idoralariga maxsus deklaratsiya taqdim qilishi kerak. Hujjatga soliq siri tizimi joriy etiladi. Deklaratsiya topshirish muddati – 2015 yilning 1 iyulidan 31 dekabriga qadar.
Moliya vazirligi ishlab chiqqan “Jismoniy shaxslarga mulk va bank hisoblari (depozitlar)ni ixtiyoriy deklaratsiyadan o’tkazish to’g’risidagi” qonun loyihasi 25 mart kuni prezident tomonidan tasdiqlangan edi. Bosh vazir o’rinbosari Igor Shuvalov qonun loyihasidan asosiy maqsad, “o’z tadbirkorlik faoliyati davomida biror xatoga yo’l qo’ygan shaxs bu mulkni qayta deklaratsiyadan o’tkazganidan so’ng, hech kim, hech qachon uni oldiga kelmasligini va bu mulk qaerdan kelganini so’ramasligini hamda keyinchalik ular mutlaq qonunga bo’yinsunuvchi fuqarolar bo’lishlari mumkinligini aniq bilishlari kerak”, – degan edi.
Turkiston:
Vladimir Putin boshchiligida olib borilgan siyosat natijasida Rossiya iqtisodi inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Bunga asosiy sabab Putin huddi sobiq sho’rolar ittifoqi kabi xususiy mulkni yo’q qilishga, ishlab chiqarishni davlat qo’l ostiga birlashtirish uchun jiddiy harakatlar olib bordi. Buning oqibatida yirik mulkdorlar o’z sarmoyalarini turli xil yo’llar bilan chetga olib chiqib ketishdi.
Xususiy mulkni cheklanishi, zavod va fabrikalarni davlat nazorati ostiga olinishi odamlarda davlat mulkiga nisbatan e’tiborsizlikni paydo qildi, raqobat va izlanishni tomiriga bolta urdi. Chunki inson o’ziniki bo’lmagan narsaga e’tiborsiz bo’lishi tabiiy. Sobiq sho’rolar ittifoqini inqirozga yuz tutishiga asosiy sabablardan biri ham aynan shu bo’lgan edi. Raqobatni yo’qolishi natijasida Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsulotlar nafaqat Yevropa davlatlari, balki Markaziy Osiyoda ham o’tmaydigan matohga aylanib qoldi. Shu sababli ham Putin avval Bojxona ittifoqi deb nomlangan, keyinchalik Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aylangan ittifoqni tashkil etdi. Bundan ko’zlangan maqsad esa Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlaridan kelayotgan maxsulotlarni bu ittifoqqa a’zo davlatlarga kirishiga cheklov kiritish va o’zini hech kimga kerak bo’lmay qolgan, zamon talablaridan ortda qolib ketgan maxsulotlari uchun iste’mol bozorini tashkil etishdir.
Bundan tashqari AQSh tomonidan o’rnatilgan har qanday xalqaro qonunlarni buzgan holda Qrimni anneksiya qilib olinishi ortidan AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi joriy etgan siyosiy va iqtisodiy jazo choralari, jahon bozorida neft narxini sun’iy ravishda keskin tushirib yuborilishi shundoq ham holdan toyib turgan Rossiya iqtisodini deyarli inqiroz yoqasiga olib kelib qo’ydi. Shuning uchun ham Putin chetga chiqib ketgan sarmoyalarni qaytarishga, shu yo’l bilan to’xtab qolgan va umuman izdan chiqib ketgan soha va tarmoqlarni ishga tushirish orqali iqtisodni qayta tiklash payiga tushib qoldi.