Tojikiston va Qirg’iziston elektr energiyasi etkazib berish narxlari borasida kelishuvga erisha olmadi.
“Barqi tojik” ochiq aktsiyadorlik xolding kompaniyasi matbuot kotibi Nozir Yodgorining so’zlariga qaraganda, Dushanbeda bo’lib o’tgan muzokaralar chog’ida Tojikiston kompaniyasi vakillari qirg’izistonlik hamkasblariga 1 kVt/soat uchun 3.5 tsent narxida elektr quvvati etkazib berishni taklif qilgan. Ammo bu narx Qirg’iziston vakillarini qoniqtirmagan, ular 1 kVt/soat uchun 2 tsent to’lash imkoniyatlari borligini ma’lum qilgan.
Yodgorining fikricha, bunday narx xoldingning xarajatlarini qoplamaydi.
Ayni paytda Qirg’iziston Tojikistonning taklifini o’z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o’rganib chiqmoqda, undan keyin muzokaralarning ikkinchi raundi boshlanadi.
Mart oyida NESK OAJ bosh direktori o’rinbosari Aleksey Borodin Bishkekda o’tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondan 1 kVt/soat uchun 2 tsent narxida elektr quvvati import qilinishini ma’lum qilgan edi. O’tgan yili Tojikiston qo’shni davlatga elektr quvvatini aynan shu narxda etkazib bergan edi. Ammo bu safar Tojikiston narxni oshirishga qaror qildi.