Turkiston:
“Amerika ovozi” sayti 1 aprel kuni AQSh davlat kotibi muovini Entoni Blinkinning so’zlarini chop etdi. Blinkin Vashingtonda bo’lib o’tgan konferentsiyada “Markaziy Osiyoda islomiy ekstremizmni kuchayib borishi AQShni bezovta qilmoqda”, deb aytib o’tdi. Uning so’zlariga ko’ra, siyosiy barqaror bo’lgan Markaziy Osiyoga beqaror Afg’oniston va Pokiston singari mamlakatlarning salbiy ta’siri tegadi. Blinkin buni oldini olish uchun Shimoliy Alyans (NATO) bilan hamkorlik qilishni taklif qildi. Bu hamkorlikning natijali ekanligiga NATOning possovet respublikalar bilan “Tinchlik uchun hamkorlik” harbiy dasturini misol sifatida keltirib o’tdi. 1994 yili tuzilgan mazkur dastur doirasida harbiy mashg’ulotlar va mutaxassislarni tayyorlash amalga oshiriladi.
Blinkenning aytishicha, AQShning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi ikki asosga tayanadi. Birinchisi, xalqaro xavfisizlik tizimiga bog’liq bo’lsa, ikkinchisi, mintaqada iqtisodni rivojlantirish natijasida barqarorlikni o’rnatish.
AQSh Qirg’izistonda beqarorlikni vujudga keltirish uchun jiddiy harakat olib bormoqda
Xalqaro siyosiy maydonda Qirg’iziston davlat sifatida e’tibor qilinmaydigan darajaga tushib bormoqda. Davlat tizimining har bir sohasi o’z bilganicha tashqi davlat yoki quvvatlar bilan hamkorlik qilish bo’yicha kelishuvlar tuzish yoki bu quvvatlar bilan hamkorlikda harakat olib bora boshladi.
O’zbekiston xavfsizlik qo’mitalari tomonidan, Shayx Roshod qori Kamolovni hibsga olinishi, o’zlari boshchiligida va ularning Qirg’izistondagi agentlari orqali olib borilgani haqida xabarlar tarqatila boshlandi. Aslida ham bu haqiqatga yaqin ma’lumot. Lekin ular bu yashirin amaliyotlarini oshkor etish bilan nimaga erishishmoqchi?
Avval 2006 yil 7 avgustda Qirg’izistonning O’sh shaxrida Muhammad Rofiq Kamolov o’z avtomashinasida otib o’ldirilgan va bu qotillik ham O’zbekiston xavfsizlik tizimi va o’sha paytdagi oilaviy hukmdorlik qilib turgan Bakievlar tomonidan uyushtirilgan edi. O’zbekiston hukumati o’sha vaqtda ham hozirgidek bir qancha quvvat egalarini pul bilan sotib olib, ularning roziligi bilan Rofiq Kamolovni otib o’ldirishgan. Endi uni o’rnini egallagan va xalq ichida katta xurmatga ega bo’lgan o’g’li Roshod Kamolovga navbat etib keldi.
Bizga etib kelayotgan xabarlarga ko’ra, Toshkent nafaqat kuch organlarini sotib olish, qo’rqitish yoki boshqa va’dalar berish orqali o’ziga tobe qilib olgan, balki bir qator diniy vaznga ega bo’lgan taniqli shaxslarni va milliy qarashdagi o’zbek millatiga mansub shubhalik shaxslarni ham o’z manfaatlari yo’lida olib borayotgan amaliyotida ishtirok etishga majburlamoqda. Ayni vaqtda 2010 yilgi milliy nizolar oqibatida qochishga majbur bo’lgan bir qator shaxslar Qirg’iziston janubiga qaytib kela boshlagan.
Bundan tashqari, bir necha yillar mobaynida o’zbekistonlik ekanini yashirmagan bir qator yosh, baquvvat shaxslardan tuzilgan guruh Qirg’izistonning janubiy qismining deyarli barcha shahar va qishloq mahallalarida arzimas Xitoy buyumlarini sotish bahonasi bilan izg’ib yurishibdi. Ular hatto qaerdan kelganlarini va qaysi militsiya xodimi ularning himoyachisi ekanini ham yashirishayotgani yo’q.
Amerika fuqarosi Umar Farruxni hibsga olishga jur’at qilgan xavfsizlik xizmati xodimlari, O’zbekistondan o’tayotgan bu guruh vakillari va pul uchun ularni himoya qilayotgan militsiya xodimlarini hech narsa qila olishmaydi. Bundan tashqari, Qirg’izistonda general Xudoyberdievning O’zbekistondagi maxsus ayg’oqchilari izg’ib yurishadi. O’zbekistonda 2000dan ziyod 2010 yilgi voqealarda Qirg’izistondan alamzada bo’lib qochib yurgan shaxslar bor.
Qirg’iz militsiyasi o’z mutaxassisligi juda zaif ekanligidan, Roshod qori Kamolovga aloqador amaliyotning andozasini to’laligicha o’zbek xavfsizlik tizimidan olib qo’ya qolishdi. Bular hatto hozir ham o’zbek xodimlari tavsiya etayotgan maxsus materiallarni ulardan olishayotib, o’z davlati ichidagi bunchalik ma’lumotni ular qaerdan va qanday qilib olishayotgani haqida o’ylab ham ko’rishayotgani yo’q. Qirg’iziston IIV vaziri Melis Turganbaev faqat prezident oldida unga bergan va’dasining ustidan chiqish haqida o’ylaydi xalos. Bu yo’lda hatto Qirg’iziston xavfsizlik tizimi izdan chiqib ketishining unga qizig’i yo’q. Chunki milliy va davlat xavfsizligi uning bevosita vazifasi emas.
AQSh davlat kotibi muovini Entoni Blinkenning bergan bayonotiga muvofiq AQSh loyihasi Qirg’izistonni NATOga yaqinlashtirishga qaratiladi. Maqsad Afg’onistondagi harbiy bazalarini o’z joyida saqlab turish bilan birga, ularni qo’llab turuvchi yangi bazalarni Markaziy Osiyo bo’ylab ko’paytirish. Buning uchun ular Qirg’izistonda bir qancha islomiy xavfga asoslangan vahimalar paydo qiladi. Vahimadan sarosimaga tushib borayotgan xavfsizlik tizimlari esa, bir necha toifaga bo’linib ketishdi. Bunga ularning davlat va fuqorolar xavfsizliklarini ta’minlay olish quvvatlarining etishmasligi sabab bo’ldi. Ularning salmoqli qismi Rossiya ta’sirida qolib ketdi. Ikkinchi qismi, IIV tizimi esa AQSh manfaatlari tomon yo’naltirilgan asosda ish olib borishmoqda. AQSh aynan mana shu tomonni O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga yo’naltirib bormoqda.
Lekin O’zbekiston bilan olib borilayotgan bu hamkorlik ham Qirg’izistonning ichki keskinliklarini yanada kuchaytirish va avj oldirishga qaratiladi. Qirg’izistonning O’zbekiston bilan olib borgan 2006 yildagi hamkorligi xalq muxabbatini qozona olgan imom Muhammad Rofiq Kamolovning o’ldirilishi va Hizb ut-Tahrirga qarshi qattiq tazyiqlar olib borish bilan yakuniga etgan edi. Bu esa 2010 yili bakievlar rejimining qulashida O’sh va Jalolobod viloyatlarida islomiy tuyg’usi baland bo’lgan o’zbek millatidan madad kutib qochib kelgan Bakievni qo’llamay qo’yishiga sabab bo’lgan edi.
Roshod qori Kamolov ustida borayotgan hamkorlik amaliyotlari ham Qirg’iz hukumati uchun manfaat keltirmaydi. AQSh uchun esa Roshod Kamolov o’zining ulkan vazni bilan u olib kirib kelayotgan buzuqchiliklarni to’sib qolishi mumkin bo’lgan shaxslarning biri. O’zbekiston esa Karimov qo’rqadigan islomiy shaxslarni birin ketin chetlatib borish orqali Markaziy Osiyodagi ta’sir quvvatini Qirg’iziston tomonga kengaytirib olmoqchi.
05.04.2015