IShID tashkilotining Xalifalik tiklagani to’g’risidagi e’loni

461
0

Hizb ut-Tahrir amiri olim, shayx Ato ibn Xalil Abu Rashtaning Feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblari.

IShID tashkilotining Xalifalik tiklagani to’g’risidagi e’loni

IShID (Iroq va Shom Islom Davlati) tashkilotining Xalifalik tiklaganini e’lon qilishi to’g’risida savol yo’llagan barcha birodarlarga… Uzr, ismlaringiz juda ham ko’pligi bois uzundan-uzun bo’lib ketdi, shuning uchun ularni keltira olmadik.

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Ayni masalaga oid javobni o’z vaqtida jo’natgan edik, sizlarga shu javobni yana qaytaraman:

Qadrli birodarlar!

1 – Har qanday tashkilot biror joyda Xalifalik e’lon qilmoqchi bo’lsa, u albatta Rosululloh SAVning bu to’g’ridagi tariqatlariga ergashishi lozim. Shu jumladan, bu tashkilotning o’sha joyda ochiq hukmronligi (hokimiyati) bo’lishi, bu hukmronligi uning ichki va tashqi jihatdan xavfsizligini himoya qilishi hamda Xalifalik e’lon qilinadigan mintaqada davlat tayanchlari bor bo’lishi zarur. Rosululloh SAV Madinai Munavvarada Islom davlatini barpo etgan paytda aynan shu narsalar mavjud bo’lgan: Masalan, Madinadagi hokimiyat Rosululloh SAVda bo’lgan, ichki va tashqi xavfsizlik Islom hokimiyati xavfsizligida bo’lgan, atrof mintaqadagi davlat tayanchlari Madinada bo’lgan.

2 – Ammo Xalifalik e’lon qilgan IShID tashkiloti na Suriyada na Iroqda saltanat (hokimiyat)ga ega emas. Bu tashkilot na ichkarida va na tashqarida xavfsizlik va omonlikni ro’yobga chiqara olgan emas. Hatto ular xalifa deb bay’at qilgan Abu Bakr Bag’dodiy u erda ochiq namoyon bo’la olmaydi ham, aksincha, davlat e’lon qilinishidan oldin qanday yashirin holatda yurgan bo’lsa, o’shandayligicha qolgan! Bu esa Rosululloh SAVning holatlariga ziddir. Ul zot Islom davlatidan oldin Savr g’orida yashirinishlariga to’g’ri kelgan. Biroq davlat barpo bo’lgach, ishlarni boshqarganlar, armiyaga qo’mondonlik qilganlar, odamlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni ajrim qilganlar, elchilar yuborganlar, o’zlari yashirinmasdan ochiq holda elchilarni qabul qilganlar, chunki davlatdan oldingi holat keyingi holatdan farq qilgan… Xullas, IShIDning Xalifalik e’lon qilishi mazmunsiz bema’ni narsadir. U xuddi oldingi Xalifalik e’lon qilganlarga o’xshaydi, ularning voqeda haqiqati ham, tayanchi ham bo’lmagan. Ular faqat o’zlaridagi ichki hissiyotlarni qondirishgan, xolos. Chunki biri o’zini xalifa deb e’lon qilgan bo’lsa, boshqasi mahdiy deb e’lon qilgan… Ular na tayanchga, na saltanatga ega bo’lishgan, na xavfsizlik va na omonlikni ro’yobga chiqara olishgan…!

3 – Shubhasiz, Xalifalik muhim ahamiyatga ega davlat. Shariat uni barpo qilish tariqatini, boshqaruv, siyosat, iqtisod va tashqi aloqalar… kabi barcha sohalarda ahkomlarni qanday istinbot qilish lozimligini ochiq bayon qilgan. Xalifalik bu elektron saytlarda, televidenie, radio, matbuot kabi axborot vositalaridan ovoza qilingan quruq e’lon emas. Balki u dunyoni titratadigan buyuk hodisa bo’lib, tomiri o’sha erda mustahkam ildiz otgan bo’ladi, saltanati ichki va tashqi jihatdan xavfsizlikni saqlab turadi, ichkarida Islomni tatbiq qiladi, tashqarida uni da’vat va jihod orqali butun dunyoga etkazadi…

4 – Bu e’lon bema’ni e’lon bo’lib, IShID voqeini na oldga va na ortga o’zgartiradi. Chunki bu tashkilot Xalifalik e’lon qilishidan oldin ham bir qurolli tashkilot bo’lgan, undan keyin ham bir qurolli tashkilot bo’lib qoladi. Bu harakatning qiladigan ishi boshqa tashkilotlar bilan o’zaro jang qilishdan iborat bo’lib, bu guruhlarning birortasi Suriya yo Iroqda yoki ularning har ikkisida o’z saltanatini yoya olmagan. Agar bu guruhlardan birortasi, jumladan, IShID tashkiloti davlat tayanchlari mavjud bo’lgan biror mintaqaga o’z saltanatini o’rnatib, Xalifalikni va Islom tatbiqini e’lon qilganda edi, shar’iy ahkomlarga muvofiq barpo qilingan Xalifalikmi-yo’qmi, deya bahs-munozara qilinishga haqli bo’lib, ergashilgan bo’lur edi. Chunki Xalifalikni barpo qilish faqat Hizb ut-Tahrirgagina emas barcha musulmonlarga farzdir. Kim uni haq-rost barpo qilsa, albatta unga ergashiladi. Ammo bu erdagi ish unday emas. Balki ularning hammasi qurolli guruhlardan iborat bo’lib, IShID tashkiloti ham o’shalar jumlasidan. Ularda davlat tayanchlari ham, saltanat (hokimiyat) ham xavfsizlik va na omonlik ham yo’q… Chunki IShID tashkilotining Xalifalik barpo etilgani to’g’risidagi bu e’loni bema’nilik bo’lib, voqeni o’rganish uchun to’xtalishga arzimaydi, chunki voqelik shundoq ham ochiq ko’rinib turibdi…

5 – Biroq bu erda to’xtalib, bahs-munozara qilish shart bo’lgan boshqa narsa, ya’ni xavf bor. Xavf shuki, IShID tashkilotining bu e’loni sodda fikrlovchi kishilarning Xalifalik to’g’risidagi fikrlariga nisbatan salbiy ta’sir ko’rsatib, bu fikr o’zining oliy mavqeidan tushib ketishi va musulmonlar nazdidagi katta ahamiyatini yo’qotib, juda ham mo’rt fikr bo’lib qolishi mumkin. Natijada biror shahar, maydon yo qishloqdan har qanday kimsa chiqib, o’zini xalifa, deb e’lon qilaverishi, odamlar unga nisbatan yaxshi gumonda bo’lib, atrofiga yig’ilishi mumkin. Ana shunda Xalifalikning soddadil kishilar qalbidagi ahamiyati, buyukligi yo’qoladi, uning har qanday kishi hech mazmun-mohiyatisiz gapiraveradigan chiroyli nomi qoladi, xolos… Obdan o’ylanib ko’rish shart bo’lgan narsa mana shu. Xususan, uning shartligi shundaki, bugun avvalgiga nisbatan Xalifalik barpo etilishiga oz qoldi, musulmonlar uning barpo etilishini sabr-toqat bilan kutmoqdalar. Ular Hizb ut-Tahrirni bu yo’lda Rosululloh SAVning Madinai Munavvarada davlatni barpo etishdagi tariqatlarini mahkam ushlagan Hizb deb bilmoqdalar… Shu bilan birga, ular Hizb bilan Hizbni o’z bag’riga olgan Ummat o’rtasidagi jonli ta’sirli aloqa vujudga kelganini ham ko’rib turibdilar. Musulmonlar ushbu ta’sirli aloqadan islomiy birodarlikni anglab etmoqdalar va Hizbning Xalifalik barpo etishga muvaffaq bo’ladi, ishlarni yaxshi boshqaradi, albatta Payg’ambarlik minhoji asosida Xalifalik bo’ladi, deya yaxshi umidda turibdilar. Mana shunday bir paytda bu e’lon chiqib, ushbu sodda odamlar zehnlaridagi Xalifalikni xiralashtirib ko’rsatmoqda, balki aytish mumkinki, uning voqeini qora qilib ko’rsatayotgan bo’lishi ham mumkin.

6 – Bularning barchasi bu e’lonning vaqtini savol ostiga, balki savollar ostiga qo’ymoqda. Gap shundaki, bu – e’lon egalarining ichki va tashqi jihatdan davlat xavfsizligini himoya qiladigan hech qanday barqaror real saltanatlari yo’q bo’lgan bir paytda, faqat feysbuk va axborot vositalarida e’lon qilinmoqda. Bunday vaqtdagi e’lon shubhali. Ayniqsa, biror fikriy uyushishga asoslanmagan qurolli harakatlardan osongina foydalanib, ularning safiga Sharqu G’arb josuslari osongina kirib olishlari mumkin. Ma’lumki bugun G’arbu Sharq Islom va Xalifalikka qarshi qattiq makr qilmoqda. Ular uchun Xalifalikni badnom qilib ko’rsatish juda muhim. Ular uning nomini qora qilib ko’rsatishga muvaffaq bo’lisholmagan taqdirda, Xalifalikning har qanday kishi hech mazmun-mohiyatisiz gapiraveradigan chiroyli nomi qolishidan, oqibatda butun kofirlarni zir titratadigan buyuk hodisa dushmanlarimiz kechayu kunduz hazil-mazah qilib o’ynaydigan quruq nomga aylanishidan manfaatdordir!!

7 – Bu yovuz kimsalar nimalar qilmoqchi bo’lishmasin, biz Islomning G’arbu Sharqdagi dushmanlariga, ularning yaloqxo’r, tobe, gumroh hukmdorlariga shuni ta’kidlaymizki, asrlab dunyoga hukmron bo’lgan Xalifalikni hamma biladi. U har qancha hiyla-makr qilinmasin, qora qilinadigan va qandaydir noma’lum narsa emas:

وَيَمْكُرُونَ وَيَمْكُرُ اللّهُ وَاللّهُ خَيْرُ الْمَاكِرِينَ

«Makr qilishadi, Alloh ham makr qiladi, holbuki, Alloh makr qiluvchilarning ustasidir» [Anfol 30]

Darhaqiqat, karami keng qudrati ulug’ Alloh Xalifalik uchun shunday bir hizbni tayyorlab qo’yganki, savdo-sotiq va tirikchilik ham Allohning zikridan chalg’itmaydigan er kishilar bu Hizb safidan joy olgan. Ular Xalifalikni chor atrofdan qalblari va ko’z-quloqlari bilan ihota qilib, uning ahkomlarini, dasturlarini, boshqaruv va idora apparatini istinbot qilganlar, uni barpo etish yo’lida Rosululloh SAV siyratidan zarracha og’ishmay harakat qiladilar… Biror qoralikning yopishishidan saqlovchi devor, Allohning izni ila, mana shu zotlardir, kofirlar va ularning malay tobe hukmdorlarining fitnalarini parchalab tashlovchi qoya, Allohning madadi ila, shu zotlardir. Ular Islom va musulmonlar dushmanlari makrini, Allohning qudrati ila, o’z bo’g’izlariga qaytarib uradigan siyosatchilardir.

وَلَا يَحِيقُ الْمَكْرُ السَّيِّئُ إِلَّا بِأَهْلِهِ

«Yomon makr-hiyla faqat o’z egalarini o’rab halok qiladi» [Fotir 43]

Aziz birodarlar!

Islomiy Xalifalik juda ulug’ ish, darajasi ham buyuk. Uning barpo etilishi adashtiruvchi axborot vositalari hazil-mazax qilib tarqatayotgan xabar bo’lmaydi, aksincha, Allohning izni ila, shunday kuchli zilzila bo’ladiki, xalqaro muvozanatni izdan chiqaradi, tarix oqimini o’zgartirib yuboradi… U Rosululloh SAV bashorat berganlaridek, Payg’ambarlik minhoji asosida to’g’ri yo’lni tutuvchi Xalifalik bo’lib qaytadi. Uni barpo etuvchilar ham ilk roshid Xalifalikni barpo etgan zotlar misoli pokiza taqvoli, Ummatni yaxshi ko’radigan, Ummat ham ularni yaxshi ko’radigan, Ummatning haqqiga duo qiladigan, Ummat ham ularning haqqiga duo qiladigan, Ummat ular bilan uchrashish baxtiga muyassar bo’lgan va ular ham Ummat bilan uchrashish bilan baxtiyor bo’lgan zotlar bo’ladilar, bir-birlarini yomon ko’radigan kimsalar bo’lmaydilar… Payg’ambarlik minhoji asosida kirib kelayotgan Xalifalik sohiblari mana shunday bo’ladilar. Zotan, Alloh Subhanahu Xalifalikni shunga loyiq zotlarga beradi. Biz Allohdan ushbu Xalifalik ahli va arboblaridan bo’lishimizni umid qilamiz, Alloh Subhanahudan bizga uni barpo etish baxtiga muyassar qilishini so’raymiz.

فَاسْتَبْشِرُواْ بِبَيْعِكُمُ الَّذِي بَايَعْتُم بِهِ

«Bas, qilgan bu savdolaringizdan shod bo’lingiz» [Tavba 111]

Allohning rahmatidan noumid bo’lmang, qadrli birodarlar, Alloh siz ko’rsatgan mehnatlaringizni zoe ketkazmasin, qilgan duolaringizni rad etmasin, qilgan umidlaringizdan umidsizlikka tushirmasin. Bas, shunday ekan, bizga behisob fidoiylik va jasorat bilan yordam bering, o’zingiz tomonidan Allohga biror yaxshilikni ko’rsating Alloh ham sizga behisob yaxshilik ato etsin, har xil quruq gap-so’zlar haqiqiy jiddiy harakatingizdan chalg’itmasin.

Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Birodaringiz! 3 Ramazon 1435h 1 iyun 2014m

Avval berilgan va jo’natilgan javob tugadi.

Men bu masalaga mana shu berilgan javob etarli deb umid qilaman. Alloh sizlarni muvaffaq qilib, O’z hifzu himoyasida asrasin. Sizu bizni to’g’ri ishga hidoyatlasin.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Rashta

4 ramazon 1435h

2 iyun 2014m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.