Islom ulamolari, jumladan, Hanafiy mazhabining etakchi ulamolari ham boshqa din va millat vakillarining bayramlarini nishonlash u yoqda tursin, hatto ularni tabriklashni ham xarom hisoblashgani holda O’zbekiston musulmonlari idorasi Allohni emas, balki rasmiy hukumatni rozi qilish ilinjida Allohning diniga qarshi borishga jura’t qilishda davom etmoqda.
Avvalroq O’zbekiston musulmonlari diniy idorasi musulmonlarga yangi yilni kutib olish va bayram qilishni halol qilib bergan bo’lsa, 19 mart kuni diniy idora rasmiy saytida e’lon qilingan maqolada muftiy Usmonxon Alimov Navro’z bayramining tarixi va ahamiyati haqida to’xtalib, uni “yasharish va yangilanish bayrami” sifatida nishonlash joizligiga ruxsat berdi.
“Navro’z bayramining tarixiga nazar tashlasak, u qadimiy va o’ziga xos bosqichlarni bosib o’tgan navqiron va ko’hna bayram hisoblanadi. Bu bayram Eron, Pokiston, Afg’oniston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston va shu jumladan, O’zbekiston hududida ham qadimdan o’zgacha tayyorgarlik bilan qarshi olingan. Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ta’kidlanishicha, Navro’z to’rt ming yildan beri ota bobolarimiz tomonidan bayram sifatida nishonlanib kelinar ekan”, – deyiladi maqolada.
Muftiyning uqtirishicha, “navro’z deganda faqat 21 martda nishonlanadigan bayramni tushunmaslik lozim. Aslida navro’z forscha “yangi kun” degani bo’lib, sovuq qishdan ko’klam bahorga, misoli yangi va umidbaxsh kunlarga etilgani uchun yangi kunga qiyoslangan va shunday nom berilgan”.
“Xulosa qilib aytganda, Navro’z yasharish va yangilanish bayrami bo’lib, unda barcha birgalikda, xush kayfiyatda bahorni qarshi oladi va bir-birlariga ezgu tilaklarni ulashadilar. Bir so’z bilan aytganda, Navro’z birdamlik, ahllik bayrami bo’lish bilan birga, barchaga xayrli ishlarni yanada ko’proq amalga oshirish uchun yangidan-yangi kuch-g’ayrat bag’ishlaydi”, – deydi O’zbekiston musulmon idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.
Muftiy aytganidek, navro’z bayrami to’rt ming yildan beri nishonlanib kelinayotgan bo’lsa, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan biz musulmonlar uchun bu kunni bayram qilishlik joizmi?
Payg’ambarimiz Muhammad sallollahu alayhi va sallam Madina shahriga xijrat qilib kelganlarida madinaliklarning ikkita bayrami bor edi. Rasululloh sallollahu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar? – deb so’radilar. Madinaliklar: “Biz joxiliyat davrida bu kunlarda bayram qilar edik”, dedilar. Rosululloh “Alloh taolo sizlar uchun bu ikki kuningizni Qurbon va Ramazon bayramlariga alishtirdi”, – dedilar. (Abu Dovud: “Sunan”)
Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda, payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Har bir xalqning o’z bayrami bor. Bu kun – bizning bayramimizdir”, – deganlar.
Bundan tashqari, Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan alloma Mullo Ali Qori rahimahulloh “Fiqhul-akbar” kitobiga bitgan sharhlarida “Dindan chiqaradigan lafzlar va harakatlar” bobida: “Al-Xulosa”da keladiki, kimki navro’z kunida majusiyga tuxum hadya qilsa, kofir bo’ladi. Chunki bu ish mushrikning kufri va buzg’unchiligiga yordam berishdir yoki hadya qilish bilan ularga o’zini o’xshatishdir. Bundan navro’z kuni musulmonga biror narsa hadya qilsa kofir bo’lmaydi, degan xulosa kelib chiqadi. Ammo bunda ham mulohaza bor. Chunki o’xshashlik mavjuddir. Biroq, bu ish qasddan emas, tasodifan navro’z kuniga to’g’ri kelib qolsa, zarari yo’q. Kimki navro’z kuni kofirlar (bayram uchun) yig’iladigan erga chiqsa, kofir bo’ladi. Chunki bu kufrni e’lon qilishdir”, – deyilgan.
Alloma Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahulloh yangi yil bayrami bilan tabriklash va bu bayramda ishtirok etishning hukmi haqida so’ralgan edilar. U kishi bu savolga javob berib, jumladan shunday deganlar: “Kofirlarni yangi yil bayrami bilan yoki boshqa diniy bayramlari bilan tabriklash ixtilofsiz haromdir. Ibnul-Qayyim rahimahulloh “Ahkomu ahliz-zimma” kitoblarida zikr qiladilarki: “Kofirlikka xos bo’lgan shiorlarni tabriklash ixtilofsiz haromdir. Masalan, ularning bayramlari, ro’zalari bilan tabriklab, “sizga bayram muborak”, deb aytish yoki boshqa bir ko’rinishda tabriklash – agar o’sha so’zni aytuvchi odam kofirlikdan qutulib qolsa ham – harom ishlardandir. Bu o’sha kofirning xochga sajda qilishini tabriklash bilan barobardir”.
Bundan xulosa shuki, Islom dini kelgunga qadar nishonlangan bayramlar musulmonlarning bayramlari emas va bu o’rinda ota bobolardan qolgan urf-odatning hech qanday qiymati yo’q.
Qolaversa, Rasululloh sallollahu alayhi va sallam: “Kimda-kim o’zini biron qavmga ÿxshatsa, bas, u ham ulardan biridir”, deganlar. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Shu o’rinda bizlar ulamolar aytgan yo’lga ergashaveramiz, to’g’ri yoki noto’g’riligi uchun fatvo berganlar javob beraveradi deyishimiz ham xatodir.
Hotam Toiyning o’g’li Adiy Madinaga borganida, odamlar uning kelgani haqida gap tarqatishdi. U bo’yniga kumushdan yasalgan xoch taqqan holida Rasululloh sallollahu alayhi va sallamning huzurlariiga kiradi. Shunda u zot: “Ular Allohni qo’yib o’zlarining hibr va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni Robb tutdilar”, oyatini tilovat qilayotgan edilar. Shunda Adiy roziyallohu anhu: “Ularga hech ibodat qilishgani yo’q”, dedi. Payg’ambarimiz sallollahu alayhi va sallam: “Lekin ularga halolni harom qildilar va haromni halol qildilar, ular esa ergashdilar. Ana o’sha ularga ibodat qilishdir”, dedilar.
Bundan ko’rinib turibdiki, biror shaxs yoki narsani xudo deb e’tiqod qilish bilangina shirk bo’lmas ekan, balki hayotda shariatning ko’rsatmalarini qo’yib boshqaning ko’rsatmalarini olish bilan, jumladan halol-haromni ajratishda Allohning aytganidan boshqaning aytganiga yurish bilan ham shirk keltirish sodir bo’lar ekan. Shunday ekan bizlar diniy idora chiqargan har bir fatvoga ko’r-ko’rona ergashavermay ularni xatoga yo’l qo’yayotganlari va Allohning shariatiga qarshi borishga jur’at qilishayotganini aytishimiz, ularni muhosaba qilishimiz zarur bo’ladi. Chunki, Qiyomat kuni etakchilar o’z ahllari ustidan javob berishganidek, ergashuvchilar ham ular tomonidan yo’l qo’yilgan xatolarga sukut qilganliklari uchun javob beradi.
Abdurahmon Odilov
Hizb ut-Tahrir – Qirg’iziston matbuot bo’limi a’zosi