AQSh hukumati Suriyada terrorchi (Islomiy) guruhlarning Suriya hokimiyatini qo’lga kiritish tahlikasi borligi sababli Asad rejimining qulashini istamaydi. Bu haqida AQSh markaziy razvedka byurosining rahbari Jon Brennan ma’lum qildi.
“Qilishimiz kerak bo’lgan oxirgi ish ularni (Islomiy guruhlarni) Damashqqa yurishlariga yo’l qo’ymaslikdir. Hech birimiz, Rossiya ham, AQSh ham, koalitsiya davlatlari ham, mintaqa davlatlari ham Suriya rejimining qulashini istamaydi”, dedi Jon Brennan ochiqchasiga.
Brennan Nyu-York tashqi aloqalar kengashida qilgan nutqida AQSh hukumati agar Asad rejimi qulaydigan bo’lsa uning o’rnini kim egallashidan xavotirda ekanligini ochiqlab, “menimcha bu o’rinli xavotir”, dedi.
“Shu bois ham Suriya muxolifati safidagi radikal bo’lmagan (mo”tadil) guruhlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi”, deya qo’shimcha qildi u.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri ham Suriyada siyosiy o’zgaruvni vujudga keltirish uchun davlat prezidenti Bashar Asad bilan muzokara o’tkazishga majbur ekanligini bildirdi.
“Alal-oqibat muzokara olib borishga majburmiz. Jeneva 1 konferentsiyasi kontekstida har zamon muzokara olib borish niyatida bo’ldik”, dedi Kerri Amerikaning “CBS News” televizion kanaliga bergan intervyusida.
Jon Kerri Suriya inqirozini to’xtatishga qaratilgan diplomatik jarayonni yangidan jonlantirishning yo’llarini izlayotganini ma’lum qilar ekan, muzokaraga rozi qilish uchun Bashar Asadga bosim o’tkazishga to’g’ri kelishi mumkinligini ochiqladi.
“Asadning bu ishni qabul qilishi (muzokara stoliga o’tirishi) uchun harakat olib boryapmiz. Bu amalga oshishi uchun unga turli bosimlar o’tkazish kerak bo’lishi ham mumkin. Bu bosimlarni vujudga kelishiga imkon yaratadigan qadamlar haqida bosh qotirayotganimizni insonlarga aniq ifodalab berdik”, dedi.
Kerri Asad bilan o’tkaziladigan muzokara o’ta muhimligiga urg’u berdi. Unga ko’ra, Suriya masalasiga harbiy emas, siyosiy echim topish kerakligi borasida barcha taraf hamfikrdir.
Ta’kidlab o’tish joizki, shu vaqtgacha AQSh Suriyaning kelajagida Asad uchun o’rin yo’q degan pozitsiyani olg’a surib kelayotgan edi. Ammo endi Asad bilan muzokara o’tkazishga majbur ekanligini ochiqlamoqda.