“CA-NEWS” nashrining xabar qilishicha, Qirg’iziston prezidenti Alamzbek Atambaev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishdan oldin Moldova poytaxti Kishinyovga borgan. Qariyb to’rt soat davom etgan tashrifning maqsadi oshkor etilmadi.
OAVda tarqalgan xabarlarga qaraganda, Qirg’iziston rahbari Bishkekdan Moldova poytaxtiga 15 mart, yakshanba kuni soat o’n ikkilarda charter reysda kelgan. Bu erda Moldova Demokratik partiyasi raisining birinchi o’rinbosari Vlad Plaxotnyuk bilan uchrashgan. Shundan so’ng Sankt-Peterburgga yo’l olgan.
Prezident apparati tashqi siyosat bo’limining boshlig’i Sapar Isaqov hozir Almazbek Atambaevning Moldovaga norasmiy tashrifini izohlashning vaqti emasligini, ammo safar Qirg’izistoning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Turkiston:
Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sankt-Peterburgga borishdan oldin Moldova poytaxti Kishinyovga uyushtirgan norasmiy safari sirligicha qolmoqda.
Atabaev Moldova oligarxi Vlad Plaxotnyukga tegishli “Nobil eyr” kompaniyasining “Embraer legasi 650” samolyoti bilan borgani va faqat Plaxotnyuk bilan 4 soat davom etgan uchrashuvdan so’ng, boshqa rasmiylar bilan uchrashmay ortga qaytishi va Putin bilan uchrashishi ko’plab savollarni paydo qilmoqda.
Atambaev Moldovaga nima maqsadda borgan bo’lishi mumkin?
Birinchidan; 2014 yilning 30 noyabr kuni Moldovada bo’lib o’tgan parlament saylovlarida Yevropaga moyil bo’lgan partiyalar g’olib chiqqan va parlamentda hukumron koalitsiya tuzishga mavaffaq bo’lishgan edi. Shundan so’ng saylovlarda ishtirok etgan, biroq mag’lubiyatga uchragan rossiyaparast partiyalar saylov natijalarini tan olmagan va takroriy saylov o’tkazilishini talab qilib chiqishgan. Bu partiyalar Rossiya boshchiligida tashkil etilgan va 2015 yilning birinchi yanvaridan amal qila boshlagan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish tarafdori bo’lib hisoblanishar edi. Agar mana shu jihat hisobga olinadigan bo’lsa, Atambaev Moldovaga Putin topshirig’iga binoan o’rtamchilik vazifasini bajarish uchun borgan bo’lishi ehtimoli bor. Xuddi Nazarboev Ukraina masalasida vositachi vazifasini bajargani kabi.
Ikkinchidan; Ayrim xabarlarga ko’ra, Moldova oligarxi Plaxotnyukni Qirg’izistonda tog’-kon va qirg’iz pasportini tayyorlab berishda manfaatlari bor. Bunday sirli uchrashuvlar avvalgi prezidentlar Akaev va Bakiev hukumronligi davrida ham ko’p bora tashkillashtirilgan bo’lib, buni ortidan Qirg’iziston katta zarar ko’rgani ma’lum. Berezovskiy, Birshteyn, Levitin va boshqa oligarxlarning Qirg’izistonga uyushtirgan sirli tashriflar bunga misol bo’la oladi.