BMTning suriya masalasi bo’yicha xos vakili Steffan De Mistura Suriya mojarosining har qanday echimida davlat prezidenti Bashar Asadning o’rni bo’lishi lozimligini ta’kidladi. Mistura bu haqida Avstraliya tashqi ishlar vaziri Sebastyan Kurts bilan Venada tashkil qilgan mushtarak matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Hurriyat” gazetasi tarqatgan xabarga ko’ra, matbuot anjumanida jurnalistlar tarafidan Suriya masalasini hal qilishda Asadning o’rni haqida berilgan savolga BMT vakili “Asad xozir ham Suriyaning prezidenti hisoblanadi. Bu erda bir davlat mavjud. Shunga ko’ra, prezident Asad echimning bir bo’lagidir. Biz u bilan muhim masalalarni muhokama qilishni davom ettiramiz”, deb javob berdi.
Misturaga ko’ra, agar Suriyada bir echimga erishilmasa g’olib chiqadigan yagona taraf IShID bo’ladi. Avstraliya tashqi ishlar vaziri Sebastyan Kurts ham matbuot anjumanida Asadning do’st ham, sherik ham bo’la olmasligini bildirdi. Ammo Kurtsga ko’ra, IShIDga qarshi kurash uchun Asadga ehtiyoj bor.
Mistura Suriyadagi insoniy inqiroz nihoya topishi uchun siyosiy echim topish zarurligini ta’kidladi. Suriyadagi janglar qayg’uli nuqtaga etganligiga diqqat qaratgan BMT vakili bu janglardan eng ko’p jabr ko’rganlar oddiy xalq ekanligini ta’kidlab o’tdi.
“Barcha qiyinchiliklar ana o’shalarning boshiga tushmoqda. Suriya xalqini himoya qilishni unutmasligimiz kerak. 220 ming kishi o’ldirildi, 1 million kishi jarohat oldi. 4 million kishining hayoti xavf ostida. Bu insonlar jang to’xtatilishini istaydilar. Mening vazifam xalqaro hamjamiyat va mintaqa xavfsizligini ko’zlagan holda bir yo’l topishdir. Bu insonlarda umid uyg’otadigan bir formula topishga majburmiz”, dedi Mistura.
De Mistura bu gaplarini aytishidan ikki kun avval Suriyada prezident Bashar Asad, tashqi ishlar vaziri Valid Mualim va boshqa bir qancha davlat mas’ullari bilan uchrashuvlar o’tkazdi. 17 fevraldan e’tiboran BMT xavfsizlik kengashiga Suriya masalasi bo’yicha hisobot taqdim etishi kutilmoqda. BMT vakilining asosiy taklifi Halabda janglarni muzlatib insoniy yordam etkazishni boshlashdir.