“QazTAG”ning xabar qilishicha, NATO vakillari delegatsiyasi joriy yilning birinchi yarmida Ostonaga kelishni rejalashtirishmoqda.
“Joriy yilning birinchi yarmida biz Ostonada NATO vakillarini kutib olishni, shuningdek yilning ikkinchi yarmida qo’shma ommaviy tadbir o’tkazishni rejalayapmiz”, – dedi Estoniyaning Qozog’istondagi elchisi Yaan Reynxold.
Shuningdek Reynxold bo’lajak uchrashuvlarda tomonlar o’rtasida o’zaro ishonchga asoslangan muloqotlar bo’lib o’tishiga umid bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Qozog’iston NATOning Markaziy Osiyo mintaqasida xamkorlik, barqarorlik va tinchlikka da’vat qilish yo’lida faol hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Uning so’zlariga ko’ra, NATO va Qozog’istonning bo’lajak hamkorlikdagi faoliyati “Tinchlik uchun hamkorlik” dasturi doirasida bo’lib o’tadi. Bu o’rinda so’z, tinchlikparvar kuchlarni rivojlantirish va tajriba almashish haqida bormoqda.
“Ukrainadagi so’nggi voqealardan so’ng dunyo sezilarli darajada o’zgardi. Biz NATOning ahamiyatini hamkorlarimizga yanada samaraliroq tushintirib berish va etkazishga harakat qilmoqdamiz. NATOning faoliyati faqatgina harbiy hamkorlikka asoslanmasligini etkazish kerak. Jamiyatni NATOning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish uchun eng yaxshi vosita jamoatchilik diplomatiyasi hisoblanadi”, – dedi Reynxold.