Xitoy hukumati zoxirda o’zini Rossiya bilan hamkordek qilib ko’rsatishga intilsada, botinda Markaziy Osiyodan Rossiya nufuzini siqib chiqarishga qattiq intilayotgani ko’pchilik uchun sir bo’lmay qoldi.
Xitoy hukumati o’z maqsadini amalga oshirish uchun mazkur mintaqadagi davlatlarni iqtisodiy jihatdan qaram qilib olishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda Xitoy bilan yirik iqtisodiy loyihalar bo’yicha shartnoma tuzmagan birorta ham respubdika qolmadi. Bu yo’lda Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)dan ham foydalanishga harakat qilmoqda.
Aslida ShHT mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo’lsada, biroq so’ngi vaqtlarda bu tuzilma doirasida iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish masalasi ham tez-tez ko’tarilmoqda. Tabiiyki bu yangi loyiha tashabbuschisi Xitoy davlati bo’lmoqda. Bundan bir necha yil oldin ShHTga a’zo davlatlar taraqqiyot bankini tashkil etishga kelishib olishgan edi. Ammo Rossiya va Xitoy o’rtasida bank modeli yuzasidan qarama-qarshiliklar mavjudligi sababli bu loyihani amalga oshirishni imkoni bo’lmay kelayotgan edi.
Biroq, Qozog’iston poytaxti Ostona shahrida 14-15 dekabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bosh vazirlari kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Mazkur yig’ilishda tashkilotga a’zo davlatlar ShHT taraqqiyot bankini tashkil etish bo’yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olishgani va tegishli hujjatga hukumat rahbarlari imzo chekishgani xabar qilindi.
Ma’lum bo’lishicha, tashkil etiladigan bankning ustav jamg’armasi 10 milliard dollarni tashkil etib, tashkilotga a’zo davlatlar ulushi yalpi ichki maxsulot (YaIM) miqdoriga mutanosib tarzda taqsimlanadi. Asosiy moliyachi Xitoy davlati bo’lgani sababli xitoyliklar bankning Shtab-kvartirasi Pekinda bo’lishini taklif qilishdi.
Bundan tashqari Xitoy hukumati “Buyuk ipak yo’li”ni qayta tiklash uchun ustav jamg’armasi 40 milliard dollar bo’lgan fond va jamg’armasi 50 milliard dollarni tashkil etuvchi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankini tashkil etgan edi.
Mana shunday iqtisodiy loyihalardan foydalangan holda Xitoy hukumati Markaziy Osiyoda o’z nufuzini kengaytirib, Rossiya duch kelib turgan muammolardan unumli foydalanib qolishga intilmoqda.