AQSh mudofaa vaziri Chak Heygel IShIDga qarshi tuzilgan koalitsiya kuchlarining hujumlari Asad rejimiga foyda keltirganligini tan oldi. Haygel Pentagonda tashkil qilingan matbuot anjumanida jurnalistlarning savoliga javob berdi.
AQSh va u tuzgan koaltsiya Suriyaga uyushtirgan hujumlar borasida Asad rejimining pozitsiyasi haqida berilgan savolga “Ha, albatta Asad bundan ba’zi yutuqlarni qo’lga kiritadi. Ammo bu erda, dunyoning bu qismida barqarorlik va xavfsizlik o’rnatish uchun lozim bo’lgan uzoq muddatli strotegiya ustida gap ketmoqda”, deb javob berdi u.
Jurnalistlardan birining “Suriya siyosati borasida biroz tashvishga tushayotganingiz ochiq ko’rinib turipti. AQSh Asadga yana ham ko’proq bosim o’tkazishi uchun diplomatik yoki iktisodiy jihatdan agressiv siyosat olib borish haqida bosh qotiryaptimi?”, degan savoliga javob bergan Heygel bu borada turli variantlar ko’rib chiqilayotganini hamda bu chalkash va uzoq davom etadigan muammo ekanligini qayd etdi.
“AQShning Suriya rejimiga nisbatan dushmanona kayfiyatda bo’lish yoki bo’lmasligi haqidagi savolingizga kelsak, bu borada barcha variantlarni ko’rib chiqyapmiz. Shu sababli juda ko’p bahs munozaralar olib boryapmiz. Bu masalani hal qilish uchun O’rta Sharqda bir koalitsiya tashkil qilishda davom etmoqdamiz”, dedi Heygel.
“Nyu-York tayms” gazetasining yozishicha, Chak Heygel Obamaning milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Raysga ikki sahifadan iborat keskin tanqidiy maktub yo’llagan. Heygel maktubda Suriya siyosati tanazzulga yuz tutish tahlikasiga duch kelishidan ogohlantirgani aytiladi xabarda.
Yevropa matbuoti ham AQShning O’rta Sharqda olib borayotgan siyosatini o’zgartirayotgani haqida yozmoqda. Mavzuga doir xabar tarqatgan Germaniyaning “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasi AQSh bundan buyon Suriya muxolifatiga yordam bermasligi haqida yozdi.
“Amerika bundan buyon Suriyadagi jangchilarga yordam bermaydi. Endi Asadga qarshi janglarda ularni dastaklamaydi. Maqsad Asad rejimini qulatish emas. Bu reja yopildi”, deya yozdi gazeta.
Gazetaning yozishicha, Saudiya Arabistonidan ham bundan buyon Suriya ozod armiyasini dastaklamasligi talab qilingan. Aks holda mintaqada katta jang yuzaga kelishi va bu Isroilni ham o’z domiga tortishi mumkin. Shaxsan Barak Obama tarafidan tayinlangan Jon Allen ham bu fikrlarni tasdiqladi.
“Endi bu erda harbiy echim imkonsiz ekanligi ko’rinib qoldi. Bizning maqsadimiz ham muxolifatni kuchaytirib Shomni qutqarish emas. Maqsad Ozod Suriya armiyasi vakillarini Asad bilan birgalikda o’tkaziladigan uchrashuvlarga yubora olishdir. Aslida maqsadimiz Asadni hokimiyatdan qulatish emas”, dedi Allen.