Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev 5 sentyabr kuni Cho’lponota shahridagi qarorgohida MDH mamlakatlari Ichki ishlar vazirlari kengashi 42-yig’ilishi ishtirokchilari – Ichki ishlar vazirlarini qabul qildi.
Uchrashuvda prezident Atambaev Qirg’iziston jinoyatchilikka qarshi kurash va xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga alohida ahamiyat qaratishini aytdi.
“MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi tashkil etilganidan beri jiddiy ishlarni amalga oshirdi. Bizni tariximiz va huquq-tartibot organlarimiz o’rtasidagi mustahkam aloqalar bog’lab turadi. Ta’kidlab o’tmoqchimanki, Ichki ishlar vazirliklari faoliyati doirasidagi hamkorlik mamlakatlarimiz huquq-tartibot organlari o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda o’ziga xos o’rin tutadi”, – dedi Qirg’iziston rahbari.
Almazbek Atambaev xavfsizlikka doir masalalarda hamkorlikni, ma’lumot va tajriba almashishni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
“Zamonaviy dunyoda tahdidlar ortmoqda, ularning shakllari o’zgarmoqda. Yirik uyushgan jinoiy guruhlar faoliyat olib boradigan jinoiy muhit transmilliy xarakter kasb etdi va u chegara bilmaydi. Biz yangi tahdidlarga tayyor turishimiz kerak. Davlatlarimiz fuqarolarining hayoti va xavfsizligi ko’p jihatdan o’zaro hamkorlikning qay darajada yo’lga qo’yilgani bog’liq”, – dedi Atambaev.