Qirg’izistonda elektr taqchilligi tufayli 123 ming abonentning elektr isitgich tizimlari uzib qo’yiladi. Bu haqida energetika va sanoat vazirligi ma’lum qildi.
“123 ming abonentning elektr isitgich tizimlari noyabr oyidan boshlab besh oyga uzib qo’yiladi. Biz abonentlardan shunga qarab tayyorgarlik ko’rishlarini va boshqa isitgich moslamalariga o’tishlarini so’raymiz”, deya bayonot berdi Qirg’iziston energetika va sanoat vaziri Osmonbek Artikbaev matbuot anjumanida.
Elektr inqirozi sababli Qirg’iziston birinchi marta qo’shni mamlakatdan elektr energiyasini sotib ola boshladi. Energetika va sanoat vazirligi tarqatgan bayonotga ko’ra, 1600 000 kilovatt elektr energiya taqchilligini to’ldirish uchun Tojikistondan elektr energiyasi sotib olingan.
Sotib olingan miqdor elektr energiyasidagi taqchillikni qoplamasligini aytib o’tgan vazir Artikbaev “Bundan avval Qirg’iziston Qozog’istonga elektr energiyasini sotar edi. Endi esa o’zimiz Qozog’istondan sotib olyapmiz. Bu orada 128 million kilo vatt soat elektr energiyasini sotib oldik. Bundan tashqari yana 500 million kilo vatt soat elektr energiyasi sotib olamiz va keyingi yilda qaytarib beramiz”, deya qayd etdi.
Qirg’izistonda bir yilda ishlab chiqariladigan 14 milliard klovat elektr energiyasining 90%i gidroelektrostantsyasi orqali ishlab chiqariladi. Hukumat vakillarining bildirishicha, elektr energiyasining katta qismini ishlab chiqaradigan Toktogul elektrostantsiyasida suv zaxirasi kamayib ketgan. shu sababli 1 600 000 klovatt kam elektr energiya ishlab chiqarilmoqda. Iste’mol darajasi esa ishlab chiqarishdan ortiq.
Qirg’izistonda 17ta katta Gidroelektrostantsiya ishlab turishiga qaramay, xalqlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash hajmi kamayib bormoqda. Elektr energiyasi bo’yicha mutaxassis Rasul Umbetaliev hukumat tarafidan ko’rilayotgan choralarga qaramay, elektr inqirozi yana ikki-uch yil davom etishini bildirdi. Umbetalievga ko’ra, energetika vazirligining elektr isitish tizimlarini uzib qo’yishi va elektr narxlarini ko’tarishi bilan muammoni hal qila olmaydi.
“Bu yil qish oylarida mamlakatning shimoliy mintaqasida 35-40%, janubida esa 20-25% elektr taqchilligi yuzaga keladi. Oxirgi to’rt yil ichida suvdan noto’g’ri foydalanish mamlakatda elektr taqchilligiga sabab bo’ldi”, deydi mutaxassis.
Hukumatning suv kamayib ketishi sababli elektr taqchilligi yuzaga kelganligi haqidagi da’vosini rad qilgan Umbetaliev “Tabiiy suv ozaymaydi. Balki noto’g’ri ishlatiladi. Bu yil yoz mavsumida Toktogul suv omboridan 300 million kubometr suv Qozog’istonning janub mintaqasidagi dalalarni sug’orish uchun bekorga sarflandi. Suv hech qachon bekorga sarflanmasligi kerak”, deya ta’kidladi.