Prezident Islom Karimov 31 iyul kuni “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to’g’risida”gi farmonni imzoladi.
Mazkur farmonga asosan shu yilning 1 sentyabridan byudjet tashkilotlari xodimlarining maoshi, qariyalar pensiyasi, talabalar stipendiyasi va ijtimoiy nafaqalar miqdori o’rtacha hisobda 1,12 baravarga oshadi.
Jumladan, 1 sentyabrdan e’tiboran eng kam ish haqi oyiga 107 ming 635 so’mni, yoshga doir pensiyalar va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar miqdori oyiga kamida 210 ming 525 so’mni, zarur ish stajiga ega bo’lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga eng kamida 129 ming 180 so’mni tashkil etadi.
O’zbekistonda ish haqi va nafaqalar bir yilda kamida bir-ikki marta oshirilish (so’nggi bor o’tgan yilning dekabr oyida o’rtacha 5 foizga oshirilgandi) odat tusiga kirib qolgan. Rasmiy hukumat buni “Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida” amalga oshirayotganini da’vo qilsada, ammo buning ortidan amalda yo’q bo’lgan gaz, svet va kommunal to’lovlar haqini oshirib, xali fuqarolar o’z qo’liga olmagan ish haqi va nafaqalardan ushlab qoladi.
O’zbekiston hukumati ish haqini arzimagan miqdorda oshirish evaziga o’zining bo’shab qolgan byudjetini to’ldirishga harakat qiladi. Chunki, ish haqi oshirilishi ortidan fuqaro va tadbirkorlardan oladigan soliq miqdori ham oshadi.
“Soliqlar-2013. Global manzara” deb nomlangan tadqiqotda O’zbekiston dunyodagi 185 davlat orasida soliqlar yuqoriligi bo’yicha161-o’rinni egallagan.
Mutaxassislarga ko’ra, O’zbekistonda umumiy soliq stavkasi 98.5 foizni tashkil etadi. Shundan 0.9 foizi daromad solig’i, 28.2 foiz ijtimoiy soliq va 69.4 foizi boshqa turdagi soliqlardir.
Bu eng yuqori ko’rsatkich bo’lib, Sharqiy Ovro’po va Markaziy Osiyoda soliqlarning umumiy miqdori o’rtacha 41.3 foizni tashkil etadi. Qozog’istonda soliqlarni umumiy miqdori 28.6 foizni, Qirg’izistonda 68.9 foizni, Tojikistonda esa 85.9 foizni tashkil etadi.
Soliq miqdorini bunday yuqoriligi sababli yangi ochilayotgan korxonalarni aksari ochilmay turib o’z faoliyatini tugatmoqda. Hukumatning rasmiy ma’lumotiga ko’ra, 2012 yilning bir choragida 6 ming 668ta yangi korxona ish boshlagan bo’lsa, 4 ming 275 korxona o’z faoliyatini tugatgan.
O’zbekiston hukumati bo’lsa aholi farovonligi “oshayotganligi” va “yangi ish o’rinlari barpo etilayotgani” haqida lof urishdan charchamaydi. Agar O’zbekistonda haqiqatdan ham aholi turmush darajasi oshayotgan bo’lsa bu Rossiyada yurgan millionlab “dangasalar” jo’natayotgan pullar evaziga bo’lmoqda, chunki “aholi daromadi va turmush darajasini” oshiradigan ish haqi va nafaqalar oylab o’z egalari qo’liga etib bormaydi.