2013 yil 20 noyabr kuni Qirg’iziston bosh prokurori Aida Salyanova tomonidan Jogorku Keneshining deputati, parlamentning sobiq spikeri Axmatbek Keldibekovga nisbatan QR jinoyat kodeksining 303. 1.q (korruptsiya), 304. 4.q (mansab vakolatini suyiiste’mol qilish) moddalari asosida jinoiy ish ochilgan va DMXQsining tergov izolyatoriga joylashtirilgan edi. Bosh prokuratura da’vosiga ko’ra, Keldibekov davlatga 40 million som moddiy zarar etkazgan.
2014 yil 26 may kuni Bishkek shahar Oktyabrsk tuman sudi Keldibekovga nisbatan qamoq chorasini yana bir oyga uzaytirish to’g’risida qaror chiqardi. Mazkur qarordan bir kun o’tib 27 mayda Keldibekov tarafdorlari O’sh- Ergashtom avtoyo’lini to’sib qo’yishdi va Axmatbek Keldibekovga nisbatan qo’llanilgan ehtiyot chorasini uy qamog’iga almashtirishni talab qilishdi. Rasmiy hukumat ularning talabiga hech qanday munosabat bildirmagach, norozilar o’z talablari qatoriga Qirg’iziston Bosh prokurori Aida Salyanovani istefoga ketishini ham qo’shishdi. Mana qaryib yigirma kundan beri mazkur yo’l to’siqligicha qolmoqda.
5 iyun kuni Alay tuman prokuraturasi yo’l to’sishlarni noqonuniy deb hisoblash uchun tuman sudiga murojaat qildi va tuman sudi 6 iyun kuni prokuratura taklifini ma’qullab qaror chiqardi, biroq shunga qaramay norozilar yo’lni ochishmadi. O’sh viloyati gubernatori So’ronboy Jiyanbekov va O’sh viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig’i Suyunbek Umurzaqov 9 iyun kuni Keldibekov tarafdorlari bilan uchrashish uchun Gulcha qishlog’iga borishdi, ammo hech qanday natijaga erishishmadi. O’sh viloyati IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, avtotrassani to’sib qo’yilgan qismidagi bo’z uylar soni 19taga etgan. Yo’l to’sib qo’yilgani sababli 200dan ziyod yuk mashinalari to’planib qolgan. “Ulardan 139tasi “Ergashtom” bojxona postida, yana 80ta yuk mashina to’silgan yo’lga yaqin hududda turipti”.
Rasmiy xabarlarga ko’ra, yo’l to’siqligi sababli davlatga 100 million somdan ziyod moddiy zarar etgani, yo’l to’siqligi sababli o’z yuklarini vaqtida etkazib kela olmagan savdogarlar etkazilgan moddiy zararni qoplab berishni so’rab hukumatga arz qilishgani va Chong Alay tumaning Darotqo’rg’on va So’piqo’rg’on qishloq aholisiga pensiya pullarini etkazib bera olmayotgani aytilmoqda.
Hukumatga o’z kuchini ko’rsatib qo’ymoqchi bo’layotgan muxolifat odamlarni pul va oziq-ovqat evaziga yo’lni to’sib turishga undayotgan bo’lsa, rasmiy hukumat esa norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirish 2005 va 2010 yillarda sodir bo’lgan hokimiyat to’ntarishiga olib kelganini yaxshi bilgani sababli bu safar norozilarga nisbatan kuch qo’llashdan saqlanib turipti va turli xil xabarlar, gap-so’zlar orqali odamlarni o’zaro qarshi qo’yishga hamda odamlarning o’zi “antimiting” o’tkazib yo’lni ochib tashlashlarini kutmoqda.
Hokimiyat, mansab va obro’ uchun kurashayotgan siyosatchilar esa xalq manfaati va hayoti ustida o’z o’yinlarini davom ettirmoqdalar.