Isroil tashqi ishlar vaziri Avigdor Leberman Isroil va Turkiya aloqalarini yaqin kunlar ichida yaxshilanishiga umid bildirdi. 2010 yil Isroil harbiylari Moviy Marmara kemasiga hujum uyushtirib turk fuqarolarini o’ldirishi ortidan Turkiya bilan Isroil o’rtasida sovuqlik yuzaga kelgan edi.
Isroil tashqi ishlar vazirining bu istagi oxirgi haftalarda Turkiya mas’ullarining Isroil bilan aloqalarini yaxshilanishiga doir bergan bayonotlari ortidan yangradi. Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdug’on o’tgan kunlarda Movi Marmara hodisasida yahudiylar tarafidan o’ldirilgan kishilarning oila a’zolariga tovon puli berilishi mavzusida Isroil hukumati bilan bitim tuzganiga doir bayonot bilan chiqish qilgan edi.
2010 yil Movi Marmara hodisasi yuz berishi ortidan aynan mana shu Avigdor Leberman o’ldirilgan musulmonlarning oilasiga tovon puli to’lash uyoqda tursin, hatto kechirim so’rashdan ham bosh tortgan edi.
O’shanda tish tirnog’igacha qurollangan Isroil askarlari qurolsiz yo’lovchilardan o’zlarini himoya qilganliklari da’vosi olg’a surilar ekan, “Turkiyadan uzr so’rash niyatimiz yo’q” degan edi Liberman ochiq suratda.
Biroq bugunga kelib, Isroil matbuotining xabar qilishicha, Avigdor Leberman Movi Marmara kemasiga uyushtirilgan hujum tufayli sovuqlashgan aloqalarni qayta tiklash uchun juda ko’p sabablar borligini ta’kidlar ekan, shu bois yaqin kunlarda aloqalarni yaxshilash zamoni kelishiga umid bildirdi.