Rossiyasiz uchrashuv

446
0

01

G7 davlatlarining rahbarlari Qirimda yuz berayotgan siyosiy vaziyat sababli Rossiyani aralashtirmay bir yig’ilish tashkil qildi. Niderlandiya mezbonlik qilgan Gaaga yadroviy xavfsizlik yig’ilishining birinchi kunida diqqat e’tibor Ukraina hodisalariga qaratildi.

Qirimda yuzaga kelgan vaziyat va Rossiyaga qaratilgan embargo ustida bahs munozara yuritilgan G7 yig’ilishida AQSh, Angliya, Fantsiya, Germaniya, Kanada, Italiya va Yaponiya rahbarlari ishtirok etdi. Yevropa ittifoqi nomidan Xerman van Rompey va Joze Manuel Barrozu yig’ilishga qatnashdi.

Yig’ilishdan so’ng berilgan mushtarak bayonotda Qirimda o’tkazilgan referendum va Rossiyaning Qirimni qo’shib olishi noqonuniy ekanligi ta’kidlanib Rossiya hukumatining tutgan pozitsiyasi tanqid ostiga olindi.

Rossiya ham ishtirok etishi ko’zda tutilgan Sochida o’tkazilishi rejalashtirilgan G8 uchrashuvi bekor qilinishi haqida kelishib olindi. Rahbarlar G7 davlatlarining iyun oyida Bryusselda to’planishi haqida qaror qabul qilishdi.

Britaniya bosh vaziri Kameron va Germaniya bosh vaziri Merkel Sochida o’tkazilishi rejalashtirilgan G8 uchrashuvi uchun kerakli siyosiy zamin endilikda mavjud emasligini bildirib, bu yig’ilishning o’tkazilmasligini ma’lum qilishdi. Oq uy ham Rossiya tarafidan Ukrainada halqaro qonunlarni buzilishi davom etar ekan, Moskvaning G8ga qo’shilmasligini urg’ulagan edi.

G7 uchrashuvida Rosssiyadan vakil sifatida qatnashgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G8 uchrashuvi bekor qilinishi Rossiya uchun muammo tug’dirmasligini bildirdi. Lavrov bergan matbuot bayonotida “G8 biz uchun a’zoligi bo’lmagan norasmiy bir klubdir”, dedi.

Ukrainada hukumat almashgandan buyon Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainalik hamkasbi bilan ilk bor Gaagada uchrashdi. Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlarining uchrashuviga aloqador ma’lumot ochiqlanmadi. Bu uchrashuv Ukraina hukumati almashgandan keyin o’tkazilgan eng yuqori darajali uchrashuv bo’lganligi aytilmoqda. Gaagada kelgan Ukraina vakili Rossiyani rus harbiylarini ortga qaytarishga va Qirim masalasini tinchlik bilan hal qilishga chaqirdi.

Lavrov Gaagada AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan ham uchrashdi ammo bu uchrashuvning ham tafsiloti ochiqlanmadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.