Savolga javob
Sudan janubidagi hodisalar ortida nimalar turibdi?
Savol:
Efiopiya tashqi ishlar vaziri Adxanom Sudan janubi hukumati vakillari va Riek Machar tarafdorlaridan iborat muzokara yurituvchi delegatsiya tinchlik so’zlashuvlarini olib borish uchun 2014 yil 1 yanvarda Addis Abebaga kelishini e’lon qildi. U: «Men Bo’rda janglarning davom etayotgani bu so’zlashuvlar boshlanishiga to’sqinlik qilishi ehtimolidan xavotirdaman» dedi. U erdagi janglarda hali u tomon, hali bu tomonning qo’li baland kelyapti. Sudan janubi 2013 yil 15 dekabrdan boshlab qattiq janglarni boshidan kechiryapti, ularning fuqarolik urushiga aylanib ketishidan xavotirlik bildirilyapti. Bu janglar Salva Kiir o’zining o’rinbosari Macharni o’ziga qarshi to’ntarish yasashga urinishda ayblaganidan keyin boshlanib ketdi…
Savol shuki, bularning barchasi ortida nimalar turibdi? Ularning shu mintaqa ustida Amerika bilan Yevropa o’rtasidagi mustamlakachilik raqobatlashuviga aloqasi bormi? Yoki u mahalliy qabilachilik raqobatlashuvimi?
Javob: Bunga javob berish uchun mahalliy voqelikni va unga aloqador narsalarni so’ngra xalqaro pozitsiyalar va ularga tegishli ishlarni ko’rib chiqish lozim.
1 – Hammaga ma’lumki, Sudan janubini ajratib tashlashga va u erda bir davlatga asos solishga boshchilik qilgan Amerikadir. Bu Amerika 1983 yilda Sudan Ozodlik Xalq harakati nomli separatchilik harakatini paydo qilganidan keyin yuz berdi. Bu harakatga Amerika malayi Jon Garang boshchilik qildi. Amerika shu orqali barcha isyonchilarni o’z izmiga solib ularni bitta harakatga aylantirishga harakat qildi. Bu masalaning bir tomoni. Boshqa tomondan esa Amerika 1989 yilda Umar Bashir va uning to’dasini hokimiyatga olib keldi, o’zining bu mamlakatdagi nufuzini mustahkamlash va shundan keyin janubni ajratib tashlash g’oyasini amalga oshirish uchun shunday qildi. Shunday ham bo’ldi. Sudan shimoli va janubida Amerika nufuzi mustahkam o’rnashdi. Shunga qaramay Yevropa, ayniqsa inglizlar o’zlarining Sudandagi ilgarigi nufuzlari sababli va u erda malaylari borligi uchun imkon tug’ilishi bilanoq tinimsiz aralashishga urindi. Yevropaning maqsadi Sudanda o’z nufuzini qayta tiklash yoki loaqal u erdagi ozgina nufuz bilan bo’lsa ham Amerikaga sherik bo’lish edi.
2 – Shunisi ham ma’lumki, ajratib tashlash g’oyasini Amerikadan oldin Britaniya birinchi bo’lib ko’tarib chiqqan edi. Britaniya Sudanni bo’lib tashlash nag’masini 1955 yildan boshlab «xirgoyi» qila boshlagan edi… 1983 yil Amerika Garang harakatini paydo qilgan paytda esa, Britaniya bu harakatda o’zining odamlari ham bo’lishiga urindi. Riek Machar o’sha paytda Britaniyada sanoat muhandisligi va strategik rejalashtirish bo’yicha o’qiyotgan edi. Machar bu harakat ta’sis etilishi bilanoq unga qo’shilish uchun Sudanga qaytdi. U bilan bu harakatning o’sha paytdagi etakchisi Jon Garang o’rtasida kurash va janglar ro’y berdi. Shundan keyin u 1991 yilda bu harakatdan ajralib chiqdi. Jon Garang Riek Macharni inglizlarga malaylikda ayblar edi. Macharning ingliz xotini Emma Makkuin ingliz yordam tashkiloti niqobi ostida ish olib borar edi. Jon Garang uni ham ingliz razvedkasiga xizmat qilishda ayblar edi. Shuning uchun u o’zi bilan Machar o’rtasida borgan urushni Emma urushi deb atadi. Emma 1993 yil Nayrobida mashina urib yuborishi hodisasida o’ldirildi. Machar Garang harakatidan yiroqda Sudanni bir-biridan ajratib tashlash borasida o’ziga yo’l ochishga va separatchilik harakatini tuzishga, ayniqsa 1997 yilda urindi. Bu paytga kelib u alohida mustaqil separatchi taraf sifatida Umar Bashir bilan so’zlashuvlarni boshlagan edi. Lekin u bunda muvaffaqiyat qozonolmadi. Aksincha Garang boshchiligidagi xalq harakati ko’zga ko’ringan ta’sirli taraf bo’lib qolaverdi. Shuning uchun Machar inglizlar undovi bilan bu harakatga qaytishga urindi. Uning qabilasi «Nuer» salmoqli ta’sirga ega bo’lgani sababli Amerika uning harakatga qaytishiga rozilik berdi. Holbuki Amerika uning voqesini yaxshi bilardi. Amerika uni o’z izmiga solish va Garang qo’mondonligi ostida ushlab turish uchun uning qaytishiga rozi bo’lishni Garangga uqtirdi. Chunki Amerika uning ortida Janubdagi ikkinchi eng katta qabila turgani sababli uning salmoqqa egaligini bilardi. Shunga qaramay Machar bilan Garang o’rtasida harakat ichkarisida kelishmovchiliklar davom etdi. Bu kelishmovchiliklar Garang uni harakatdagi ikkinchi kishi qilib tayinlamay uning o’rniga Salva Kiirni tayinlagan paytda yuzaga chiqdi. Holbuki Salva Kiir martaba jihatidan harakatda undan quyiroq turardi.
3 – Oxirgi janglar poytaxtdan boshqa mintaqalarga ham yoyilib Jongley markazi Bo’r shahriga va Sharqiy Ekvator viloyati markazi Toritga qadar cho’zildi. Reyter 2013 yil 18 dekabrda Janubiy Sudan armiyasi rasmiy vakilining armiya Bo’r shahri ustidan nazoratni yo’qotdi, deb ta’kidlab aytgan so’zlarini keltirdi. Keyinchalik armiya bu shaharni qaytarib oldi. Shundan keyin 2014 yil 1 yanvarda axborot agentliklari xabar tarqatgandek Machar kuchlari bu shaharga qaytib uning ko’p qismini egallab oldi. Bundan ozgina oldin axborot agentliklari Machar kuchlarining Salva Kiir armiyasi chekinganidan keyin bu shahar ustidan o’z nazoratini o’rnatgani haqida xabar tarqatgan edi.
Janubiy Sudan hukumati 2013 yil 26 dekabrda isyonchilarning ba’zi neft quduqlarini egallab olishganini va yuqori Nil viloyati markazi Malakalning yarmi ustidan o’z nazoratlarini o’rnatishganini tan oldi. Yuqori Nil viloyati neft qazib olinadigan eng asosiy viloyatdir. Ayni paytda Janubiy Sudan prezidenti rasmiy vakili o’zlarining kuchlari Macharga tarafdor isyonchilarning shaharning qolgan qismi ustidan o’z nazoratlarini o’rnatishlariga yo’l qo’ymaslik uchun jang olib borayotganini bildirdi. Janglar ajralib chiqqan davlatning yarmigacha, ya’ni aslida mavjud o’n viloyatdan beshtasini qamrab oldi. Ular Jongley, Vahdat, Markaziy Ekvator, Yuqori Nil, Sharqiy Ekvatorlardir. Bu esa ishlar uzoq ko’lamga etib borganiga dalolat qiladi. Chunki isyonchi kuchlar shaharlar va mintaqalarni egallab olmoqda, ularni qo’ldan boy berganidan keyin esa ularni qaytarib olishga urinmoqda. Bularning barchasi ishlar osonlik bilan nihoyasiga etmasligi mumkinligini ko’rsatib turibdi. Shuning uchun BMT bosh sekretari janglar shiddatli tus olganidan uch kun keyin «Sudan janubidagi vaziyat borasida chuqur tashvish his qilayotganini» bildirib: «Bu siyosiy krizisdir, u o’ziga nisbatan tezlik bilan siyosiy dialog orqali munosabatda bo’lishni talab qiladi, bu erda zo’ravonlikning boshqa viloyatlarga yoyilishi mumkinligidan xavotirlar bor, biz buning alomatlarini allaqachon ko’rdik» dedi. (VVS 2013 yil 18 dekabr).
4 – Bu yurtda nufuz egasi Amerikaning bu hodisalarga nisbatan pozitsiyasi qattiq tashvish bildirish va vaziyatni nazorat qilish uchun tezlik bilan harakat qilish bo’ldi:
a) Amerika prezidenti Obama kongressga maktub yo’llab unda o’zining vaziyatni kuzatib borayotganini bildirib: «Men fuqarolar, mol-mulklar, jumladan Sudan janubidagi elchixonamizni himoya qilish choralarini ko’raman», dedi. (AFP 2013 yil 23 dekabr). To’rt Amerika askari 2013 yil 21 dekabrda Bo’r aerodromi yaqinida o’zlarining samolyotlariga qarata o’t ochilishi sababli yaralandi. Amerika prezidenti Obama o’zining maktubida: «Bu askarlar 46 askardan iborat harbiy kontingent tarkibida bo’lib, ular amerikaliklarni Sudan janubidan ko’chirishda ishtirok etish uchun CV-22 rusumli samolyotda kelishgan edi», deb izoh berdi. (Reyter 2013 yil 20 dekabr). Obama: «Oxirgi janglar Sudan janubini o’tmishdagi zulmatli kunlarga qaytish girdobiga tortish tahdidini tug’dirmoqda» deb «Bu yurt kelajagi bugun xatarda» deb ta’kidladi. U qo’shimcha qilib: «Qo’shma Shtatlar Jubaning mustahkam sherigi bo’lib qolaveradi» dedi. (VVS 2013 yil 20 dekabr).
b) Obama milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays va boshqa yirik yordamchilar bilan uchrashganidan keyin Oq uy bayonot chiqarib «Harbiy kuchni ishga solish orqali hokimiyatni egallab olishga bo’lgan har qanday urinish Qo’shma Shtatlar va xalqaro jamoatchilik tomonidan uzoq vaqtdan beri ko’rsatib kelinayotgan yordamni to’xtatib qo’yish oqibatiga olib kelishi mumkin», deb bildirdi. Bayonotda aytilishicha, «Obama Sudan janubi rahbarlari bizning amerikalik xodimlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sarflayotgan harakatlarimizni qo’llab-quvvatlashlari lozim, deb ta’kidladi va bu nizo faqat tinch yo’l va muzokaralar orqaligina hal qilinishi mumkinligini ko’rsatib o’tdi». (Assoshieyted Press 2013 yil 22 dekabr).
v) Kerri o’zining maxsus vakili Donald Butni Sudan janubiga yuborar ekan, bunday dedi: «Sudan janubi rahbarlarining o’zlariga bo’ysunadigan qurolli bo’linmalarni nazoratga olishlari, tinch fuqarolarga hujum qilishlardan darhol tiyilishlari va turli etnik va siyosiy guruhlar o’rtasidagi zo’ravonlik to’lqiniga chek qo’yishlari vaqti keldi». U yana bunday dedi: «Men prezident Kiir bilan bog’lanib undan barcha janubiy sudanliklar prezidenti sifatida Sudan fuqarolarini himoya qilishini va o’zaro sulhga kelishga harakat qilishini talab qildim». (Frans-24 2013 yil 21 dekabr). Amerika tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Jennifer Psaki bunday dedi: «Tashqi ishlar vaziri Jon Kerri aniq qilib zo’ravonlikning davom etishi Sudan janubi mustaqillikka erishgan davrda qo’lga kiritilgan yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkinligini aytdi». (VVS va Assoshieyted Press 2013 yil 22 dekabr).
g) Amerika vakili Donald But Salva Kiir bilan uchrashib u bilan «Sudan janubini vayron qilayotgan zo’ravonlikni to’xtatishga oid qator tadbir-choralarni» muhokama qildi. But: «Salva Kiir Riek Machar bilan o’zining bu hamkasbi belgilaydigan yaqinroq vaqt ichida oldindan hech qanday shartlar qo’ymasdan so’zlashuvlarni boshlashga tayyor» deb bildirdi. (Nemis agentligi DPA 2013 yil 24 dekabr). But izoh berib o’zining Xalq harakatining Jubada qamoqda yotgan 11 a’zosi bilan uchrashganini aytdi va ana shu shaxslarning tinch-omon ekanini, ularga yaxshi muomala qilinayotganini ta’kidladi.
d) Agentlik Amerika mudofaa vaziridan «Qo’shma Shtatlar talab qilingan paytda yordamlar ko’rsatishga tayyor turish uchun Ispaniyadan Jibutigacha kuchlarni harakatga keltirgani»ni naql qildi.
e) Amerika malaylarining Sudan janubi borasidagi pozitsiyalari Salva Kiir tomonida turish bo’ldi, ayniqsa Uganda, Efiopiya va BMT shunday pozitsiyani egalladi:
– Uganda prezidenti Yoveri Museveni o’zining mamlakati Janubiy Sudan davlatidagi krizisni tinch yo’l bilan hal qilishga erishishga oid «IGAD» mexanizmlarini qo’llab-quvvatlayajagini bildirdi. Museveni agar vitse prezident Riek Machar bu mexanizmlarni rad etadigan bo’lsa uni ta’qib qilish bilan tahdid qildi. (Al-Jazira.net 2013 yil 30 dekabr). Ugandaning «New Vision» gazetasi 2013 yil 20 dekabr kuni yozishicha, ugandalik askarlar tartibsizliklarni boshidan kechirayotgan poytaxtda tinchlik o’rnatish maqsadida Jubada Janubiy Sudan hukumati talabiga javoban joylashtirildi. Gazetaning yozishicha, Uganda maxsus kuchlarining birinchi bo’linmasi aeroportda tinchlik o’rnatishga hissa qo’shdi va oxirgi kunlarda Janubiy Sudan armiyasidagi bir-biri bilan raqobatlashayotgan bo’linmalar o’rtasidagi qarama-qarshiliklardan keyin Jubadan ugandalik fuqarolarni ko’chirishda yordam berdi. (Al-Jazira 2013 yil 21 dekabr).
– Efiopiya tashqi ishlar vaziri Adxanom – u IGAD delegatsiyasiga boshchilik qilmoqda – Efiopiyada muzokaralar o’tkazilishiga qattiq qiziqish bildirib, Salva Kiirni davlat boshlig’i, Macharni esa isyonchilardan yoki bo’linib ajralib chiqqanlardan biri deb atadi! Bularning barchasi muzokaralarni Salva Kiir foydasiga qilib qo’yadi.
– Amerika birinchi darajada harakatga keltiradigan BMT esa, uning Xavfsizlik Kengashi Janubiy Sudandagi xalqaro tinchlik saqlovchi kuchlar sonini ikki barobar, ya’ni 6 mingdan 12500ga ko’paytirish to’g’risida qaror chiqardi. Bu esa bu ishlarga jiddiy qaralayotganiga dalolat qiladi. Masalan BMTning Jubadagi vakilasi Xilda Jenson 2013 yil 25 dekabrda bu mamlakatda bo’layotgan voqealar hokimiyat uchun kurash ekanini, uni millatchilik asosidagi jang deb e’tibor qilish mumkin emasligini aytib, taraflarning bu krizisga oid foydali echimlarni topish uchun muzokara stoliga o’tirishlari zarur ekanligini ta’kidladi. (Reyter 2013 yil 25 dekabr). U BMT o’z ustavining VII bandiga muvofiq tinch fuqarolarni himoya qilish uchun kuch ishlatish yo’liga o’tishi mumkinligini aytib tahdid ham qildi.
Bularning barchasi bu hodisalar Amerika foydasiga bo’lmasligini ko’rsatib turibdi. Chunki bu hodisalar Amerikaning shu mintaqadagi nufuziga zarar etkazadi va amerikalik askarlar hayotiga tahdid tug’dirdi. Shuning uchun ham Amerika eng oliy darajalarda harakatga keldi va Janubiy Sudanga berilayotgan yordamlarni to’xtatib qo’yish bilan tahdid qildi. Chunki Sudan janubining ajratib tashlagani Amerikaning Obama davrida erishgan eng muhim yutuqlaridan biri bo’ldi. Shuning uchun Amerika o’zi Obama davrida Sudan janubida paydo qilgan narsasini qisqa vaqtdan keyin boy berishni istamaydi. Demak bu erda Amerika erishgan narsaga jiddiy tahdid tug’ildi. Amerika Umar Bashir rejimi tomonidan qilingan ulkan xiyonatlar evaziga bu mintaqada o’z nufuzini o’rnatishga erishdi. Amerika buni hatto orzu ham qilmagan edi. Umar Bashir rejimi qilgan bu ulkan xiyonat natijasida Amerika o’zining janubni Sudandan ajratib tashlab uni o’z nufuzi ostiga kiritish va mustamlakaga aylantirish to’g’risidagi mustamlakachilik loyihasini amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi.
Bunga qo’shimcha o’laroq, Amerikaning malaylari va BMTning hozirgina aytib o’tgan pozitsiyalari ham Kiirni qo’llashga moyil bo’lgan va muzokara o’tkazish uchun Macharga bosim o’tkazishga jon-jahdi bilan harakat qilayotgan yoki kuch ishlatish va VII band bilan tahdid qilayotgan pozitsiyalardir.
5 – Yevropa pozitsiyasiga kelsak, Yevropa axborot vositalari, ayniqsa frantsuz va ingliz axborot vositalarining Riek Macharga ahamiyat qaratib u bilan muloqotlar o’tkazishga zo’r bergani, uning avvalgi kunlardan boshlab qilgan ishlariga qattiq urg’u bergani kuzatildi. Bu axborot vositalari Machar bilan Salva Kiir hukumati o’rtasida bo’layotgan janglarni zo’r berib etnik yoki qabilachilik asosida bo’layotgan janglar qilib tasvirladi, evropaliklar kurashni avj oldirib undan Amerikaga qarshi o’zlarining manfaatlari yo’lida foydalanish uchun shunday qilishdi. Chunki Amerika evropaliklar ta’sirini o’ta yiroqlashtirib ishlar jilovini o’z qo’liga olishga muvaffaq bo’ldi, hodisalarni sun’iy ravishda keltirib chiqarishda ularga hech qanday rol bermadi, kelishuvlarni tuzishda va Sudanda ajralib chiqqan sun’iy davlatchani paydo qilishda ularni ishtirok ettirmadi:
a) VVS 2013 yil 18 dekabrda Machar bilan muloqot o’tkazdi. U muloqotda bunday dedi: «Poytaxt Jubada avj olgan zo’ravonlik amaliyotlari bo’yicha javobgarlik bevosita Salva Kiir zimmasiga tushadi, men uni o’z hukumatining barbod bo’lganini yashirishga urinib meni to’ntarish yasashga urinishda ayblagani bilan ayblayman». U Kiirni «qabilachilik va etnik zo’ravonlikka gijgijlash»da ayblab «Bu erda hech qanday to’ntarishga urinish bo’lgani yo’q, janglar jumhuriyat gvardiyasi harbiylari o’rtasidagi kurash sababli kelib chiqdi» deb qo’shimcha qildi. VVS bu mamlakatdagi keskinlik Janubiy Sudan prezidenti Salva Kiir o’zining o’rinbosari Riek Macharni iyul oyida iste’foga chiqarganidan boshlab kuchayganini qo’shimcha qildi. Reyter 2013 yil 26 dekabrda Machar bilan bo’lgan muloqotdagi uning quyidagi so’zlarini keltirdi: «Men muzokaralardagi pozitsiyamni yaxshilash uchun kuchim etgan ishni qilaman».
b) Frantsuz xalqaro radiosi ham 2013 yil 19 dekabrda Riek Machar bilan muloqot o’tkazdi. Unda Riek bunday dedi: «Men hukmron siyosiy partiya Sudan Ozodlik Xalq harakatini va uning harbiy qanoti (mamlakat qurolli kuchlari xalq armiyasi)ni Salva Kiirni mamlakat boshchisi mansabidan ag’darib tashlashga chaqiraman». U yana bunday dedi: «U agar muzokara o’tkazilishini istasa biz faqat uning hokimiyatdan ketishi shartlari asosidagina muzokara olib borishga rozi bo’lamiz, lekin u ketishi kerak, chunki u xalqimiz birligini saqlab qolishga qodir emas, ayniqsa u odamlarni qasddan pashshadek qirib tashlash yo’lini tutayotgan ekan va etnik urushni alanga oldirishga urinayotgan ekan bunga qodir emas». U bu gaplarni Salva Kiir unga kecha taklif qilgan muzokaralarni rad etish uchun aytdi. Frans Interneshnl 2013 yil 25 dekabrda Macharning ushbu so’zlarini keltirdi: «Ha, biz bahslar olib borishga tayyormiz, shu maqsadda men o’z delegatsiyamni tuzdim». Amerika axborot vositalari Riek Macharga ataylab e’tibor bermayotgan bir paytda Yevropa axborot vositalarining Riek Macharga bunchalik ahamiyat berishi evropaliklarning unga va u qilgan ishlarga ijobiy nazar bilan qarashayotganiga dalolat qiladi.
v) Yevropa axborot vositalarining harakatiga qo’shimcha ravishda Britaniya ham o’zining Keniyadagi malaylari orqali harakatga kirishdi. Chunki Keniya prezidenti Uxuru Kenyatta 2013 yil 26 dekabrda prezident Salva Kiir bilan so’zlashuvlar yuritish uchun Janubiy Sudanga keldi. U vositachilik qilish uchun Salva Kiir bilan uchrashganidan keyin bunday dedi: «Janubiy Sudan yosh davlat, u o’zini rivojlanish programmasidan uzoqlashtiradigan barcha narsani tark etishi, donolik bilan ish yuritishi, begunoh odamlarning qurbon bo’lishini to’xtatishi lozim». (Reyter 2013 yil 26 dekabr). Demak u Salva Kiirga ishora qilib, uni zimdan ayblayapti. Bu Keniya Salva Kiirga qarshi va Riek Machar foydasiga pozitsiyani bildirayotganini ko’rsatib turibdi. Bu esa Britaniya pozitsiyasi ifodasidir. Keniyalik rasmiylar – ular Sharqiy Afrika mamlakatlari vazirlaridan iborat vositachilar guruhi a’zolaridir – Janubiy Sudan hukumati kuchlarini va Machar tarafdorlari bo’lgan isyonchilarni bir betaraf mamlakat erida muzokaralarni boshlashga chaqirishganini aytishdi. Keniya rasmiy vakili Karnja Kibcho jurnalistlarga bunday deb qo’shimcha qildi: «Biz muzokaralar echimdir, deb bilamiz, Keniya buni Nayrobida ilgari siljitishga yordam ko’rsatishga tayyor». U yana bunday dedi: «Ikkala tomon muzokaralarga rozi bo’lgan bo’lsa-da, lekin ular o’tkaziladigan vaqt va joy hamon noaniq qolmoqda, chunki har bir tomon g’oyatda qattiq pozitsiyalarni egallamoqda». (DPA 2013 yil 24 dekabr). Bu bilan inglizlar Keniya orqali ta’sirli rol o’ynamoqchi bo’lishyapti. Chunki o’shanda ular yana Janubiy Sudanga qaytish imkoniga ega bo’lishadi.
6 – Bu ko’rib chiqishdan keyin quyidagilar ayon bo’ladi:
a) Biz kuchliroq deb sanaydigan ehtimol shuki, Machar va uning tarafdorlarini Britaniya avrab qiziqtirib harakatga keltirgan bo’lishi mumkin. Chunki ularni Britaniya bilan bog’lab turadigan aloqalar bor. Britaniya Janubiy Sudanda ta’sirli rol o’ynash uchun u erga qaytishga harakat qilyapti. Chunki o’shanda Britaniya Janubiy Sudanda o’z nufuzini qayta o’rnatish imkoniga ega bo’ladi. Bu esa Macharning xatti-harakatlari Amerikani ko’p tashvishga solganini ta’kidlab turibdi. Shuning uchun Amerika vaziyatni nazorat qilish uchun birinchi kundanoq tezlik bilan eng oliy darajalarda harakat qildi, agar boshqaruv o’zgarib, uni inqilobchilar yoki isyonchilar egallab olishadigan bo’lsa janubga ko’rsatilayotgan yordamlarni to’xtatib qo’yish bilan tahdid qildi. Axborot agentliklari xabar tarqatganidek Machar nazoratidagi mintaqalarda Amerika samolyotiga qarshi o’t ochilib bir necha askarlari yaralandi.. Shunday qilib Amerika ishlar jilovini o’z qo’lida ushlab qolish imkoniga ega bo’lish uchun BMT kuchlari sonini ikki barobar ko’paytirdi.
b) Bunday ayon bo’ladiki, bu masala hokimiyat talashib Amerika malaylari o’rtasida bo’layotgan kurash emas. Aksincha u – eng kuchli ehtimolga ko’ra – turli ikki mustamlakachi taraf malaylari o’rtasidagi kurashdir. Agar u bitta mustamlakachiga tobe bo’lgan malaylar o’rtasidagi kurash bo’lganida edi, ish bunchalik darajaga etmagan bo’lardi. Ma’lumki Amerika Sudan janubida paydo bo’lganiga endigina ikki yarim yil bo’lgan davlatni qurishga harakat qilmoqda. Janubning ajratib tashlangani Obama prezidentlikka kelganidan buyon qo’lga kiritgan eng katta yutuqlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun Amerika o’zining mana shu mustamlakachilik loyihasi xuddi shu Obama davrida barbod bo’lishini istamaydi.
v) Salva Kiirning Amerikaga sodiq malay ekani mulohaza qilinishi kerak. Shuning uchun Amerika kelgusi saylovlarda uni yana nomzod qilib ko’rsatishni va uning hokimiyatini kuchaytirishni istaydi. Shuning uchun ham Salva Kiirning prezident mansabiga zo’r berib intilayotgan barcha kimsalarni yiroqlatganini ma’qulladi. Ular Salva Kiir bilan ancha davrdan beri kelisholmay kelayotgan kimsalardir. Ularning boshida Riek Machar turibdi. Amerika ularning Sudan Ozodlik Xalq harakati tarkibiga kirishlariga ularni o’z izmiga solib o’z nazorati ostida tutish maqsadida rozi bo’lgan edi. Chunki ular turli harakatlar tarkibida qolaveradigan bo’lishsa, u holda Amerikaga itoat etmaydigan ana shu harakatlar Amerika bilan raqobatlashayotgan Yevropa davlatlarining, ayniqsa Britaniyaning suqulib kirib kelishi uchun bir tuynuk bo’lib qolardi. Binobarin bu Amerika loyihalariga to’siq qo’yilishga sabab bo’lardi…
g) Britaniya o’zining bu harakatida muvaffaqiyatga erishib, Salva Kiirni ag’darib tashlashi va Amerika o’rnini egallab olishi ehtimoli kuchli emas. Chunki Amerika tezlik bilan harakat qildi va Britaniyaning harakatini barbod qilish uchun o’zining butun nufuzini ishga soldi. Bundan tashqari Amerika malaylari: Uganda, Efiopiya, BMT… bu masala bo’yicha e’tiborni tortadigan darajada ish olib bordi. Masalan IGAD delegatsiyasi boshlig’i, Efiopiya tashqi ishlar vaziri ikkala taraf muzokara olib borishni qabul qilganini bildirdi. Bu esa hukumat «palla»si og’ir kelayotganini anglatadi. Chunki muzokara hukumat bilan unga qarshi chiqayotganlar – ular «isyonchilar» deb atashayotganlar – o’rtasida bo’lar ekan bu hukumat «pallasi» og’ir kelayotganini anglatadi.
d) Yevropa, ayniqsa Britaniya Machar harakatini va uning qabilasini hokimiyatni bo’lishib olishga erishishga undashda bor kuchini sarflab urinmoqda… Bu urinishning muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ko’p emas. Chunki bu urinishni Kiir al-Jazira bilan oldinroq bo’lgan muloqotda «Macharni isyoni uchun mukofotlash kerak emas, uning mamlakatdagi hokimiyatni bo’lib olishga haqqi yo’q» deb rad qildi. (Al-Jazira 2014 yil 1 yanvar). Bundan tashqari Amerika va uning malaylari Kiirni qo’llab-quvvatlashga o’ta ahamiyat berishmoqda.
Shuning uchun, demak Janubiy Sudan hukumatining Amerika chizib bergan reja bo’yicha davom etishi kutiladi. Faqat hukumat bunda Macharni rozi qilish uslubini qo’llaydi. Chunki uning qabilasi Nuer salmoqli nufuzga ega. Shu bilan birga kul ostida lovillagan cho’g’ saqlanib qolaveradi, u havodagi har qanday uchqun sababli alanga olib ketishi mumkin. Zero mintaqalar ustidan nufuz talashayotgan mustamlakachilarning o’zaro kurashi shunday ahvolga olib keladi.
29 safar 1435h
1 yanvar 2014m