Mustamlakachi G’arb davlatlari yordami va qo’llovi bilan islomiy Xalifalik davlati qulatilgach, er yuzida Allohning hukumlarini tatbiq qiluvchi birorta ham davlat qolmadi. Buning o’rniga insonlarga va xususan musulmonlarga insonlar tomonidan o’ylab topilgan va ishlab chiqilgan dustur va qonunlar tatbiq qilib kelinmoqda.
Shunday dustur (konustitutsiya)lardan biri bo’lgan va faqatgina Karimov va uni atrofidagi bir xovuch amaldorlar manfaati uchungina ishlaydigan 8 dekabr O’zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan kun, O’zbekistonda “keng” nishonlanmoqda.
Mazkur “bayram” munosabati bilan o’tgan “tantanali” yig’ilishda O’zbekistonning eng katta kazzobi bo’lgan prezident uzundan-uzun nutq so’zladi. Tili boshqayu dili boshqa bo’lgan munofiq o’z so’zini har doimgidek “Qadrli do’stlar! Avvalo, mana shu hashamatli va betakror binoda siz, azizlarim bilan ko’rishganimdan xursand bo’lganimni, o’zimning chuqur hurmatim va mehrimni bildirish – men uchun katta baxt, desam, qalbimda, yuragimda bo’lgan gapni aytgan bo’laman” –deya boshladi.
Aslida esa uni qalbi va yuragi O’zbekiston xalqi va xususan musulmonlarga nisbatan xasad va adovatga to’ladir va u o’zbek xalqini qanchali ko’proq xorlasa, iqtisodiy qiyinchiliklar botqog’iga qanchalik ko’roq botirib, bir burda non topish ilinjida chet o’lkalarda sarson sargardon qilsa, ularni boshlarini ko’tarishlariga yo’l qo’ymay, siyosiy bosim ostida ko’proq va uzoqroq ushlasa mana shu uning uchun katta baxtdir.
O’z so’zini davom ettirar ekan u, “Faqatgina biz tanlagan bosqichma-bosqich, tadrijiy rivojlanish yo’li xalqimiz ko’zlagan ezgu niyatlarga erishishga, zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan davlat, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo’lgan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan jamiyat barpo etishga olib kelishi muqarrar. Buni hayotimizning o’zi bugun isbotlab bermoqda”, – dedi.
O’zi bu demokratik tuzum asli asosidan botil bo’lsada, biroq Karimov olib barayotgan mustabid siyosat natijasida uni yanada buzuqligi namoyon bo’lmoqda. Chunki O’zbekistonda inson manfaatlari va haq-huquqlari to’la ta’minlanishi haqida hech qanday gap bo’lishi mumkin emas. Bugungi kunda zolim qamoqxonalarida o’n besh-yigirma yillardan buyon nohaqdan qamoqqa tashlanib, qamoq jazosini o’tayotgan minglab diniy va siyosiy mahbuslarni bo’lishligi va xatto yuzlab mahkumlarni o’lgunga qadar azoblanishi, ustilaridan qaynab turgan suv quyilishi, nomuslariga tajovuz qilinishi “inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat bo’lgan, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda” sodir bo’lmoqda.
Bu safargi nutqida ham prezident avvalgilardan farqsiz ravishda xayoliy va faqatgina qog’ozlarda mavjud bo’lgan raqamlarga alohida to’xtalib, “O’tgan 22 yillik mustaqil taraqqiyotimiz davomida mamlakatimiz erishayotgan natija va marralar haqidagi ko’rsatkichlar yurtimizda bo’layotgan mislsiz o’zgarishlar to’g’risida aniq tasavvur beradi.
Ana shu davrda O’zbekiston iqtisodiyoti 4,1 barobar o’sdi. Agarki mamlakatimiz aholisi ayni shu davrda qariyb 9,7 millionga ko’payib, bugungi kunda 30 million 500 mingga yaqin kishini tashkil etayotganini hisobga oladigan bo’lsak, aholi jon boshiga nisbatan o’sish 3 barobardan ziyodni tashkil etishi bizning naqadar ulkan taraqqiyot yo’lini bosib o’tganimizdan dalolat beradi.
Jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning jiddiy ta’siriga qaramasdan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining yillik o’sishi 2008-2013 yillarda 8 foizdan oshdi, 2014 yilda esa bu ko’rsatkich 8,1 foizni tashkil etadi. Bunday o’sish sur’atlarini kamdan-kam davlatlarda kuzatish mumkin”, – deb “aravani quruq olib qochdi”.
Karimov qaerda nutq so’zlamasin, har doim jahon miqiyosida davom etayotgan iqtisodiy inqirozning O’zbekistonga ta’sir qilmaganini gapirib o’tadi. Bu davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz O’zbekistonga ta’sir etishi uchun zavod va fabrikalar ishlab turgan, O’zbekiston fuqarolari o’z yurtida ish va oylik maosh bilan ta’minlangan bo’lishlari zarur. Shundoq ham O’zbekistonda zavod va fabrikalar to’xtab yotgan bo’lsa, millionlab fuqarolar Rossiya va boshqa davlatlarda ko’cha supurib, qaro ishlarda ishlab “dangasalik qilib, O’zbekistonga dog’ tushirishayotgan” bo’lishsa, xatto eng daromadli bo’lgan neftni qayta ishlovchi zavodlarda ham odamlar bir necha oylab ish haqilarini olishmayotgan bo’lsa, bu inqirozni O’zbekistonga yana qanday ta’siri bo’lishi mumkin. O’zbekistonda aholi daromadini oshishi va turmush darajasini ko’tarilishi aynan mana shu “dangasalar” jo’natayotgan mablag’lar evaziga bo’lmoqda.
O’z so’zini davom ettirgan kazzob, “Bugun bir fikrni hech ikkilanmasdan, to’la ishonch bilan aytishimiz mumkin: O’zbekiston tarixan qisqa muddatda iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, asosan paxta xomashyosi etkazib berishga moslashgan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan qoloq respublikadan tez sur’atlar bilan o’sib borayotgan zamonaviy sanoat tarmog’iga ega bo’lgan, jadal taraqqiy etayotgan mamlakatga aylandi. Buning yaqqol tasdig’i – mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 1990 yildagi 14,2 foiz o’rniga bugungi kunda 24,3 foizni tashkil etgani, ayni paytda qishloq xo’jaligining ulushi esa 34 foizdan 17 foizga kamayganidir”, – dedi.
Aslida esa so’ngi yillarda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan paxta terish mavsumi boshlanishi bilan O’zbekistonda shifokordan tortib bemorgacha, o’qituvchidan tortib talabagacha, erkagu ayol, yoshu qari barcha fuqaro paxtakorga aylanadi. Ular “o’z ixtiyorlari bilan” hasharga chiqib, o’z hisoblaridan oziq-ovqat olib, yo’lkira qilib va yotoq uchun uy ijaraga olib, o’lar-qolariga qaramay paxta terishga majbur qilinadilar. Bu yilgi paxta terish mavsumi ham avvalgi yillardagidek qurbonliksiz bo’lmadi. Ozodlik radiosi xabar qilganidek Paxta-2013 qurbonlari soni 7 nafarga etdi.
O’zbekiston fuqarolariga, ayniqsa ayollarga nisbatan “g’amxo’r” bo’lgan prezident, “Tug’ruq yoshidagi 7 million ayol hamda 7 million 300 ming nafar bola tibbiy ko’rikdan o’tkazildi, 195 ming nafar yolg’iz qariyalar, nogiron va pensionerlarga malakali tibbiy yordam ko’rsatildi”, -deb o’z nutqini davom ettirdi.
Karimov tug’ruq yoshidagi ayollar “yosh umrlarini bola boqib o’tkazmasinlar” deb, ayollarni aldov va tahdid yo’llari bilan oshkora va maxfiy ravishda sterilizatsiya (bichib qo’yish) qilish haqida norasmiy ko’rsatma berdi. Ma’lum bo’lgan hisobotlarga ko’ra, so’ngi uch yil mobaynida 80000dan ziyod yosh ayollarni bachadon yo’llari tikib qo’yilgan. Bu yo’l orqali Islom va musulmonlarga nisbatan e’tiqodiy dushman bo’lgan Karimov, Islom Ummati ko’payishini oldini olishga harakat qilmoqda.
Maqtanishni va o’zini maqtashlarini hush ko’radigan prezident, “Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yashayotgan har uchta oilaning bittasi shaxsiy engil avtomobilga ega. Yurtimizdagi har 100 ta oilaga o’rtacha 80 ta xolodilnik, 146 ta televizor to’g’ri kelmoqda. Bu esa ba’zi oilalarda ikki-uchtadan televizor borligini ko’rsatadi. Shuningdek, aholining kir yuvish mashinasi, pilesos, mikroto’lqinli pechlar, shaxsiy kompyuter va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanish darajasi ortib bormoqda.
Respublikamizda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19 million nafarni tashkil etib, har bir oilaga o’rtacha 3 ta uyali telefon to’g’ri kelmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda internet abonentlari soni o’tgan yilga nisbatan 18,3 foizga o’sib, hozirgi paytda 7 million 100 ming nafarni tashkil etishini” iftixor bilan qo’shimcha qildi.
Ammo o’tirganlar ichida “xurmatli prezident uchta xonadonga bitta shaxsiy mashina to’g’ri kelgani bilan, undan foydalanish uchun anqoni urug’i darajasiga etgan benzinni qaerdan olamiz, televizor, kir yuvish mashinasi, pilesos va boshqa narsalar bo’lgani bilan ulardan foydalanish uchun svet bo’lmasa, bulardan nima naf, xatto telefonni quvvatlantirish imkoni yo’qligidan tokchada turib chang bosib ketyapti. Internet abonentlari oshgani bilan kompyuterdan foydalanish uchun sovuq uylarda qo’llarimiz qovushga kelmayotgan bo’lsa hamda siz ruxsat bergan rasmiy saytlardan boshqasiga kiraolmasak bundan nima foyda?” deydigan birorta “mard” topilmadi.
Prezident esa o’zi keltirgan xisobotlardan o’zi zavq olib, 30 milliondan ziyod xalqni o’z nog’orasiga o’ynatishga muvaffaq bo’layotganidan g’ururlanib, yig’ilganlarni guldiros qarsaklari ostida minbarni tark etdi.