Rossiya Tojikistondagi bazasini qayta jihozlaydi

473
0

00

Tojikiston-Rossiya kelishuviga ko’ra, mamlakatda yana 40 yilga qoldirilgan rus harbiy bazasi keyingi yillarda modernizatsiya qilinib, uning salohiyati yanada oshiriladi. Shartnomani Tojikiston parlamenti shu yil kuzda ratifikatsiya qilgan. Obektni qayta jihozlash rejasi tuzilgan.

Sho’rolar davrida Afg’oniston bilan chegarani qo’riqlagan 201-diviziya hozir Rossiyaning chet eldagi eng yirik harbiy bazasi hisoblanadi. Tojikistonda, shuningdek, ruslarning “Okno” – deb ataluvchi kosmik nazorat stantsiyasi ham bor. Mahalliy ekspertlarga ko’ra, bular Rossiyaga nafaqat Markaziy Osiyo, balki Hind okeanigacha bo’lgan masofani nazorat qilib turishga va ta’sir doirasida ushlab turishga imkon yaratadi.

Tojik eksperti Abdujabbor Yo’ldoshev bazaning qayta jihozlanishi Rossiyaning ayni regionda o’z salohiyatini kuchaytirishga intilishdan darak berishini aytadi. Uning fikricha, Rossiya Markaziy Osiyoni qo’ldan bermaslik siyosatini olib bormoqda.

“Tojikistondagi bazani kuchaytirish, zamonaviy qurollar bilan jihozlash, bu erda o’qitish va mashg’ulotlar o’tkazishni zamonaviy uslubga etkazish tadbirlari faqat bir narsani ko’zlaydi: birinchi galda, qulay geostrategik plasdarmni qo’ldan bermaslik bo’lsa, ikkinchidan, Afg’onistondan G’arb kuchlari chiqqanidan so’ng janubiy chegaraga kutilgan xavf-xatar oldini olish”, – deydi u.

Rus tahlilchisi, Moskva Oliy iqtisod maktabi o’qituvchisi Andrey Suzdalsev Tojikistondagi siyosiy vaziyatga baho berarkan, mamlakatning ba’zi rayonlarida haligacha markaziy hukumat nazorati to’la o’rnatilmaganini qayd etib, rus harbiy salohiyatini yanada kuchaytirishga sha’ma qiladi. Uning fikricha, agar Afg’onistonda yirik siyosiy-harbiy o’zgarishlar bo’lib qolsa, undan ta’sirlangan Tojikistondagi ichki oppozitsiya, albatta, bo’y ko’rsatishi shubhasiz.

“Afg’onistondagi qarama-qarshi kuchlar o’zlari bilan ovora bo’lsalar-da, biz hamma narsaga tayor bo’lishimiz zarur”, deydi Suzdalsev. “Albatta, Tojikiston sharoitni yaxshilash uchun qandaydir o’z amaliy harakatlarini qiladi, buni tushunamiz. Lekin bu kichik va kuchsiz armiyasi bo’lgan, bir talay ijtimoiy-iqtisodiy ichki muammolarga to’la ojiz davlat. Shunday ekan, ko’rinishicha bunda biz o’zimiz eplashimiz kerak. Biz ularga, ya’ni Tojikistonga tayanmasligimiz kerak, ularga tayansak umidlarimiz barbod bo’ladi”, – deydi u.

Mahalliy bir zobitning fikricha, aksincha mumkin qadar rus bazasidan xalos bo’lgan maqbul. “Bu baza Tojikiston xalqiga emas, mavjud tuzum va sistemaga kerak, menga qolsa oson bo’lmasa ham, ularni uzog’i bilan 5-10 yilda chiqartirib yuborar edim”, deydi u.

Ekspert Yo’ldoshevga ko’ra, Rossiya hukumati mintaqada ta’sir doirasini kengaytirishda Tojikiston bilan chegaralanib qolmaydi.

“Rossiya yana Qirg’izistonning O’sh viloyatida yana bir bazani joylashtirish istagida. Xitoy ham bu masalada betaraf emas, ular ham Markaziy Osiyo o’z nazoratida bo’lishini istashadi. Uyg’urlar o’lkasida potensial nizo o’chog’iga ega Xitoy Rossiyaning mintaqada harbiy salohiyati oshishida o’ziga xos bir bufer zonani ko’radi. Ba’zi xitoylik ekspertlar fikricha, Rossiyaning Farg’ona vodiysida askar saqlashi Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida ekstremistik harakatlar oldini oluvchi omil bo’lishi mumkin, u erda yashirin norozilik ancha baland”, – deydi u.

Turkiston:

Aslida Rossiyaning o’zi ham Tojikistondagi bazasini ushlab turishdan mamnun emas.

Vaziyat taqazosi uni majburlab turibdi. Vaziyat esa, bazaning chiqib ketishi yoki jihozlarni yangilanmasa, Tojikistonni AQShning harbiy texnikasini umumiy modrnizatsiya (tubdan yangilash) qilib berish taklifiga rozi bo’lishiga yo’l ochib beradi. Bu taklif AQSh tomonidan O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’istonlarga ilgari surilgan edi. Shundan keyin Rossiya Qirg’izistonga 1.1 milliard, Tojikistonni 4000000 dollorlik harbiy texnik yordam ko’rsatishga va’da berdi.

Tojikiston Rossiya uchun har tomonlama qulay mustamlaka bo’lishi bilan birga, Qozog’iston singari strotegik qolqon vazifasini ham bajaradi. Rossiya NATOning mintaqani tashlab ketishidan keyingi muammolarni shu mintaqada to’xtatib qolishni rejalagan. Chunki O’rta Osiyodan keyingi navbat Rossiyaning parchalanishiga keladi. Shuning uchun Rossiya bizlarni musulmon birodarlarimizdan qutqarishni emas, balki o’zini bizlarning mintaqada bizlarning mablag’ va jismoniy shaxslarimiz bilan urushni shu erga ko’chirmoqchi. Aslida bu bizlarning emas, balki ustimizdagi mustamlakachi davlatlarimizning bir birlari o’rtalaridagi urush.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.