Joriy yilning o’tgan to’qqiz oyi mobaynida Rossiyaning Lukoyl kompaniyasi O’zbekiston hududida tabiiy gazni geologiya-qidiruv ishlarini o’tkazish va qazib olishga 444 million dollar mablag’ yotqizgan. Bu esa o’tgan yilning shu vaqtiga solishtirganda 32.5 foizga oshgan.
Moliyaviy harajatlar ayniqsa joriy yilning uchinchi choragida ko’payib, o’tgan yilga nisbatan 89 milliondan 185 million dollarga o’sgan. O’tayotgan yilning oxiriga qadar kompaniya O’zbekistonda o’zining ikkita loyihasini amalga oshirish uchun jami 678.5 million dollar yotqizish niyatida.
Lukoyl O’zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini o’tkazish va qazib olish uchun 2011-2012 yillarda 477 million dollardan mablag’ sarflagan edi. O’tgan yilning natijalariga ko’ra kompaniya O’zbekistonda 4 milliard 257 million metr kub gaz qazib olgan bo’lsa, bu yil 4.4 milliard metr kub gaz qazib olishni ko’zlamoqda. Keyinchalik gaz qazib olishni ko’paytirib, 2014 yili 5.2 va 2015 yilga borib esa 8.2 milliard metr kub gaz qazib olishni rejalashtirmoqda.
Lukoyl kompaniyasi O’zbekiston bilan hamkorligini 2004 yilda yo’lga qo’ygan hamda maxsulotlarni taqsimlash bo’yicha 35 yilga mo’ljallangan shartnamo imzolagan. 2004 yildan buyon Lukoyl kompaniyasining O’zbekistonga yotqizgan sarmoyasi 2.5 milliard dollardan oshib ketdi.
Bulardan tashqari O’zbekiston hukumati “Gazprom”, “KNOC”, “ Kogaz ” (Koreya), “ Petronas Sarigali Overseas” (Malayziya) kompaniyalari bilan ham hamkorlik qilib keladi.
O’zbekiston hukumati horijiy kompaniyalar bilan tuzgan shartnomasiga muvofiq qazib olingan gazni ular bilan bo’lishib, qolganini Xitoy va qo’shni respublikalarga jaxon narxida sotib, o’z xalqini esa gazsiz qo’ymoqda.
O’zbekiston “mustaqillikka” erishgan yillarining boshida barcha erlarda gazlashtirish siyosatini olib bordi. Eng chekka hududlarda ham – garchi gaz etib bormasada – gaz quvurlari tortilib, televideniya va matbuot orqali bu ishlarni ommaga ko’z-ko’z qilgan edi.
Bugungi kunga kelib esa qishloq hududida yashovchi o’n minglab xonadonlar gaz etib bormaslik baxonasi bilan gaz quvurlari kesib tashlanib, ko’mir va suyultirilgan gaz bilan isitishga moslashtirilmoqda.
O’zbekiston xalqi esa garchi 21 asrda yashayotganiga qaramay svet va gazsiz, ko’mir va tezak yoqib kun kechirmoqdalar. Hokimiyat vakillari esa xuddi bu narsa tabiiy holdek hech uyalmay, “biz aholiga tezak va ko’mirilarni tayyorlaylar” deb aytganmiz deyishmoqda.