Kislovodsk shahri imomi Qurman Baycharov geroin saqlashlikda gumonlanib qo’lga olindi, bu haqda RIA Novosti 21 oktyabr kuni xabar tarqatdi.
Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo’yicha IIV boshqarmasining matbuot xizmatida jurnalistlarga, Baychorovdan to’rt gramm geroin topilganini, qon tahlili imomni o’zi ham shu giyohvand moddadan iste’mol qilishini ko’rsatib turganligini hamda Boycharov aybiga iqror bo’lgan va qilmishidan afsusdaligini, aytishgan.
Shahardagi musulmonlar diniy tashkiloti matbuot xizmatining o’zini tanishtirmagan vakili jurnalistlarga, “Imom Baychorov haqiqatdan ham giyohvand modda saqlashlikda ayblanib qamoqqa olindi, boshqa tafsilotlar yo’q”,- dedi.
Ummagazine nashrini qayd etishicha, qo’lga olingan Baychorov Kislovodsk shahar ma’muriyati bilan ziddiyatga borib yurar edi. Nashrning ma’lumotiga ko’ra, shahar ma’muriyatiga yangi qurilgan masjidni baland minorasi yoqmas edi. Ular uni buzib tashlash to’g’risida qaror chiqarishgan, ammo imom sudda bu qarorga e’tiroz bildirib, yutib chiqqan edi.
Avvalroq IslamNews nashri, Kislovodskda bir emas, ikkita masjidni buzib tashlash masalasi sud tartibida ko’rib chiqilayotganini xabar qilgan edi. Bu masjidlardan biri Belorechensk shaharchasida, boshqasi esa Industriya shaharchasida joylashgan.
“Kommersant’” gazetasini xabariga ko’ra, bevosita qo’lga olinishidan oldin Baychorov aroq va giyohvand moddalarni haromligi haqida ma’ruza qilgan edi. Karachaevo-Cherkessiya muftiysi Ismoil xoji Berdiev (o’tmishda Baychorov uni yordamchisi bo’lgan) jurnalistlarga, “Baychorovni giyohvand moddalarni saqlash va iste’mol qilishda ayblash safsatadan boshqa narsa emas, men uni yaxshi bilaman, u Allohning so’zlariga qat’iy amal qiluvchi haqiqiy musulmon”, – dedi.
“Kafkaz uzeli” nashrini ma’lumotiga ko’ra, Baychorov diniy ta’limni Istanbulda olgan, shundan so’ng Kislovodsk shahar imomi bo’lgan, keyinchalik Karachaevo-Cherkessiya muftiysi o’rinbosari vazifasiga o’tkazilgan. 2013 yildan boshlab esa Kislovodsk shahri markaziy masjidi va bir nechta boshqa masjidlarda imom hatib vazifasini bajarib kelgan, shuningdek Stavropol o’lkasining muftiy o’rinbosari hisoblanadi.