Amerikaliklar: La’natlar bo’lsin bunday siyosatga

478
0

815214

AQSh kongressi byudjet borasida kelisha olishmaganligi sababli federal hukumat o’z ishini to’xtatishga majbur bo’ldi. Hozirda federal hukumatning katta qismi yopiq.

Obama televidenie orqali Kongressda federal davlat bujetining tasdiqlanmaganligi sababli davlat organlari ishini to’xtatganligini e’lon qildi va kongressni budjet loyihasini qabul qilish vazifasini bajarmaganlikda aybladi.

“Davlatga zarur mablag’ni vaqtida ajratish Kongressning asosiy vazifasi. Buni uddalay olmagan organ ishonchli organ emas”,- dedi Obama.

Xabarlarga ko’ra, Obama bir soatdan ortiq vaqt davomida AQSh Senati va Kongressidagi yuqori martabali vakillar bilan suhbat olib borgan, ammo kerakli natijaga erisha olmagan.

Budjet tasdiqlanmaganligining asosiy sababi shuki, respublikachilar prezident Obamaning sog’liqni saqlash borasidagi islohot dasturining bekor qilinishini talab qilmoqda. “Sog’liqni saqlash tizimini o’zgartiruvchi va har bir shaxsdan tibbiy sug’urta talab qiluvchi dastur, xalq ravnaqi uchun ham, iqtisodiy taraqqiyot uchun ham xizmat qilmaydi” deydi konservatorlar.

Kongressning har ikkala palatasi ham yangi moliyaviy yil uchun zarur bo’lgan qonunni tasdiqlay olmaganligi sababli mablag’siz qolgan hukumat ishni to’xtatishga majbur. Poytaxt Vashington huvillab qolgan, chunki idoralar bo’sh. Bir milionga yaqin xizmatchi majburiy, bepul ta’tilda. Eng zarur deb hisoblangan soha va idoralarda cheklangan ko’lamda ish davom etmoqda. Lekin bu mehnatkashlarning oyligi qachon to’lanadi, bu ham byudjet qabul qilinishi yoki qilinmasligiga bog’liq. Majburiy bepul ta’tildan ko’pchilik, ayniqsa oilali odamlar norozi.

Federal hukumat faoliyatining to’xtatilishi 800 ming davlat ishchisiga oylik to’lashdan ojiz qolganligini anglatadi. Bu kuniga AQSh byudjetiga 300 million dollar zarar keltiradi.

Xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar faoliyati to’xtamagan, lekin hukumat bilan aloqa qila olmaydi, chunki davlat moliya tizimi yopiq. “Qonunchilar byudjetni o’z vaqtida ma’qullamay bir-biriga tosh o’tib o’tirgani – sharmandalik.

Amerika hukumati nafaqat dunyoga balki o’z xalqiga ham sharmanda hozir. Hukumat ishlamasa, mamlakatda hayot qiyinlashadi. Nahotki Kongress shunchalik tubanlikka borsa?”, deydi iqtisodiy tahlilchi Josh Bivens.

Amerika bo’ylab, omma har ikkala partiyadan birdek norozi. Siyosiy nayranglarga berilib, xalq dardini ro’kach qilib, aslida uning manfaatlarini tahdid ostiga qo’yayotgan tizimga la’natlar bo’lsin, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan amerikaliklar.

Turizm eng ko’p daromad keltiradigan sohalardan biri. Lekin muzeylar va istirohat bog’lari yopiq. Hatto fontanlar o’chirilgan. Masalan Nyu-Yorkda “Ozodlik” haykali joylashgan kichik orolga qulf osilgan. “Amerika jamiyati birdam ekani bilan faxrlanib kelgan. Bugungi manzara buning aksini ko’rsatmoqda. Kongressdagi vakillar, xalq saylagan qonunchilar, murosa yo’lini izlamay mana nimaga olib kelishdi. La’natlar bo’lsin bunday siyosatga”,- deydi Vashington markazida bolalarini etaklab ketayotgan bir ona.

Kongress oldida namoyishchilar to’planib, siyosatchilarni vijdonsiz, irodasiz va mas’uliyatsiz, deya tanqid qilmoqda. Ekspertlar tahlilicha, byudjet ikki hafta ichida ma’qullanmasa, iqtisodiyotga kuchli zarba bo’ladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.