Asad Armiyasi sharqiy G’utada musulmonlarga qarshi kimyoviy qurolni ishga solaganligi da’vo qilinmoqda. Hujum oqibatida o’lganlarning soni 1300 etdi. http://www.youtube.com/watch?v=vOjKn7WrcRU
O’lkadagi faollarning bildirishicha, hujum erta tongda, aholi uxlab yotganda amalga oshirilgan.
Suriya muxolifati Asad rejimining butun dunyo ko’z o’ngida kimyoviy kurol ishlatganini da’vo qilmoqda. Muxolifatga ko’ra, ayni BMT vakillari kimyoviy qurol borasida tekshiruv olib borayotgan bir paytda Asad rejimi bu qurolni ishga solgan.
Ma’lumki, Shvetsiyalik kimyoviy qurol bo’yicha mutaxassis Ake Sellstrom boshchiligidagi 20 kishilik BMT ekspertlaridan iborat bir guruh atigi ikki kun avval Damashqqa etib kelib, kimyoviy qurol borasida tekshiruv ishini boshlagan edi.
Asad rejimi bu da’volarni rad etayotgan bo’lsada, o’lkadagi faollar va xolis mutaxassislar xabarni tasdiqlashmoqda. Turli ro’znomalar ham Suriyada kimyoviy qurol ishlatilganligi rost ekanligini yozib chiqishdi.
Jumladan Deyli Telegraf ro’znomasi Suriyada kimyoviy qurol ishlatilganligi borasida suratlardagi bolalarning jasadlariga va shifoxonalarda gazning ta’siridan hushsiz yotgan yaradorlarga nazarni tortar ekan, “ko’rinib turibdiki, Bashar asad Kimyoviy qurol ishlatmaslik borasidagi AQSh chizgan qizil chiziqdan o’tib ketdi.”, deb yozdi.
AQSh ham, BMT ham, hozircha bu hodisadan tashvishda ekanligini bildirib, jim turishipti.
Oq uy vakili Joshua Ernest bayonotida Vashington bu xabarlardan qattiq tashvishga tushgani aytiladi.
BMTning doimiy vakilasi Kristina Persevalga ko’ra, BMT Xavfsizlik kengashining barcha a’zolari ham Suriyada kimyoviy qurol qo’llanilganiga oid iddaolardan jiddiy tashvishga tushganlar. Ammo xabarlarda ular qachongacha tashvishlanib turishi haqida aytilmagan
Mahalliy doktorlardan biri Xolid Mahmud axborot agentliklariga bergan intervyusida halok bo’lganlarning aksariyati “sarin gazi”dan o’lganligini ma’lum qildi. Yaralanganlarda nafas qisishi, ko’z achishishi va hushini yo’qotishi kuzatilayotganini ta’kidlagan Xolid Mahmud tibbiy anjomlar etishmasligi sababli o’liklarning soni yanada ortishidan xavotir bildirdi.
“ARAB-DYeR” yordam guruhining raisi Shukri Kirbog’a bunday gaz bilan zaharlanganlarni davolaydigan dori yo’qligini, hozirda faqat hushsizlarni o’ziga keltirish uchun harakat qilinayotganini ma’lum qildi.
U BMT va evropaning yordamiga ishonmasligini urg’ular ekan “Faqat Allohdan yordam so’raymiz, ko’rinib turipdiki G’arb bizga yordam bera olmaydi. Haqiqatan ham musulmonlarning ahvoli juda og’ir. Kimning ustidan kimga shikoyat qilib borishimizni bilmayapmiz”, dedi.