Misrda davlat to’ntarishini rejalashtirishlikda ayblangan AQSh Tashqi Ishlar vaziri Jon Kerri Misr harbiylarini himoya qilib bayonot berdi. U harbiylar tinch namoyishchilarga qarshi amalga oshirgan qirg’inlar “millionlar namoyish”iga qarshi demokratiyani saqlab qolish uchun qilinganligini va shu uslub bilan demokratiya qayta tiklaganligini da’vo qildi.
Uch kunlik safar bilan Pokistonga tashrif buyurgan AQSh Tashqi Ishlar vaziri Jon Kerri GEO televideniyasining “nima uchun AQSh demokratik yo’l bilan saylangan Muhammad Mursiyning qulatilishiga nisbatan ochiq pozitsiya egallamaganligi”, haqida so’ralganda “tartibsizlik avj olib ketishidan qo’rqqan millionlarcha inson harbiylarni ishga aralashishga da’vat qildi”, deb javob berdi.
Kerrining da’vosiga ko’ra, Misrda harbiylar boshqaruvni qo’lga olgan emas. U erda ayni paytda fuqarolik hokimiyati mavjud. Bu hokimiyat ham demokratiyani qayta jonlantirish uchun harakat qilmoqda.
AQSh mulozimi mamlakati Misr bo’hronini tinch yo’l bilan hal qilish uchun Yevropa va boshqa o’lkalar bilan birgalikda harakat olib borayotgani haqida gapirdi.
“Misr hikoyasi hali tamomiga etmadi. Kelgusi kunlarda nima bo’ladi, ko’ramiz”, dedi u.
O’z navbatida Germaniyaning “Der spigel” jurnali Misrda hokimiyat to’ntarishini amalga oshirgan general Abdul Fattoh as – Sisini “Fir’avn”ga qiyoslab maqola chop qildi.
Jurnalning yozishicha, general as – Sisi o’z xukmronligini saqlab qolish uchun xalqni turli namoyishlarga chaqirib, o’ziga qarshi chiqayotgan “Musulmon Birodarlar”ga qarshi qonunlar ishlab chiqishga xarakat qilmoqda.
“Musulmon Birodarlar” va Mursiyning boshqa tarafdorlari, “Generalning bu xarakatini musulmonlar o’rtasida o’zaro nafrat keltirib chiqarish va fuqarolik urushini paydo qilishga urinish deb xisoblamoqda” – deyiladi jurnalda.