Islom Karimov tashqi siyosati tahlilchilar nazarida

504
0

O’zbekistondagi ichki vaziyat va uning tashqi siyosati mavzularni yoritib kelayotgan jurnalistlar, tahlilchilar va vaziyatni kuzatib kelayotgan xalqaro tashkilotlarning vakillari Islom Karimovning tashqi siyosati haqida o’z fikr va mulohazalarini bildirdi, deya xabar qiladi “Amerika Ovozi”.

O’zbekiston kutilmagan qadamlar tashlashga o’rgangan. Vashington yoki Bryusselda tanqid yangrasa, Karimov birdaniga Rossiya bag’riga qaytishi mumkin yoki Moskvadan bosim oshsa, G’arb bilan apoq-chapoq bo’lishga harakat qilib qoladi.

“Vashington Toshkent bilan munosabatlarda ehtiyotkorlik bilan qadam bosishga majbur. Davlat departamenti rasmiylari orasida “aks holda boridan ham quruq qolamiz” degan xavotir bor”,- deydi jurnalist Navbahor Imamova.

AQSh uchun ustuvor masala – Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston orqali Afg’onistonga kirib-chiqishni ta’minlash. Zarur ta’minot yo’llari ochiq turishi kerak.

Toshkent ham o’z navbatida 2014-yildan keyingi vaziyat qanday rivojlanishidan xavotirda. AQSh ketishini kutayotgan Rossiya Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirish ilinjida. Karimov muvozanatni saqlab qolish va o’z manfaatlarini yanada himoya qilishga intilishi tabiiy.

Britaniyalik mutaxassis Deyvid Luis terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash asosiy o’rinda qoladi degan fikrda.

Karimov hukumati o’z repressiyasini oqlash uchun terrorizm tahdidini bo’rttirib ko’rsatadi, deydi Luis.

“O’zbekiston fuqarosi bo’lsangiz, hukumat tomonidan o’ldirilishingiz ehtimoli terrorchilar qo’lidan nobud bo’lish ehtimolidan kattaroq. Qanchalik dahshatli tuyulmasin, bu haq gap”, – deydi ingliz olimi Deyvid Luis.

Qoradori savdosi haqida gapirar ekan, Luis 2014-yilda xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etganidan keyin bu muammo ancha jiddiylashishini aytadi.

“Hamma xavotirda. Biroq O’zbekiston orqali o’tadigan traffikka hukumat rasmiylari ham aralashgan. Kelajakda bu vaziyat o’zgarishiga ishonmayman. Rasmiylar uyushgan jinoiy guruhlar bilan yaqin aloqada va narkotiklar savdosi ustidan nazorat ular qo’lida,” – deydi Deyvid Luis.

“Andijon fojeasidan keyin joriy etilgan sanksiyalar ko’p o’tmay bekor qilindi. Ular natija bermadi, aksincha, Yevropa Ittifoqining zaifligini namoyish qildi. Hozirda Yevropaning Markaziy Osiyoga nisbatan uyg’un, uzoq kelajakni ko’zlaydigan strategiyasi yo’q”, – deydi ekspert Alan Deletroz.

“Shunisi hammaga oydek ravshanki, Islom Karimov rejimi bilan aloqalarni rivojlantirish juda qiyin”, – deydi ekspert.

NATO qo’shinlarining Afg’onistondan olib chiqilishi katta mablag’ hamda qo’shni mamlakatlar hamkorligini talab qiladi. Demak, Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga muhtoj. Bryussel Karimov bilan muloqotni davom ettiradi, deydi Deletroz.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.