Bishkek Moskvadan harbiy yordam so’radi

464
0

Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Busurmankul Tabaldiev rasmiy Bishkek Kremldan artileriya, tank kabi og’ir harbiy texnika yordam sifatida berilishini iltimos qilganini bildirdi. Ayni paytda Qirg’iziston tomoni Moskvaga jo’natgan harbiy texnika ro’yxati Kreml rasmiylari tomonidan o’rganilmoqda, deya xabar qiladi Ozodlik sayti.

Rossiya Qirg’izistonga yordam sifatida beriladigan harbiy-texnika ro’yxatini aniqlamoqda. Bu haqda Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi ma’lumot berdi.

Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi rasmiysi Adilbek Kurbanovning aytishicha, qirg’iz tomoni harbiy yordam so’rab tuzilgan ro’yxatni Rossiyaga jo’natgan. –

Bizga zarur bo’lgan harbiy texnika va qurollar ro’yxati Rossiyaga yuborildi. Ular bu ro’yxat bilan tanishib chiqish jarayonini boshladi. O’tgan yilning dekabrida Rossiya va Qirg’iziston harbiy yordam masalasini muhokama qilgan, Rossiya bizga bu masalada ko’mak ko’rsatishga rozi bo’lgan edi, -dedi Adilbek Kurbanov.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2012 yilning sentyabrida Bishkekka rasmiy tashrif bilan kelgandi. O’shanda tomonlar Qirg’iziston hududida Rossiya birlashgan harbiy bazasini tashkil etish masalasini muhokama qilishgan.

Birlashgan baza Qantdagi Rossiya harbiy havo kuchlari bazasi, Issiqko’ldagi Qo’ysari va Qorabulun sinov poligoni, Choldevordagi aloqa markazi va Maylisuvdagi seysmik markazdan iborat bo’lishi shartlashilgan. Buning evaziga Moskva Qirg’izistonning qarzlaridan kechishni, GESlarni qurishga va harbiy texnik yordam ko’rsatishga va’da bergan.

Xavfsizlik bo’yicha ekspert Artur Medetbekovning aytishicha, bungacha Qirg’iziston olti yildan beri harbiy yordam masalasida Rossiya bilan muzokaralar olib borgan.

-Ro’yxatdagi tank, artileriya va boshqa og’ir harbiy texnika Qirg’izistonga berilsa, shubhasiz qirg’iz armiyasining jangavorligi ortadi. Biroq Rossiya Qirg’izistonga zamonaviy qurollarni bermaydi. Shunga qaramay, bu qurollar va texnika Qirg’iziston uchun yangi bo’lib hisoblanadi, -dedi Artur Medetbekov.

Ekspertning aytishicha, bugungi kunda Rossiya Qirg’izistonga yordam sifatida berishi mumkin bo’lgan qurol va harbiy texnika qiymati 1 milliard 100 million dollar bo’lishi kutilmoqda.

Qirg’iziston Milliy gvardiyasining sobiq qo’mondoni Abdigul Cho’tboev Rossiya ko’rsatadigan harbiy yordam qirg’iz armiyasi uchun juda katta qo’llov bo’ladi, deb fikr bildirdi. Chunki bugungi kungacha Qirg’iziston qurolli kuchlari Sho’rolar davridan qolgan eski texnika bilan foydalanib kelmoqda.

-Qirg’iziston qurolli kuchlaridagi qurollarning barchasi Sho’rolar davridan qolgan. So’nggi vaqtda Xitoy, Turkiya, Amerikadan oz miqdorda qurol olib kelindi. Rossiyaning yordami biz uchun juda katta qo’llov bo’ladi, -dedi Abdigul Cho’tboev.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.