Arab bahori hali ham Islom Karimovga tinchlik bermayapti

405
0

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovga ko’ra, hozirgi kunda yoshlarga ko’proq e’tibor berish zarur. U 1 aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so’zlagan nutqida bunga alohida urg’u berdi.

«Bugungi yoshlar hamma narsani tushunadi. Ular hozirgi axborot vositalari, ayniqsa Internet orqali ko’p narsadan xabardor bo’lmoqda. Internet tarmog’ini qandaydir temir devor bilan to’sib, taqiqlash – bu mutlaqo aqlga sig’maydigan ish (ya’ni buni iloji yo’q. Iloji bo’lganda albatta amalga oshirilgan bo’lardi. Tahr.). Mana, jahonning ayrim mintaqalarida, arab dunyosida turli notinchlik va qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Bu holatning sabablari ko’p, lekin ularning aksariyati yoshlarga, ularning hayotiy manfaatlarini hal qilishga etarli e’tibor bermaslik natijasida sodir bo’layotganidan ham ko’z yumib bo’lmaydi. Shuning uchun barchamiz, birinchi navbatda, vazifada o’tirgan rahbarlar yoshlarning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularga keng yo’l ochib berish, iste’dod va qobiliyatini ro’yobga chiqarish bo’yicha olib borayotgan ishlarimizni davr talablari bilan hamohang bo’lib, yangi bosqichga ko’tarish zarurligini hech qachon esidan chiqarmasligi kerak», dedi o’z nutqida prezident Islom Karimov.

Arab bahori va yoshlar noroziligi Prezident Islom Karimovni xavotirga solayotganligi uning quyidagi so’zlaridan oshkor bo’lib turdi: “Nima, o’ylaysizlarki, bolalar, bizlarning farzandlarimiz, hammasi bir xil o’ylaydimi? Yo’q. Internetni yopib bo’lmaydi. Shuni yaxshi, hayolimizga, qulog’imizga muhrlab olishimiz kerak, internetni yopib bo’lmaydi, dunyodan temir devor qurib ajratib bo’lmaydi”, “Arabistonda nima bo’ldi? Nimada, Mirsda nima bo’layapti? Liviyada nima bo’ldi? Tunisda nima bo’ldi? Boshqa-boshqa nimalarni oladigan bo’lsak, nima bo’layapti u erda? Yoshlar noroziligi hisobidan bo’layapti hammasi. Yoshlarni o’ylash kerak. Ey, bolam, nima haqida o’ylayapsan, qanaqa armoning bor, nimadan norozisan, deb so’rash kerak”.

U 2008 yildan beri viloyat hokimi lavozimida bo’lib kelgan Rustam Xolmatovni mas’uliyatsizligi uchun ishdan olar ekan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida Toshkent viloyatida kamchiliklar borligini ta’kidladi.

«Viloyatdagi kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqayotgan yoshlarni o’z egallagan mutaxassisliklari bo’yicha ish bilan ta’minlash borasida jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Masalan, 2012 yilda Oqqo’rg’on, Chinoz, Yuqorichirchiq tumanlarida bu ko’rsatkich respublikadagi eng past darajani tashkil etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi», – dedi Islom Karimov.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.