BMT: Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi ocharchilik yoqasida

315
0

BMT: Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi ocharchilik yoqasida

 Xabar: Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi (39 mln kishidan 22,8 mln nafari) noyabrdan martga qadar “inqirozli” yoki “favqulodda” oziq-ovqat etishmovchiligiga duch keladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Jahon oziq-ovqat dasturi ekspertlari ana shunday xulosaga keldi.

 Qurg‘oqchilik, qurolli nizo, COVID-19 pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz afg‘onistonliklar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

 Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, Afg‘onistonda ocharchilik yoqasida turgan aholi soni shu yilning aprelidagiga nisbatan 37 foizga oshgan.

 Yil oxirigacha to‘yib ovqatlanmaslikdan 3,2 mln nafar besh yoshdan kichik bolalar aziyat chekishi mumkin, agar zudlik bilan zarur yordam ko‘rsatilmasa, ularning 1 mln nafarga yaqini vafot etishi mumkin.

 “Biz va’dalar bilan odamlarning qornini to‘ydira olmaymiz: va’dalar haqiqiy pulga aylanishi kerak va xalqaro hamjamiyat bu inqirozni birgalikda hal etishi lozim”, – dedi Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.

 Afg‘oniston aholisiga yordam berish uchun oyiga 220 mln dollarga yaqin mablag‘ talab qilinadi. Qayd etilishicha, Jahon oziq-ovqat dasturi 2021 yil boshidan buyon 10,3 mln nafarga yaqin afg‘onistonliklarga yordam ko‘rsatgan.

 Izoh: AQSh 20 yil davomida Afg‘onistonda olib borgan bosqinchilik urushida biror natijaga erisha olmay sharmandali mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, o‘z mag‘lubiyatini yashirish ilinjida Tolibonni siyosiy muzokaralar stoliga tortishga muvaffaq bo‘ldi. Olib borilgan muzokaralar natijasida AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadigan bo‘ldi. Ammo, AQSh bir eshikdan chiqib ketgan bo‘lsada orqa eshikdan qaytib kirib, Tolibonni o‘z izmiga solish istagidan qaytganicha yo‘q. AQSh qaytib kirgan orqa eshik bu – xalqaro moliyaviy tashkilotlar bo‘lib, AQSh harbiy yo‘l bilan taslim qila olmagan harakatni ular qo‘li bilan bo‘ysundirmoqchi.

 17 avgust kuni AQSh Afg‘oniston Markaziy bankining AQShdagi barcha aktivlarini muzlatib qo‘ydi va bu orqali hokimiyat tepasiga kelgan Tolibon hukumatini milliardlab dollar mablag‘dan mahrum qildi. Afg‘oniston Markaziy bankining yalpi zaxirasi aprel oyida 9,4 milliard dollarni tashkil qilgan. Ushbu zahiraning asosiy qismi Nьyu-York federal zaxira bankida va AQShning boshqa moliyaviy institutlarida saqlangan.

 AQSh ortidan, uning iqtisodiy quroli bo‘lgan Xalqaro valyuta fondi 18-avgustda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi. Avgust oyi boshdagi qarorga asosan, fond pandemiya tufayli Afg‘onistonga 460 million dollar ajratishga qaror qilgan edi. Bundan tashqari, valyuta fondi 370 million dollarlik kredit dasturini ham to‘xtatib qo‘ydi.

 Bu orada Evropa Ittifoqi ham Afg‘onistonga avval belgilangan yordam mablag‘larini to‘xtatib turishini e’lon qildi.

 Undan keyin Jahon banki Afg‘onistonga moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bank xalqaro hamjamiyat va hamkorlar bilan mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha maslahatlashib ish olib bormoqchiligini ma’lum qildi. Jahon banki Afg‘onistonda 20ta loyiha ustida ish olib barayotgan edi.

 O‘tgan yilning noyabr oyida xorijiy davlatlar Afg‘onistonga 4 yil davomida 12 milliard dollarlik insonparvarlik yordami ajratishni rejalashtirgan edi…

 Dunyodagi barcha ocharchilik va qashshoqlikning sababchisi bo‘lgan mustamlakachi davlatlar va ularning qo‘lidagi qurol bo‘lgan moliyaviy tashkilotlar rivojlanayotgan yoki nufuzini o‘tkazmoqchi bo‘layotgan davlatlarni sun’iy tarzda ocharchilik va iqtisodiy inqiroz holatiga olib keladi, so‘ngra BMT orqali bu davlatlarni qashshoqlik va ocharchilik kutib turganini bashorat qilib, ularni bu falokatdan qutqarmoqchi bo‘lishadi.

  Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.