Mirziyoev Putin bilan COVID-19 ga qarshi Rossiya vaktsinasini muhokama qildi

30
0

Mirziyoev Putin bilan COVID-19 ga qarshi Rossiya vaktsinasini muhokama qildi

 O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbekiston davlat rahbari matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

 Mirziyoev va Putin koronavirus pandemiyasining tarqalishi oqibatida kelib chiqqan global inqiroz sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan. Jumladan, o‘zaro tashriflar faol amalga oshirilmoqda, o‘zaro savdo hajmlari ortmoqda, ustuvor loyihalar hamda gumanitar almashinuv dasturlari davom ettirilmoqda.

 Kreml matbuot xizmatining axborotida ta’kidlanishicha, ikki davlat rahbarlarining telefon muloqoti chog‘ida “koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurash, shuningdek, Rossiya vaktsinasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan”. Kremlning qayd etishicha, muloqot O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Izoh: Mustamlakachi davlatlar o‘zlari ishlab chiqargan qurollar uchun yangi bozor ochish maqsadida sun’iy urushlar keltirib chiqarishgani kabi, insoniyat uchun musibat bo‘lgan koronavirus pandemiyasidan ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga intilmoqdalar. Ushbu davlatlar  hamda yirik farmatsevtik kompaniyalarining yagona dardi ayni epidemiya yoki pandemiyadan daromad olishdan iborat. Mustamlakachilar qurol-yaroq sotishdan ulkan foyda olishganidek, sun’iy paydo qilgan kasalliklar yoki kutilmagan vabolar orqali ham yirik daromad ko‘rishadi. Ular qurol bozorlarini boshqa davlatlar egallashiga yo‘l qo‘ymaganlari kabi, ikkinchi serdaromad soha – farmatsevtika bozoriga ham chet davlatlar kirib kelishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Ular o‘z bozorlarini saqlab qolish uchun kerak bo‘lsa minglab, hatto millionlab odamlar qurbon bo‘lishiga parvo ham qilishmaydi. 

 Rossiya ham koronavirus pandemiyasi bahonasida Markaziy Osiyo respublikalarni faqat o‘zida ishlab chiqarilgan vaktsinani olish uchun bosim o‘tkazib kelmoqda. Shu yo‘li bilan u mintaqa farmatsevtika bozoriga boshqalar suqulib kirishini oldini olmoqchi bo‘lyapti. Ma’lumki, joriy yilning 11 avgustida Rossiya prezidenti Vladimir Putin jahonda birinchilardan bo‘lib Rossiyada COVID-19ga qarshi vaktsina ro‘yxatdan o‘tganini aytgan edi. Preparat “Sputnik V” degan nom oldi. Biroq, dunyodagi sog‘liqni saqlash sohasi olimlari va tibbiyot mutaxassislari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya ilk koronavirus vaktsinasini yaratganiga oid iddaolari yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirdilar. Ularning aksariyati tasdiqlanmagan va sinovdan o‘tmagan dori COVID-19 virusidan ham xatarliroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi.

 Shunga qaramay, O‘zbekiston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirliklari rus vaktsinasini olish va sinab ko‘rishga kirishdi. Sentyabr oyida Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) O‘zbekistonning “Laxisam” farmatsevtika kompaniyasi bilan 35 million doza “Sputnik V” vaktsinasini etkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan bo‘lsa, 12 sentyabr kuni endilikda eks-prezident  Jeenbekov “Birinchi radio”ga bergan intervьyusida, Qirg‘izistonga Rossiya vaktsinasini olib kelish “juda ham muhim”ligini, ikki mamlakatning tegishli idoralari vaktsinani Qirg‘izistonga etkazib berish masalasida muzokaralar olib boryotganini ma’lum qildi. Qozog‘iston esa “ihtiyoriy asosda” Rossiya vaktsinasini olishi xabar qilindi

 Demak, Rossiya Markaziy Osiyodagi bozorini yo‘qotmaslik uchun shoshlinch choralar ko‘rmoqda va o‘ziga tobe bo‘lgan prezidentlarga bosim o‘tkazish orqali ularni boshqa vaktsinalardan voz kechishga va faqat o‘zida ishlab chiqarilgan vaktsinani olishga majbur qilyapti. Bizning malay hokimlar bo‘lsa ularni rozi qilish uchun har narsaga, hatto o‘z xalqi salomatligini xatarga qo‘yishga ham tayyorlar.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.