Masofa saqlab namoz o‘qish bid’at bo‘lib, gunohi hukmdorlarga tushadimi?

893
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Masofa saqlab namoz o‘qish bid’at bo‘lib, gunohi hukmdorlarga tushadimi?

Allohga hamd bo‘lsin, Rosulullohga hamda u kishining oilasi, sahobalari va u kishiga ergashganlarga salotu salomlar yog‘ilsin, ammo ba’d:

Juma va jamoat namozlarida ikki metr masofada orani ochib, namoz o‘qish to‘g‘risida savol yo‘llagan barcha birodarlarga javob bermoqchiman.

Savolda kelishicha, musulmon yurtlaridagi ayrim hukmdorlar masjidlarni yopib qo‘yishmoqda. Ochganda esa, namozxonlarni ikki metr masofa saqlab namoz o‘qishga majburlashyapti. Rasmiylar buni oqlab, kasal odam uzrlidir, uning o‘tirib o‘qishi joiz, shuning uchun, yonidagi kishidan ikki metr masofa saqlab namoz o‘qishni kasalning uzriga qiyoslasa bo‘ladi, garchi u kasal bo‘lmasa ham kasallikdan xavfsirab, uzoqlashtiriladi, degan gaplarni aytishmoqda… Shundan kelib chiqib, savol bergan birodarlarimiz «hukmdorlarning namozxonlarni masofa saqlab namoz o‘qishga majburlashlari joizmi? Yoki bunday masofa saqlab, namoz o‘qish bid’atmi, uning gunohi hukmdorlarga tushadimi?», degan savollarini yo‘llabdilar. Ular bu savollar javobini bilish uchun qattiq intilmoqdalar.

Allohdan tavfiq so‘rab, ularning savollariga quyidagicha javob bermoqchiman:

Bid’at haqida ilgari bir necha bor javob berganmiz. Agar savol berganlar o‘sha javoblarimizni tadabbur etsalar edi, yuqorida aytilgan shaklda, masofa saqlab namoz o‘qish bid’at ekani, masofa saqlashga hukmdorlar majburlayotgan bo‘lsa, uning gunohi o‘shalarning zimmasiga tushishi, ayon bo‘lgan bo‘lardi. Buni quyidagicha bayon qilamiz:

Birinchi:

Hijriy 1434 yil 28 rajab, milodiy 2013 yil 7 iyunda chiqargan nashramizda bunday degandik:

«… Bid’at – Shore’ning qanday ado qilishni ko‘rsatib bergan buyruqlarini boshqacha qilib bajarishdir. Bid’at – Lisonul arabda kelganidek – lug‘atda quyidagicha keladi: «Bid’atchi – ilgari bo‘lmagan ishni qilgan kimsadir… Bir yangilikni paydo qildi: ya’ni, ko‘rsatib berilganidan boshqachasini o‘ylab topdi». Istilohda ham shunday. Ya’ni, Rosululloh ﷺ ko‘rsatib bergan bir amalni boshqacha yo‘sinda qilishdir. Bundan, shariat joriy qilgan biror bir buyruqni shariatda ko‘rsatilganidan boshqacha tarzda ado etish, degan ma’no chiqadi. Bu ma’no quyidagi hadisning madlulidir:

«وَمَنْ عَمِلَ عَمَلاً لَيْسَ عَلَيْهِ أَمْرُنَا فَهُوَ رَدٌّ»

«Kimki biz buyurmagan bir amalni qilsa, bu ish rad etiladi». (Buxoriy va Muslim rivoyati, lafzi Buxoriyniki). Shunga ko‘ra, kimki namozda ikki marta sajda qilish o‘rniga, uch marta sajda qilsa, bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi. Chunki u Rosululloh ﷺ qilgan ishni boshqacha tarzda qildi. Kimki jamarotda ettita tosh o‘rniga sakkizta tosh otsa, bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi. Chunki u ham Rosululloh ﷺ qilgan ishni boshqacha tarzda qildi. Kimki azondagi so‘zlarni ko‘paytirsa yoki kamaytirsa, u ham bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi. Chunki u ham Rosululloh ﷺ belgilab qo‘ygan azonni boshqacha aytdi…

Ammo Shore’ning qanday ado qilish ko‘rsatilmagan buyrug‘iga xilof ish tutish masalasiga kelsak, bu shar’iy hukmlar doirasiga kirib, agar taklif xitobi bo‘lsa, harom yoki makruh…, agar vaz’ xitobi bo‘lsa, botil yoki fosid…, deyiladi. Buni buyruqdagi qarina belgilaydi…

Masalan: Muslim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda ummul mo‘’minin Rosululloh ﷺning namozlarini sifatlab bunday deganlar:

«…وَكَانَ إِذَا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنَ الرُّكُوعِ لَمْ يَسْجُدْ، حَتَّى يَسْتَوِيَ قَائِمًا، وَكَانَ إِذَا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنَ السَّجْدَةِ، لَمْ يَسْجُدْ حَتَّى يَسْتَوِيَ جَالِسًا…»

«… Rosululloh ﷺ… agar boshlarini rukudan ko‘tarsalar, to to‘liq tik bo‘lmagunlaricha sajdaga bormasdilar. Boshlarini sajdadan ko‘tarsalar, to o‘tirib rostlanmaguncha (ikkinchi) sajdani qilmas edilar…». Bu erda Rosul ﷺ musulmon kishi boshini rukudan ko‘targanidan keyin, to to‘liq tik turib, rostlanmaguncha sajda qilmasligini, sajdadan bosh ko‘targan paytida, to o‘tirib rostlanmaguncha ikkinchi sajdaga bormasligini bayon qilib berdilar. Rosululloh ﷺ qanday ado qilishni ko‘rsatib berganligi uchun, bunga zid ravishda ado qilgan kimsa bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi. Ya’ni, namozxon rukudan bosh ko‘tarib, so‘ng to‘liq tik turmasdan-rostlanmasdan sajda qilsa, bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi. Chunki u Rosul ﷺ ko‘rsatib berganidan boshqacha tarzda ado qildi.

Endi, boshqa bir misol keltiramiz: Muslim Ubboda ibn Somitdan shunday deganini rivoyat qildi. U kishi men Rosululloh ﷺdan:

«يَنْهَى عَنْ بَيْعِ الذَّهَبِ بِالذَّهَبِ، وَالْفِضَّةِ بِالْفِضَّةِ، وَالْبُرِّ بِالْبُرِّ، وَالشَّعِيرِ بِالشَّعِيرِ، وَالتَّمْرِ بِالتَّمْرِ، وَالْمِلْحِ بِالْمِلْحِ، إِلَّا سَوَاءً بِسَوَاءٍ، عَيْنًا بِعَيْنٍ، فَمَنْ زَادَ، أَوِ ازْدَادَ، فَقَدْ أَرْبَى»

«Oltinni oltinga, kumushni kumushga, bug‘doyni bug‘doyga, arpani arpaga, xurmoni xurmoga, tuzni tuzga sotishdan qaytarganini, faqat tengma teng, aynma ayn (o‘zini o‘ziga) bo‘lsagina sotish mumkinligini, kimki ko‘paytirib bersa yoki ko‘paytirib olsa ribo qilgan bo‘lishini» eshitganman, deganlar. Demak, agar musulmon kishi bu hadisga xilof qilib, oltinni oltinga tengma teng emas, oshig‘i bilan sotsa, u bir bid’atni olib kelgan bo‘ladi, deyilmaydi, balki u harom ish qildi, ya’ni ribo oldi, deyiladi.

Xullas, Rosululloh ﷺ ko‘rsatib berganidan boshqacha shaklda ado qilish bid’atdir. Rosul ﷺ umumiy tarzda buyurib, tafsiloti bilan ko‘rsatib bermagan buyruqqa zid ish tutish shar’iy hukmlar doirasiga kirib, harom, makruh… botil, fosid… bo‘ladi. Bu dalilga qarab bo‘ladi». Iqtibos tugadi.

Bizning bid’at to‘g‘risidagi hijriy 1436 yil 8 zul-hijja, milodiy 2015 yil 22 sentyabrdagi nashramizda ancha tafsiloti bilan bayon qilingan. Shuningdek, o‘sha nashradan oldin va keyin ham bu to‘g‘rida bir qancha savol va javoblar nashr qilganmiz. Allohning izni ila, bularning barchasi etarli bo‘lgan.

Ikkinchi:

Shularga binoan, agar musulmon yurtlardagi davlatlar «virus yuqishi xavfi», degan iddao bilan juma va jamoat namozlarida namozxonlarni o‘zaro bir yoki ikki metr masofa saqlab namoz o‘qishga majburlasa, xususan, hech qanday kasallik alomatlari ko‘rinmayotgan bo‘lsa, bunday holatda davlatlar katta gunohni sodir etgan bo‘ladi. Chunki masofa saqlab namoz o‘qish bid’atdir. Zero, bu saf va uni jipsligi masalasida Rosululloh ﷺ ko‘rsatib bergan holatga ochiqdan-ochiq ziddir. Bu to‘g‘ridagi ayrim dalillarni keltirib o‘tamiz:

–     Imom Buxoriy o‘zining «Sahih»ida Abu Sulaymon Molik ibn Huvayrisdan qilgan rivoyatda Abu Sulaymon bunday deydi: Biz tengqur yigitlar edik. Nabiy ﷺning oldilariga borib, yigirma kecha birga turdik… Ul zot g‘oyat rahmdil mehribon edilar… Bizga bunday marhamat qildilar:

«فَقَالَ ارْجِعُوا إِلَى أَهْلِيكُمْ فَعَلِّمُوهُمْ وَمُرُوهُمْ وَصَلُّوا كَمَا رَأَيْتُمُونِي أُصَلِّي وَإِذَا حَضَرَتِ الصَّلَاةُ فَلْيُؤَذِّنْ لَكُمْ أَحَدُكُمْ ثُمَّ لِيَؤُمَّكُمْ أَكْبَرُكُمْ»

«Sizlar endi ahlingizga qayting, ularga ta’lim berib, namozga buyuringlar. Mening qanday namoz o‘qiganimni ko‘rganingizdek namoz o‘qinglar. Qachon namoz vaqti kirsa, orangizdan biringiz azon aytsin, so‘ng kattangiz imom bo‘lsin».

–     Imom Buxoriy o‘zining «Sahih»ida Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda, Anas roziyallohu anhu bunday deydi: Namozga iqoma aytilgandi Rosululloh ﷺ bizga yuzlanib, marhamat qildilar:

«أَقِيمُوا صُفُوفَكُمْ، وَتَرَاصُّوا، فَإِنِّي أَرَاكُمْ مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي»

«Safingizni tekis va jips qilinglar. Zero, men sizlarni ortimdan ko‘rib turaman».

–     Imom Muslim o‘zining «Sahih»ida No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u kishi bunday deydilar: «Rosululloh ﷺ safimizni tekis qilardilar, hatto bizni tekis bo‘lganimizga ishonch hosil qilish uchun yog‘och nayza bilan bizni to‘g‘rilardilar. Keyin bir kuni namozga turib, Allohu akbar, demoqchi bo‘lib turganlarida bir kishining ko‘kragini safdan chiqib turganini ko‘rib qoldilar va bunday dedilar:

«عِبَادَ اللهِ لَتُسَوُّنَّ صُفُوفَكُمْ، أَوْ لَيُخَالِفَنَّ اللهُ بَيْنَ وُجُوهِكُمْ»

«Ey Allohning bardalari, yo safingizni tekis qilasiz yoki Alloh yuzlaringiz (suvratini) o‘zgartirib yuboradi».

–     Imom Muslim yana o‘zining «Sahih»ida Jobir ibn Samurodan rivoyat qiladiki, Samuro aytadi: Rosululloh ﷺ bizga

«أَلاَ تَصُفُّونَ كَمَا تَصُفُّ الْمَلاَئِكَةُ عِنْدَ رَبِّهَا؟»

«Xuddi maloikalar Robbilari huzurida saf tortgandek saf tortishni istamaysizlarmi?!», dedilar. Biz yo Rosululloh maloikalar Robbilari huzurida qanday saf tortadilar? – deb so‘radik. Ul zot bunday marhamat qildilar:

«يُتِمُّونَ الصُّفُوفَ الْأُوَلَ وَيَتَرَاصُّونَ فِي الصَّفِّ»

«Avvalgi safni to‘liq qiladilar (avvalgi saf to‘lmay turib ikkinchi safni boshlamaydilar) va saflarini zich qiladilar».

–     Hokim ushbuni Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilib, Muslim sharti bilan bu hadis sahihdir dedi: Rosululloh ﷺ marhamat qildilar:

«مَنْ وَصَلَ صَفًّا وَصَلَهُ اللَّهُ، وَمَنْ قَطَعَ صَفًّا قَطَعَهُ اللَّهُ»

«Kim namozda safni ulasa, Alloh uni o‘z marhamatiga ulaydi, kim safni uzsa, Alloh uni o‘zining marhamatidan uzadi».

–     Imom Ahmad Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladiki, Rosululloh ﷺ bunday dedilar:

«أَقِيمُوا الصُّفُوفَ فَإِنَّمَا تَصُفُّونَ بِصُفُوفِ الْمَلَائِكَةِ وَحَاذُوا بَيْنَ الْمَنَاكِبِ وَسُدُّوا الْخَلَلَ وَلِينُوا فِي أَيْدِي إِخْوَانِكُمْ وَلَا تَذَرُوا فُرُجَاتٍ لِلشَّيْطَانِ وَمَنْ وَصَلَ صَفّاً وَصَلَهُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى وَمَنْ قَطَعَ صَفّاً قَطَعَهُ اللَّهُ»

«Saflarni to‘g‘ri qilinglar. Chunki bu bilan maloikalarning safi singari saflangan bo‘lasizlar. So‘ng elkalaringiz orasini yaqin qilib, oraliqni to‘ldiringlar, birodaringizga (u sizni oraliqni to‘ldirish uchun tortsa) yumshoq muomalada bo‘linglar va Shaytonning orangizga kirishiga yo‘l qo‘ymanglar. Kim safni ulasa, Alloh Taboraka va Taolo uni o‘z marhamatiga ulaydi, kim safni uzsa, Alloh uni o‘zining marhamatidan uzadi».

Bular Rosululloh ﷺdan jamoat namozini qanday ado etish to‘g‘risidagi to‘liq ko‘rsatmalardir. Sahoba roziyallohu anhular bunga qattiq amal qilganlar. «Muvatto»da Molik, «Sunani Kubro»da Bayhaqiy rivoyat qiladilar: Umar ibn Xattob roziyallohu anhu «Saflarni tekis qilishga buyurardi, ular safimiz to‘g‘ri bo‘ldi, deb xabar berishsagina namozni Allohu Akbar deb boshlar edi».

Uchinchi:

Yuqumli kasallik masofa saqlab namoz o‘qishga uzr bo‘ladi, deyilmaydi, bunday deyish xato. Chunki yuqumli kasallik masjidga bormaslikka uzrdir. Masjidga borishga hamda bir yoki ikki metr masofa saqlab, namoz o‘qishga uzr emas!! Zotan, Rosululloh ﷺning zamonalarida ham yuqumli kasalliklar (o‘lat) bo‘lgan. Ammo o‘latga chalingan kishi namozga borib, ikki metr masofa saqlab, namoz o‘qirdi, degan narsa Rosululloh ﷺdan rivoyat qilinmagan. Aksincha, yuqumli kasallikka chalingan kishi uzrli bo‘lib, namozni uyida o‘qiydi. Kasallik tarqalgan mintaqada odamlarni bepul davolashga astoydil g‘ayrat bilan harakat qilinadi va buni davlat o‘z rahnamoligiga oladi hamda kasallarni sog‘lar bilan aralashishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Imom Muslim o‘zining «Sahih»ida Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan Rosululloh ﷺning bunday deganlarini rivoyat qiladi:

«الطَّاعُونُ آيَةُ الرِّجْزِ ابْتَلَى اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ بِهِ نَاساً مِنْ عِبَادِهِ، فَإِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ فَلَا تَدْخُلُوا عَلَيْهِ وَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ وَأَنْتُمْ بِهَا فَلَا تَفِرُّوا مِنْهُ»

«Toun ifloslikning alomatidir. Alloh Azza va Jalla u bilan bandalari orasida ba’zilarni sinaydi. Bas, qachon uni biror erda paydo bo‘lganini eshitib qolsangiz, u erga kirmang. Agar siz turgan erda paydo bo‘lsa, undan qochib chiqmanglar». Boshqacha ibora bilan aytganda, yuqumli kasalga chalingan kishi sog‘lom kishilarga aralashmaydi va Allohning izni bilan unga etarli to‘liq muolaja ko‘rsatiladi. Sog‘lom kishi esa, juma va jamoat namozlari uchun masjidga borib, masofa saqlamagan holda odatdagidek namozni barpo qiladi.

To‘rtinchi:

Shuningdek, vabo tarqagan paytda namoz o‘qiyotib, masofa saqlashlikni kasal kishining o‘tirib namoz o‘qishi to‘g‘risidagi ruxsatga qiyos qilinadi, deyish noto‘g‘ri. Chunki bu shar’iy qiyos emas. Gap shundaki, kasal kishining o‘tirib namoz o‘qishi Alloh Subhanahu tomonidan berilgan ruxsatdir. Ya’ni, kasalligi sababli uning uzri bor. Uzrlar esa sababga kiradi, illatga emas. Shariatda uzrlar illatlanmaydi, balki har bir uzr – o‘sha uzr topiladigan hukmning aynan o‘ziga uzr bo‘ladi. U o‘sha uzr topiladigan hukm uchun xos uzr bo‘ladi, boshqa hukmlar uchun umumiy uzr bo‘lmaydi. Demakki, undan illatlash jihati tushunilmaydi. Shuning uchun ham o‘tirib namoz o‘qishga qiyos qilinmaydi. Chunki sabab – o‘sha paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan narsa uchun xos sababdir va bu boshqaga o‘tmaydi. Shu bois, unga qiyoslanmaydi. Illatda esa, bunday emas. Chunki illat o‘sha illat sababli kelib chiqqan hukmning o‘ziga xos bo‘lmaydi, balki boshqa hukmga ham o‘tib, shu illatga boshqalari ham qiyos qilinadi. Bundan ayon bo‘lishicha, ibodatlarda kelgan narsalar sabablardir, illat emas. Ular illat emas, balki sabab bo‘lgani bois, ibodatlar tavqifiy hisoblanadi. Ularni na illatlab bo‘ladi va na ularga qiyos qilinadi. Chunki sabab – o‘sha sabab bo‘lgan narsaga xos bo‘ladi.

Beshinchi:

Keyin, ruxsat bu vaz’iy ahkomlardan bo‘lib, Shore’ning bandalar amallariga vaz’ orqali taalluqli bo‘lgan xitobidir. Modomiki, ruxsatning o‘zi Shore’ning xitobi ekan, demak, unga dalolat qiluvchi shar’iy dalil bo‘lishi shart. Misol uchun, kasal odamning o‘tirib namoz o‘qishi to‘g‘risida imom Buxoriy o‘zining «Sahih»ida Imron ibn Hissin roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Menda bavosir kasalligi bor edi. O‘shanda Rosululloh ﷺdan qanday namoz o‘qishimni so‘ragandim ul zot bunday javob berdilar:

«صَلِّ قَائِماً فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقَاعِداً، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَعَلَى جَنْبٍ»

«Siz tik turib o‘qing, unga qodir bo‘lmasangiz o‘tirib o‘qing, unga qodir bo‘lmasangiz yonboshlab o‘qing». Mana shu ruxsatdir, ya’ni shar’iy dalil bilan kelgan uzrdir. Uzr ekanligiga shar’iy dalil kelgan har bir muayyan narsa uzr hisoblanadi. Dalili kelmagan bo‘lsa, uning e’tibori yo‘q va u mutlaqo shar’iy uzr, deb hisoblanmaydi. Shuning uchun kasal kishi boshqalardan bir yoki ikki metr masofa saqlab namoz o‘qiydi, degan gapning dalili yo‘q. Demak, bu gapning hech qanday qadr-qiymati yo‘qdir va bunday deyish nojoizdir. Xo‘sh, kishi kasal bo‘lmasa va faqat kasal bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinayotgan bo‘lsa, qanday qilib masofa saqlab namoz o‘qishga ruxsat bo‘lsin?!

Oltinchi:

Yuqorida aytganlarimizning xulosasi quyidagicha:

1 – Rosululloh ﷺ namoz uchun ko‘rsatib bergan yo‘l-yo‘riqlarni o‘zgartirish bid’at hisoblanadi. Aksincha, bunday holatda shar’iy hukm shundan iboratki, sog‘lom kishi namozga borib, odatdagidek safni tekis qilib, orani ochmasdan ado etadi, yuqumli kasalga chalingan kishi esa, namozga bormaydi va boshqalarga ham yuqtirmaydi…

2 – Agar davlat masjidlarni qulflab qo‘yib, sog‘lom odamlarni masjidlarda juma va jamoat namozlarini ado etishdan to‘ssa, u qattiq gunohkor bo‘ladi. Chunki u juma va jamoat namozlarini bekor qildi. Vaholanki, masjidlar Rosululloh ﷺ ko‘rsatib berganlaridek, ochiq turmog‘i darkor.

3 – Shuningdek, davlat namozxonlarni Rosululloh ﷺ ko‘rsatib bergandek namozni ado etishdan man qilsa, balki «virus yuqishi xavfi», degan iddao bilan o‘zaro bir yoki ikki metr masofa saqlab namoz o‘qishga majburlasa, xususan, hech qanday kasallik alomatlari ko‘rinmayotgan bo‘lsa, bunday holatda davlatlar katta gunohni sodir etgan bo‘ladi.

Bu masalada ko‘proq to‘g‘ri deb bilganim shar’iy hukm mana shu, vallohu a’lam va ahkam. Men Alloh Subhanahudan musulmonlarga ishlarida rushd-hidoyat berishini hamda ularni Allohga U Zot buyurganidek ibodat qilishga, Rosululloh ﷺning buyruq va qaytariqlariga rioya etishga, roshid Xalifalikni barpo etish orqali ushbu buyuk shariatimizni zarracha og‘ishmay tatbiq etishga muvaffaq aylashini so‘rab qolaman. Chunki bunda Allohning izni ila yaxshilik va nusrat bordir. Zero, er yuzi va samodagi hech bir narsa Allohni bundan ojiz qilolmaydi. U Zot qudratli, hikmatli zotdir.

Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

17 shavvol 1441h

8 iyun 2020m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.