Lukashenko: Belarus teng sharoitlardagi integratsiyani xohlaydi

51
0

Lukashenko: Belarus teng sharoitlardagi integratsiyani xohlaydi

 Belarus Rossiyadan integratsiya doirasida imtiyoz emas, teng sharoitlarni so‘ramoqda, dedi mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda.

 “Biz shartnomamiz borishini tahlil qilish uchungina keldik va hech narsa so‘ramaymiz, hech narsani talab qilmaymiz, biz allaqachon kelishib bo‘lganmiz. Odamlar va xo‘jalik sub’ektlari yashash va ishlash uchun teng sharoitlarga ega bo‘lishi kerak. Teng sharoitlar – boshqa hech narsani keragi yo‘q”, – dedi Lukashenko.

 “Biz ayrimlar gapirayotganidek, arzon gaz, arzon neft so‘ramaymiz. Gazni 200 dollardan sotib olishga ham, bir barrel neftni 63 dollardan sotib olmaslikka ham tayyormiz, asosiysi, sharoitlar bo‘lsin”, – dedi u.

 Izoh: Rossiya EOII tashkil etar ekan bundan ko‘zlagan maqsadi SSSRdan meros bo‘lib qolgan mustamlakalarni qo‘ldan chiqarib yubormaslik edi. Shu sababli ham ittifoq tashkil etilishi arafasida ayrimlariga bosim o‘tkazgan bo‘lsa, ayrimlarini moddiy rag‘batlantirdi. Hozir ham yangi a’zolarni, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonni ham ittifoqqa olib kirish harakatida ularga oshkora bosim o‘tkazib kelmoqda.

 Rossiya Federatsiyalar Kengashi spikeri Valentina Matvienko oktyabr oyidagi Toshkentga qilgan safarida – hali Mirziyoev bilan uchrashmay turib “O‘zbekiston EOIIga a’zo bo‘lmoqchi”ligini aytgandi. Bu ochiq oydin “O‘zbekiston, qani endi a’zo bo‘lishni tezlat!” deganday bosim edi. Tojikistonni ittifoqqa olib kirish uchun o‘zbek-tojik chegarasi yaqinida “jangarilar” tomonidan amalga oshirilgan hujumni uyushtirgan bo‘lsa, ikki kundan beri Rossiyadan Tojikistonga pul o‘tkazmalarini to‘xtatib qo‘ydi. 

 Aslida, bu kabi bosimlar yoki moddiy rag‘batlantirishlar allaqachon a’zo bo‘lgan davlatlarni ham chetlab o‘tmagan. Masalan, Qirg‘iziston ittifoqqa a’zo bo‘lgunga qadar qirg‘iz-tojik chegarasida mojarolar kesikik ko‘payib, hatto chegarachilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlargacha borib etdi. Shu bilan birga moddiy rag‘bat ham ko‘rsatildi. 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi Rossiya-Qirg‘iziston rivojlanish jamg‘armasi va 300 million AQSh dollari miqdoridagi qarzni kechish ittifoqqa qo‘shilish bitimining bir qismi bo‘lgan. Armanistonga esa Rossiya gaziga 30 foiz chegirma berilgan. Bundan tashqari, Armanistonning qo‘shni Ozarbayjon va Turkiya bilan yomon munosabatlarini hisobga olgan holda, Rossiyaning Erevanni harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi omil bo‘lgan. Belarusga iqtisodini rivojlantirish uchun Rossiyaning arzon neft va gazi hamda Evrosiyo Taraqqiyot Banki ajratadigan 2 milliard dollarlik qarz “turtki” bo‘lgan edi.

Ammo ittifoqdagi Rossiyaning yakka hukmronligi va faqat o‘z manfaatlarini ilgari surishi borgan sari ko‘proq noroziliklarni paydo qilmoqda. Yaqinda ham Lukashenko, bu kabi ittifoqni bizga nima keragi bor” deb chiqqan bo‘lsa, qirg‘iz parlamentidagi ayrim deputatlar ittifoqdagi nohaqliklardan noliy boshlashdi. Ammo hozircha Rossiya harbiy quvvatiga suyanib, turli vahimalarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali boshqa a’zolarga deyarli tahdid bilan ittifoqni saqlab turibdi. Agar Rossiya yana ozgina quvvatdan qoladigan bo‘lsa bu ittifoqning kelajagi ham savol ostida qoladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.