Musulmonlar nima uchun moʻgʻullardan magʻlub boʻldi va qanday qilib qayta gʻalaba qozondi

1307
0

Musulmonlar nima uchun moʻgʻullardan magʻlub boʻldi va qanday qilib qayta gʻalaba qozondi

(Shariyat amal qilish uchun, tarix esa saboq olish uchun oʻrganiladi)

Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyo oʻlkalari Xalifalikdan ajrab, har biri oʻz boshqaruviga ega boʻlib olishgan edi. Somoniylar, Saljuqiylar, Xorazimshoh, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar alohida boʻlib, oʻzaro janglar olib borishdi. Bu ichki urushlarda Somoniylar tugatildi, qolganlari qolganlari esa ichki majorolarini davom ettirishdi.

Ular Alloh taoloning:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ

“Albatta, moʻminlar ogʻa- inidirlar. Bas, sizlar ikki ogʻa – iningiz oʻrtasini tuzatib qoʻyinglar”(Hujurot: 10),

-degan oyatiga amal qilishmadi.

Ichki urushlar sababli zaiflashib ketganliklari sababli, Qoraxoniylar moʻgʻullardan qochib kelgan naymanlardan ham magʻlub boʻlishdi. Ularga boshqa musulmonlar yordamga kelishmadi.

Alloh taoloning:

 وَإِنْ اسْتَنصَرُوكُمْ فِي الدِّينِ فَعَلَيْكُمْ النَّصْرُ

“Agar ular din yoʻlida sizdan nusrat-yordam soʻrasalar, nusrat-yordam berish zimmangizdadir”, (Anfol: 72)

-degan hukmiga boʻysunishmadi.

Keyin moʻgʻullar bostirib kelishgach, qolgan davlatchalarning birortasi ham bosqinga qarshi tura olishmadi. Moʻgʻullar ularning barchasini birin-ketin bosib oldi. 1258-yili Xulagu boshchiligidagi moʻgʻullar qoʻshini Xalifalik davlati markazi Bogʻdodga yetib borishdi.

Xulagu xalifaning birinchi vazirini dunyo matolari bilan yoʻldan ura oldi. Ibn Alqamiy moʻgʻullarning Bogʻdodni bosib olishiga sharoit yaratib berdi.

Oqibatta, Ibn Alqamiy Rosullulloh sollallohu alayhi va sallam aytgan xoinlardan boʻlib qoldi:

«لِكُلِّ غَادِرٍ لِوَاءً يَوْمَ الْقِيَامَةِ يُرْفَعُ لَهُ بِقَدْرِ غَدْرِهِ وَلاَ غَادِرَ أَعْظَمُ غَدْرًا مِنْ أَمِيرِ عَامَّةٍ»

“Har bir gʻaddor-xiyonatkor uchun qiyomat kuni bir bayroq boʻladi, u uning xiyonati qanchalik ekaniga qarab koʻtariladi, ogoh boʻlinglarki omma(ning xoin) amiridan koʻra kattaroq xoin yoʻq”. (Muslim rivoyati).

Oʻsha vaqtda uch milion aholiga ega boʻlgan Bagʻdod dunyodagi eng yirik shahar hisoblanardi. Xalqning yashash darajasi juda yaxshi edi. Xalifa bosh boʻlgan xalq bundan ham yaxshi yashashni istab, dunyo matolariga ega boʻlishda raqobatlashishardi. Biroq, diniga beeʼtibor boʻlib, oʻzlaridan boshqa musulmonlar toʻgʻrisida qaygʻurmay qoʻyishgan edi. Moʻgʻullar Oʻrta Osiyodagi musulmonlarni qirgʻin qilayotganda, ular haqida hecham bosh qotirishmadi.

Mana eni moʻgʻullar ularga ham yetib keldi. Bagʻdod quladi, millionga yaqin musulmon qirib tashlandi, ularning qatorida xalifa Moʻtasim ham oʻldirildi, musulmonlar tarixda birincha bor Xalifasiz qolishdi.

Musulmonlarning bunday magʻlubiyatga uchrashish sababini – Xulaguning qizi bilan bir olimning suhbati – aniq koʻrsatib turibdi.

Xulaguning qizi bilan musulmonlar olimi oʻrtasidagi savol-javob shunday kechdi:

Xulaguning qizi: -Sizlar Allohga iymon keltirganlardansizlar, toʻgʻrimi?

Musulmon olim: -Toʻgʻri.

Xulaguning qizi: -Alloh xohlaganiga yordam beradi deb aytasizlar, toʻgʻrimi?

Musulmon olim: -Albatta.

Xulaguning qizi: -Alloh bizga sizlarni magʻlub qilishga yordam berdi, toʻgʻrimi?

Musulmon olim: -Ha.

Xulaguning qizi: -Bu gʻalaba – Xudoning huzurida sizlarga qaraganda bizlar suyukli ekanligimizni isbotlamaydimi, nima deysan?

Musulmon olim: -Yoʻq.

Xulaguning qizi: -Nega?

Musulmon olim: -Sen qoʻy boqib yurgan choʻponlarni bilasanmi?

Xulaguning qizi: -Ha.

Musulmon olim: -Qoʻy boqib yurgan vaqtda choʻponning itlari boʻladi-a?

Xulaguning qizi: -Ha, boʻladi.

Musulmon olim: -Qoʻylar oʻzlaricha, har tarafga tarqay boshlaganda choʻpon nima qiladi?

Xulaguning qizi: -Ularni qayta toʻplash uchun itlarini ishga soladi.

Musulmon olim: -Itlar qoʻylarni qachongacha quvlaydi?

Xulaguning qizi: -Ular qayta bir qoʻraga toʻplanguncha.

Musulmon olim: -Sizlar ham Allohning yer yuzidagi itlarisiz. Endi qachon biz musulmonlar Allohning diniga bosh egib, bir ittifoqqa kelmagunimizcha sizlar ortimizdan tushib kuvib yuraverasizlar.

Shunday qilib, moʻgʻullar qoʻydek tarqab ketgan musulmonlarning ortidan tushib, Shomga qadar bordi. Navbat Misrga yetib keldi.

Bu vaqtda Misr sultoni Sayfuddin Qutuz edi. Uning yonida Izz ibn Abdussalom degan olim bor edi. Moʻgʻullarning koʻp oʻlkalarimizni bosib olishlari Kanona xalqiga qiyinchiliklar olib kelgandi. Ochlikdan qiynalgan miskinlar juda koʻpaygan, bundan tashqari moʻgʻullarga qarshi kurashish uchun ulkan mablagʻ zarur edi. Shu sababli xalqqa soliq solish fikri paydo boʻldi. Biroq, fazilatli olim bunga yoʻl qoʻymadi. U butun xalqqa soliq solish harom ekanligi toʻgʻrisida fatvo chiqardi. Oqibatda, Baytulmolda yetishmovchilik boʻlsa, mablagʻ amirlardan, savdogar va boylardan olinadigan boʻldi. Buni Izz ibn Abdussalom barchaning oldida amalga oshirdi: “Ey Sayfuddin, soliqni oʻzingdan boshla, boyligini oʻrtaga tashla”,- dedi. Sulton bor boyligini oʻrtaga tashladi. Uning ortidan boshqa amirlar, undan keyin boy insonlar… va hokazo boyliklarini oʻrtaga tashlay boshladi. Oqibatda Misrda birorta ham boy odam qolmadi. Shundan soʻng barcha odamlar ixtiyoriy ravishda kunlik ehtiyojlaridan tashqari barcha buyumlarini oʻrtaga tashlashdi. Ayollar sirgʻa-bilaguzuk singari taqinchoqlarini… hech narsa qoldirmay topshirishdi. Baytulmolda xalqning asosiy ehtiyojlarini qondirishga va urushga kiradigan kuchli qoʻshinni taʼminlashga yetarli mablagʻ toʻplandi.

Shunday qilib Islom qoʻshini sulton Qutuz boshchiligida moʻgʻullar yoʻlini toʻsib chiqdi. 1260-yil 3- sentyabrda Falastindagi Ayn Jalut yaqinida taqdirni xal qiluvchi jang boshlandi. Jang davomida musulmonlar qoʻshini sustlasha boshladi. Buni koʻrgan Sulton Qutuz – askarlari uni tanishi uchun –dubulgʻasini yechdi va “Islom uchun! Islom uchun!” deb xayqirgan holda oʻzi birinchilardan boʻlib jangga kirdi. Bundan quvvat olgan Islom qoʻshini yangi gʻazotga kirgandek, gʻayrat bilan jang qila boshladi. Natijada Islom qoʻshini moʻgʻullar qoʻshinini tor-mor qildi.

Bu urush tarixda moʻgʻullar yurishini toʻxtatgan nuqta boʻldi. Misrliklarni moʻgʻullar ustidan gʻalabaga erishishining asosiy sababi – dinini mahkam ushlashlari edi. Bu bilan Islom dunyoqarashi, saltanati saqlab qolindi. Bu misrlik musulmonlar uchun Alloh taoloning tortiq qilgan mukofoti boʻldi.

Alloh taolo aytadi:

  وَيَوْمَئِذٍ يَفْرَحُ الْمُؤْمِنُونَ بِنَصْرِ اللَّهِ يَنصُرُ مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ الْعَزِيزُ الرَّحِيمُ

Oʻsha kunda moʻminlar Alloh gʻolib qilgani sababli shodlanurlar. (Alloh) oʻzi xohlagan kishini gʻolib qilur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir” (Rum: 4-5).

Abdun-Nasr

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.