Shavkat Mirziyoyevning qanday maqsadlari bor?

117
0

Assalomu alaykum
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Xitoy oʻrtasidagi temir yoʻl qurilishiga Rossiyaning munosabati qanday boʻladi???

Oʻzbekistonni Qirgʻiziston va Tojikiston bilan aloqalarini yaxshilab borishidan Sh.Mirziyoyevning qanday maqsadlari bor? Nimaga oʻzgarishlar bunday tez sodir boʻlyapti?

Vaalaykum assalom
Oʻzbekiston Karimov boshqaruvi ostida maksimal darajadagi kuchli diktatorlik rejimining zulmi eng yuqori choʻqqisiga yetib bordi. Oxirgi vaqtlarda Karimovning diktatorlik darajasi mamlakat iqtisodi va hatto tashqi siyosatidagi manfaatlarga katta zarar olib kela boshladi. Bu esa mamlakatda rejimning diktaturasi boshi berk koʻchaga kirib borayotgani va bu juda kuchli portlashi mumkin boʻlgan xavfli holat paydo qilib borayotganini anglatar edi. Chunki har qanday oʻta qattiq avtoritar rejimning ham choʻqqisi, intihosi va yakuni boʻladi. Butun xalqaro siyosat Oʻzbekiston rejimining shu intihosini kutib, uni qanday oqibatlarga olib borishi mumkin ekanidan xavotirda edi.

Shu paytda Karimov oʻldi yoki oʻldirildi. Qanday boʻlganida ham rejim boshidan ayrildi. Karimovning ijroiy vaziri boʻlgan va oxirgi oʻn yillikda mamlakat ichki siyosiy ketuvini deyarli oʻzi bevosita yurgizib borgan Mirziyoyevdan boshqa, vaqtinchalik boʻlsa ham boshqaruvni eplay olishi mumkin boʻlgan siyosatchi topilmay qoldi. Rejim vakillari deyarli bir ovozdan hokimiyat tizginini unga topshirishdi.

Mirziyoyev sobiq rejimni yoʻq qilayotgandek harakatlar olib boryapti, lekin unday emas. U rejimni reforma qilib, uni oʻziga moslab yangilab borayapti. U rejimning asosi boʻlgan elita vakillarini saqlab qolib, Gʻulomov singari Karimovning xos yugurdaklari boʻlgan va elita vakillari boʻlmagan shaxslarni jazoga tortib yuboryapti.

Rejim, fuqorolari ustidagi bosimlarini qoʻyib yuborayotib, oʻzbek xalqini iqtisodiy isloxotlar va iqtisodiy holatlarini bir muncha yaxshilayotgandek, oʻzgarishlar kiritib borayapti. Lekin u rejimni xali oʻzgartirgani yoʻq! Barcha reformalari asossiz, ogʻzaki, xaligacha qonuniylashtirilgani yoʻq. Yaʼni konstitutsiya yoki boshqa dasturlarni xalq referendumiga qoʻyib oʻzgartirish haqida gap boʻlgani yoʻq.

Oʻzbekistonda haqiqiy oʻtish davri boʻlgani yoʻq! Mirziyoyev yangicha sunʼiy oʻtish davrini paydo qilib boryapti. Xalqaro siyosat ham uni bu ishida qoʻllab-quvvatlab kelyapti. Shuning uchun u olib borayotgan tashqi va ichki reformalar, kelishim va shartnomalari oson amalga oshib boryapti. Qoʻshni davlatlari boʻlgan Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston hatto Rossiya, Xitoy va Afgʻoniston bilan ham aloqalarni kuchaytiryapti. Xalqaro siyosat qoʻllovi boʻlmasa bunday aloqalar oʻta muvafaqqiyatsizliklar bilan qiyin kechadi.

Demak, Mirziyoyev Oʻzbekistonda juda katta beboshliklar bilan boʻlishi kutilgan inqilobiy xalq intiqomini oldini olib qoldi. Bu esa nafaqat Gʻarb olami uchun balki Rossiya uchun ham oʻta manfaatli oʻtish davri boʻldi desak toʻgʻri boʻladi. Mirziyoyevning reformalariga Rossiya munosabatlariga shu nuktadan qaralsa toʻgʻri yechiladi. Yaʼni, Rossiya ham Mirziyoyevning reformalari kutilgan natijalar bilan tinch amalga oshirilishidan manfaatdor.

Shuning uchun u Mirziyoyevning Xitoy va AQSh kabi davlatlar bilan baʼzi iqtisodiy, siyosiy aloqalariga kuchli qarshilik qilmaydi yoki qila olmaydi. AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maslaxatchisi “Amerika ovozi” radiosiga bergan bayonotida “AQSh Oʻzbekiston bilan qoʻshni davlatlar turkumiga kirmaydi, demak, u qoʻshnichilik iqtisodiy aloqalariga aralashmaydi”, dedi. Demak, AQSh Rossiyaning Oʻzbekistondagi iqtisodiy manfaatlariga qarshi keskin harakatlar olib bormaydi.

Mirziyoyev 25 yil mobaynida qoʻldan boy berilgan imkoniyatlar va vaziyatlarni oʻnglab olishga shoshilyapti. Chunki bu imkoniyat eshiklari unga hamisha ham ochiq turmaydi. Xalqaro siyosat Mirziyoyevning olib borayotgan reformalaridan rozi. Lekin u Karimovning rejimini oʻz qoʻliga oʻtkazib olmoqchi. Xalqaro siyosat ham uning bu maqsadiga qarshi emas.
Abdurazzoq

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.