AQSh: Suriya masalasida Rossiya bilan hamkorlik yo’lini topishimiz mumkin

436
0

AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter Voshington va Moskva Suriya masalasida hamkorlik sohalarini topishi mumkinligini bildirdi. Karterga ko’ra, buning uchun Suriyadagi inqirozga siyosiy echim topish hamda IShIDni mag’lubiyatga uchratish nuqtasida AQSh va Rossiya paralel harakat olib borishlari lozim.

Eshton Karter Ukraina mudofaa vaziri Stepan Poltora bilan uchrashuvi ortidan tashkil qilingan mushtarak matbuot anjumanida jurnalistlarning Suriya inqirozi haqida bergan savollariga javob berdi. O’tgan hafta Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan telefon orqali suhbat o’tkazganligini eslatib o’tgan Karter hamkasbi bilan IShIDni mag’lubiyatga uchratish hamda Suriyada siyosiy echim topish lozimligi ustida gaplashib olganligini bildirdi. Karterga ko’ra, yuqoridagi ikki maqsadga qaratilgan harakatlarni bir vaqtda olib borish lozimligi mantiqqa ham to’g’ri keladi.

“IShIDni mag’lubiyatga uchratish uchun harakat olib borilar ekan, boshqa bir tarafdan siyosiy echim topishga harakat qilmaslik IShIDning asosini tashkil qilgan ekstrimizmni ozuqalantirish ma’nosini anglatadi. Agar Rossiyaning fikri shunday bo’lsa, bunda biroz ziddiyatlik mavjud. Bu ziddiyatdan chiqishning yo’li esa mazkur ikki maqsad ustida paralel ravishda harakat olib borishdir. Shu maqsadda biz Rossiya bilan uchrashuv o’tkazishga tayyormiz”, dedi Karter.

AQSh mudofaa vaziri boshqa bir savolga javob berar ekan, Rossiya va AQShning Suriyadagi manfaatlari bir biriga hamohang bo’lsa ham, AQShning Ukrainaga oid siyosatida biror bir o’zgarish bo’lmasligini ta’kidladi. Karterga ko’ra, AQShning Ukrainaga ko’rsatayotgan yordamlari va Rossiyaning u erdagi harbiy mavjudligiga qaratilgan tanqidlari davom etaveradi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.