Loran Fabius Jeneva-2 konferentsiyasi muvaffaqiyatli o’tishiga shubha bildirdi

191
0

fabius

Frantsiya tashqi ishlar vaziri Loran Fabius Suriyadagi vaziyat haqida yomon fikrda ekanligini izhor qilar ekan, yanvar oyining oxirgi haftasida Suriya masalasi bo’yicha Shveytsariyada o’tkazilishi rejalangan Jeneva-2 konferentsiyasining muvaffaqiyatli yakun topishiga shubha bildirdi.

Fabiusning fikricha, Suriyada Bashar Asadga qarshi kurashayotgan “mo”tadil” muxolifat jiddiy muammolarga yuz tutgan. Bu esa BMT xomiyligi ostida Suriya hukumati va muxolifat vakillari o’rtasida o’tkaziladigan tinchlik muzokaralarining muvaffaqiyatsiz yakun topishiga sabab bo’lishi mumkin.

“Afsuski, bu borada menda shubha bor. Jeneva konferentsiyasi muvaffaqiyatli yakun topishi uchun bor kuchimizni sarflayapmiz. Ammo muvaffaqiyatli yakun topishiga ishonish qiyin”, dedi u Monakoda o’tgan olamshumul konferentsiyada.

Frantsiya hukumati Suriya milliy koalitsiyasi va mo”tadil qarshilik harakatini birinchi bo’lib tan olganlardan ekaniligini zikr qilgan Loran Fabius mo”tadil qarshilik harakati islomiy jihodiy guruhlar qarshisida o’z nufuzini yo’qotganligi sababli katta muammolarga duch kelayotganligini ta’kidladi.

Frantsiya Suriya muxolifatini dastaklab kelayotgan va Asaddan so’ng boshqaruvni mo”tadil muxolifat qo’lga olishiga umid bilan ko’z tikib turgan G’arb davlatlardan biri hisoblanadi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.