O’zbekistonda ish haqi va nafaqalar miqdori yana oshiriladi

207
0

загруженное (2)

 

Prezidenti Islom Karimov 2 dekabr kuni imzolagan va 15 dekabrdan kuchga kiradigan “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to’g’risida”gi farmon har safar oddiy xalq tomonidan xovotir bilan kutib olinadi. Buning sababi, farmon kuchga kirib, ishchi va nafaqaxo’rlar oshirilgan miqdordagi haqlarini qo’lga olgunlariga qadar bozorlardagi narhlar bu oshirilgan ish haqiga nisbatan tezroq va ko’proq oshib ketadi.

Mazkur farmonga muvofiq 15 dekabrdan e’tboran eng kam ish haqi 96 105 so’m (amaldagisi 91 530 so’m) qilib belgilandi. Yoshga doir va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar 187 970 so’m (amaldagisi 179 020 so’m), zarur ish stajiga ega bo’lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz bo’lgan fuqarolarga beriladigan nafaqa 115 340 so’m (amaldagisi 109 530 so’m) qilib belgilandi. O’zbekistonda ish haqi va nafaqalar bir yilda kamida ikki marta oshirilishi (so’ngi bor 2013 yilning 1 avgustidan 15 foizga oshirilgan) odat tusiga kirib qolgan. Rasmiy hukumat buni “Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida” amalga oshirayotganini da’vo qilsada, ammo buning ortidan amalda yo’q bo’lgan gaz, svet va kommunal to’lovlar haqini oshirib, xali fuqarolar o’z qo’liga olmagan ish haqi va nafaqalardan ushlab qoladi.

O’zbekiston hukumati ish haqini arzimagan miqdorda oshirish evaziga o’zining bo’shab qolgan byudjetini to’ldirishga harakat qiladi. Chunki ish haqi oshirilishi ortidan fuqaro va tadbirkorlardan oladigan soliq miqdori ham oshadi.

“Soliqlar-2013. Global manzara” deb nomlangan tadqiqotda O’zbekiston 185 davlat orasida 161-o’rinni egallagan.

Mutaxassislarga ko’ra, O’zbekistonda umumiy soliq stavkasi 98.5 foizni tashkil etadi. Shundan 0.9 foizi daromad solig’i, 28.2 foiz ijtimoiy soliq va 69.4 foizi boshqa turdagi soliqlardir.

Bu eng yuqori ko’rsatkich bo’lib, Sharqiy Ovro’po va Markaziy Osiyoda soliqlarning umumiy miqdori o’rtacha 41.3 foizni tashkil etadi. Qozog’istonda soliqlarni umumiy miqdori 28.6 foizni, Qirg’izistonda 68.9 foizni, Tojikistonda esa 85.9 foizni tashkil etadi. Soliq miqdorini bunday yuqoriligi sababli yangi ochilayotgan korxonalarni aksari ochilmay turib o’z faoliyatini tugatmoqda. Hukumatning rasmiy ma’lumotiga ko’ra, o’tgan 2012 yilning bir choragida 6 ming 668ta yangi korxona ish boshlagan bo’lsa, 4 ming 275 korxona o’z faoliyatini tugatgan.

O’zbekiston hukumati bo’lsa aholi farovonligi “oshayotganligi” va “yangi ish o’rinlari barpo etilayotgani” haqida lof urishdan charchamaydi. Agar O’zbekistonda haqiqatdan ham aholi turmush darajasi oshayotgan bo’lsa bu Rossiyada yurgan millionlab “dangasalar” jo’natayotgan pullar evaziga bo’lmoqda, chunki “aholi daromadi va turmush darajasini” oshiradigan ish haqi va nafaqalar oylab o’z egalari qo’liga etib bormaydi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.