Eron katta shaytonni xursand qildi va bundan o’zi ham g’oyat mamnun

476
0

Shu paytgacha Eron minbarlaridan turib Amerikani “katta shayton”, deb haqorat qilish odatiy holga aylangan edi. Biroq bugunga kelib Eron hukumati o’sha “katta shayton” bilan kelishuvga erishganidan boshi osmonga etmoqda.

Voshington hukumati Eron yadroviy dasturi ustida bitim tuzilgan kunni tarixiy kun, deb atadi. AQSh prezidenti Barak Obama ham quvonchini yashirmagan holda tarixiy bitimni olqishlamoqda. Obamaning ta’kidlashicha, Eronning yadroviy dasturiga oid tuzilgan nihoiy bitim AQSh va uning ittifoqdoshlarining milliy manfaatlarini inobatga olgan holda amalga oshirilgan.

AQSh prezidenti bu bitimni “Eronni yadroviy bombani qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaydigan bitimdir”, deya baholadi. Unga ko’ra, Eron bilan tuzilgan atroflicha va uzoq muddatli bitim Eronning yadroviy qurolga ega bo’lishiga aslo imkon bermaydi.

“AQSh va uning ittifoqdoshlari Eron bilan tarixiy bitimga erishdi. Agar bu bitim to’liq amalga oshirilsa, ular uchun yadroviy bombani qo’lga kiritish imkoni qolmaydi. Bu bitim sababli Eron uchun uzoq muddat yadroviy qurolni qo’lga kiritishning barcha yo’llari kesildi. Prezident va bosh qo’mondon sifatida zimmamda Amerika xalqining xavfsizligidan ko’ra kattaroq javobgarlik yo’q”, dedi Obama.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri esa Eron yadroviy dasturi bo’yicha kelishuv ortidan tashkil qilingan matbuot anjumanida bayonot berdi. Bayonot chog’ida Kerri “Bu biz istagan bitimdir”, dedi.

Kelishuvga ko’ra, Eron mavjud boyitilgan uran zaxiralarining qariyb 98 foizidan voz kechadi. Buning evaziga AQSh va G’arb davlatlari Eronga qarshi belgilangan jazo choralarini bosqichma-bosqich bekor qiladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.