Istambulda Zulmga qarshi namoyish o’tkazildi

601
0

Turkiyaning Istambul shahrida “Turkistan-Der” xalqaro turkistonliklar hamkorlik jamiyati, “Mazlum-der” inson huquqlari tashkiloti va Sharqiy Turkiston Maorif uyushmasi tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishi bo’lib o’tdi. Namoyishda O’rta Osiyo va Rossiyadagi musulmonlarga nisbatan amalga oshirilayotgan zulmlar va O’rta Osiyo musulmonlarining dunyoning turli erlarida suyiqasd nishoniga aylanishlari qattiq qoralandi.

“Mazlum-der” inson huquqlari tashkiloti Istambul shu’basining rahbari Junayt Sariyashar Qirg’iziston, Sharqiy Turkiston, Tojikiston va O’zbekistonda zulmlar davom etar ekan, bunga e’tiborsiz bo’lish to’g’ri emasligini ta’kidladi. Sariyasharga ko’ra, agar Yevropada bitta inson o’ldirilsa barcha ommaviy axborot vositalari butun dunyoga jar solishadi. Biroq son-sanoqsiz musulmonlar qirg’in qilinishiga hech kim e’tibor qaratmaydi.

“So’ngi kunlarda Frantsiyada qat’iy tasdiqlanmagan bir hodisa yuzaga keldi. Bu hodisaning dunyo matbuotida qanchalik o’rin egallaganligiga hammamiz guvoh bo’lib turibmiz. 12 kishi xalok bo’ldi. Biroq bizga ma’lum bo’lishicha, ayni ushbu soatlarda Islom diyorlarida 300dan ortiq musulmon qatl etilgan”, dedi Junayt Sariyashar bu haqida biror xabar tarqatilmaganligiga ishora qilib.

Darhaqiqat Frantsiya hodisasi yuz bergan kunning o’zida bir qancha Islom diyorlari qonga belandi. Birgina Yamanda ikkita portlash yuz berib 80 nafar musulmon qonlar ichida qoldi. Bu kabi holat Iroqda odatdagidek takrorlanib kelmoqda. Ammo bu hodisalarni hech kim ko’rmaydi, eshitmaydi, faqat ekran ostidagi bir necha satrlarda yozib o’tkaziladi xolos.

E’tiborli joyi shundaki, BBS va Ozodlik kabi mashhur axborot agentliklari ham mazkur namoyishni o’z saytlarida yoritishdi. Ammo Junayt Sariyasharning yuqoridagi so’zlariga o’rin berilmadi.

“Turkistan-Der” xalqaro turkistonliklar hamkorlik jamiyatining rahbari Burxon Qovunchi ham o’z nutqida muhojirlarga nisbatan suiqasdlar davom etayotganini bildirib, o’tgan dekabr oyida Abdulloh Buxoriyning Istambulda o’ldirilganligini tilga olib o’tdi.

“Biz – O’rta Osiyo musulmonlari Turkiyaga hijrat qilishga majbur bo’ldik. Xuddi Rosululloh S.A.V. Madinaga hijrat qilishga majbur bo’lgani kabi. Biz O’rta Osiyo xalqlarining faryodlariga quloq solinishini istaymiz. Biz zolim diktatorning zulmidan qochib keldik, Robbim Alloh, deganligimiz sababli qiynoqlarga duchor bo’lmasligimiz uchun vatanlarimizni tashlab chiqishga majbur bo’ldik. Bu musulmonlarning hijrat qilib kelganligi sabablarini to’g’ri baholash lozim. Chunki muhojirlarning birodarlari ularga ansorlik qilishga majburdirlar”, dedi Qovunchi Turkiya xalqi va hukumatiga murojaat qilib.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.