Almazbek Atambaev rasmiy safar bilan Qozog’istonga bordi

675
0

 Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan 7 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Qozog’istonga bordi.

 Tashrif doirasida Almazbek Atambaev Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboev va Bosh vaziri Karim Masimov bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

 Bundan tashqari, ikki davlat prezidentlari raisligida Qirg’iziston va Qozog’iston Davlatlararo oliy kengashining 4-yig’ilishi bo’lib o’tadi.

 Ostonaga etib kelishi bilan Qozog’istonning 24.kz telekanaliga bergan intervyusida Almazbek Atambaev qirg’iz-o’zbek munosabatlarining hozirgi ahvoliga to’xtalib o’tdi.

 Xususan¸ Almazbek Atambaev O’zbekiston hukumatining Qirg’izistondagi “Qambar-Ota-1” GESi qurilishiga nisbatan qarshiligi turli bosim shaklida namoën bo’laëtgani va mamlakat janubidagi vaziyatni tang holga solib qo’yganidan shikoyat qildi:

 “O’zbekistonga bungacha bir necha bor taklif etganmiz, hozir ham aytmoqdamiz – ular “Qambar-Ota-1” GESining qurilishiga o’z hissasini qo’shsa bo’ladi. O’tmish xotirasi bilan yashash kerak emas. Qo’shnini dushman qatori ko’rish ham to’g’ri emas. Gazni o’chirdi, temir yo’lga cheklov kiritdi. Qo’shnilar bir-biriga yordam berishlari kerak. “Qambar-Ota-1” GESi nafaqat Qirg’izistonni, balki qo’shni o’lkalarni ham elektr energiyasi bilan ta’minlay oladigan loyihadir. Buni ko’zi ko’r odamgina ko’rmaydi yoki ko’rishni istamaydi”, – dedi Qirg’iziston prezidenti.

 Shundan so’ng Almazbek Atambaev Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarbaev bilan tor doirada muzokaralar o’tkazdi.

 Nursulton Nazarboev Qirg’iziston prezidentining tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi tarixiy rishtalar va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirdi.

 Shuningdek, Nursulton Nazarboev Qozog’iston va Qirg’iziston o’rtasidagi siyosiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga qo’shgan hissasi uchun Alamzbek Atambaevga I darajali “Do’stlik” ordenini taqdim etdi.

 Uchrashuv yakunida OAVlari uchun uyushtirilgan qo’shma matbuot anjumanida Nursulton Nazarbaev Qirg’izistonga elektr etkazib berilishini ma’lum qildi.

 Almazbek Atambaev iltimosiga binoan Qozog’iston Qirg’izistonga elektr energiyasi etkazib beradigan bo’ldi.

 Nursulton Nazarbaevning so’zlariga ko’ra, Qozog’iston Qirg’izistonga 2014 yilda 400 million kVt-soat va 2015 yili 1,4 milliard kVt-soat elektr energiyasi etkazib beradi.

 “Bizlar uchun texnik harajatlar bo’lishiga qaramay, biz bu muammoni xal qilyapmiz. O’z navbatida qirg’iz do’stlarimiz biz uchun muhim bo’lgan sug’orish mavsumida suv bilan ta’minlash to’g’risidagi kelishuvni bajarishga va’da berishmoqda”, – dedi Nursulton Nazarbaev.

 Qozog’iston prezidenti Nazarbaev “himmati”dan ruhlangan Almazbek Atambaev, Qirg’izistonda elektr ta’minotida uzilishlar bo’lmasligini aytdi.

 “Darhaqiqat, biz hozir elektr etkazib berish to’g’risidagi qarorni imzoladik, Xudoga shukur, endi Qirg’izistonda elektr energiyasida uzilishlar bo’lmaydi”, – dedi Atambaev.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.