Turkiya Isroilni tanqid qildi, ammo aloqalar joyida

460
0

s_485254749Turkiya prezidentligiga nomzod va hozirda Turkiya bosh vaziri mansabida ish yuritayotgan Rajab Toyyib Erdug’on Turkiyaning Bursa shahridagi “Ko’kdara” maydonida tashkil qilingan mitingda nutq so’zladi.

 U o’z nutqida Isroilning G’azoga qilgan hujumini qoralab, Falastindan kelayotgan yomon xabarlar aynan ramazon oyida sodir etilayotganligini aytib o’tdi.

 “Terrorchi davlat Isroil bir necha kunlardan buyon G’azoni bombalamoqda. Endi esa quruqlikdan hujumga o’tdi. Oxirgi haftalarda aksariyati yosh bolalar va ayollardan iborat 240 nafardan ortiq musulmon shahid etildi. Ikki mingdan ortiq musulmon jarohat oldi. Isroil maktablarni, shifoxonalarni, jomelarni ayovsiz insofsizlarcha hujumga tutmoqda. O’rta Sharqda g’ayri insoniy hujumlar davom etar ekan, ming afsuslar bo’lsin, dunyo jim qarab turipti, Islom o’lkalari ham jimgina kuzatib turipti. Ba’zilar bizning G’azo uchun ovozimizni chiqarishimizdan ham jiddiy xavotirga tushmoqda.

 Ammo biz Turkiya davlatimiz. Biz Usmon G’ozi, Orhan G’ozi va Yildirim Boyazitning nevaralarimiz. Xamma jim turaversin, biz jim turmaymiz”, dedi bosh vazir.

 Erdug’on dunyodagi ba’zi rahbarlar “Isroilning himoyalanish huquqidan foydalanayotgani” haqida bergan bayonotini ham tanqid ostiga oldi.

 “Bu qanday ximoya huquqi bo’ldiki, Isroil tarafidan hech kim o’lgan emas. O’lganlarning barchasi Falastinlik. Shu onda 240 nafardan ortiq o’lik bor, ular orasida yoshbolalar, qarilar, ayollar bor. Buni qanday himoya huquqi deya olasiz”, “Buni qarangki, Falastindan Raketa otilar ekanu havoda zararsizlantirilar emish va hech kim o’lmas emish. Bularning xammasi o’yin. Bularning hammasi yolg’on. Yangi salb yurishi qarshisida turipmiz. Bu juda katta xato yurishdir. Men G’arbga murojaat qilib shuni aytaman: bu to’g’ri yondoshuv emas. Ishonamanki, bu yondashuv ertaga sizlarning ham bo’g’zingizdan oladi”, deya so’zini davom ettirdi Erdug’on.

 Turkiya boshvaziri BMT va YeI kabi nufuzli tashkilotlarga ham murojaat yo’lladi.

 “Bu erdan turib shunday deb murojaat qilaman: Ey Yevropa Ittifoqi, nega jimsiz? Misrga, Iroqqa, Suriyaga jim qarab turdingiz. Falastinda insoniyat qadr qimmati erga urilmoqda, nega jimsiz? Bu erdan turib BMTdan so’rayman: yana qancha vaqtgacha jim qarab turasiz? Falastinlik bolalar bola emasmi?! Falastinlik ayollar ayol emasmi? Ey inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, yana qachongacha “bekinmachoq” o’ynaysiz? Buni qarang, isroillik bir deputat ayol chiqib “butun falastinlik onalar o’lishi lozim”, demoqda. Isroil parlamentidagi tushuncha mana shu. Dunyodan bir javob eshitdingizmi? Dunyo jim qarab tursa ham, biz jim qarab turmaymiz. Islom o’lkalari Falastinga orqa o’girsalar ham biz o’girmaymiz. Tarix bizga shuni buyuradi. Ajdodlarimiz Usmon G’ozi, Orhan G’ozi bizdan shuni kutadi. Qo’limiz bilan, tilimiz bilan hech narsa qilmasak ham, qalbimiz bilan haqni aytishda davom etamiz. Bu ham iymonning eng zayif darajasidir”, dedi Erdug’on qo’lidan hech narsa kelmasligiga ishora qilib.

 Turkiston:

 Erdug’on Falastin haqida jo’shib gapirayotgan bo’lsa ham, biroq Isroil bilan harbiy va iqtisodiy aloqalarini har doimgidek davom ettirmoqda. Musulmonlar Isroil davlatining elchixonasi atrofida to’planib “sionist elchiligi yopilsin”, deb talab qilishiga qaramay, Isroil elchixonasi Turkiyada o’z faoliyatini bemalol davom ettiryapti. Hatto unga biror zarar etmasligi uchun turk politsiyachilaridan jonli devor ham tashkil qilingan.

 Erdug’onning bu tanqidiy so’zlari yangrar ekan, tadqiqotchi jurnalist Sebat Lochiner Isroil bilan Turkiya o’rtasidagi harbiy va tijoriy aloqalar ko’lamini ochiqladi.

 Tadqiqotchining ochiqlashicha, Turkiya va Isroil davlati orasidagi do’stona aloqalar juda yaxshi ketmoqda. 2002 yilda, ya’ni Rajab Toyyib Erdug’onning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hokimiyat tepasiga kelgan yilda Isroil-Turkiya o’rtasidagi tijoriy aloqalar hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil qilar edi. Bu raqam 2011 yilga kelib 4 milliard dollarga etdi. Ya’ni Isroil-Turkiya o’rtasidagi tijorat hajmi 2011 yilga kelib 300%dan ko’proqqa ko’tarildi.

 Ikki davlat o’rtasida Davos inqirozi, Marmara qatliomi va boshqa turli og’zaki nizolar yuzaga kelishiga qaramay, ular orasidagi tijorat hajmi 2013 yilda ham to’xtamadi. Balki 5 milliard dollarga yaqinlashib qoldi. 2013 yilda Turkiyaning Isroildagi sarmoyasi 1,3 milliard dollarlik 147 loyihani tashkil qildi. Isroilning Turkiyadagi sarmoyasi esa 4 milliard dollardan oshib ketdi.

 Tadqiqotchiga ko’ra, Turkiya va Isroil bir birini qattiq tanqid ostiga olishiga qaramay, oralaridagi harbiy bitimlarni ham bekor qilgan emas. Suriyada boshlangan ichki urushlardan so’ng Turkiya bilan Isroil turli sohalarda aloqalar o’rnatdi. Turk shirkatlari O’rta Sharq bozoriga kirish uchun Suriyaning o’rniga Isroil liniyasidan foydalana boshladi. Shunga ko’ra turk kemalari avval Isroil portlariga to’xtab, so’ng u erdan mollarni Iordaniya va Ko’rfaz davlatlariga etkazadi.

 Ayni paytda Isroil gazini avval Jayhunga olib kelib, undan so’ngra Turkiya orqali Yevropa bozoriga olib chiqish haqidagi da’volar matbuotga sizib chiqdi. Da’voga ko’ra, Isroil gazini Turkiyaning eng katta shirkatlaridan biri bo’lgan “Zorlu Holding” shirkati Turkiyaga olib keladi.

 “Zorlu Holding” shirkatining rahbari janob Zorluning bildirishicha, Davos va Marmara kabi nizolarga qaramay, Isroil bilan hamkorlik qilish Turkiya tarafidan ham, Isroil tarafidan ham hech qanday qiyinchilikka duch kelgan emas.

 “G’azoni bombalagan Isroil samalyotlarining yoqilg’ilari ham Turkiyadan ketganligi so’ngi kunlarda matbuotda sizib chiqqan boshqa da’volar orasidan o’rin oldi. Demak, Isroil bilan Turkiya o’rtasidagi aloqalar o’z yo’lida ketmoqda. Har kim foyda izidan ovora, boshqa narsalar qiziqtirmaydi. G’azoda va G’arbiy qirg’oqda esa qirg’inlar davom etmoqda. Vaziyat shunday bo’lishiga qaramay, Turkiya Isroil bilan tijoriy va boshqa aloqalarini uzgan emas yoki biror cheklov ham qo’ygan emas. Mavjud siyosatlardan ko’rinib turiptiki, Isroilga qarata aytilgan gaplarga zid ravishda Turkiya u bilan yaxshi aloqalar o’rnatgan davlatdir. Shunday davom etadigan bo’lsa, kelajak 10 yilda ikki davlat orasidagi tijorat hajmi 20 milliard dollardan oshib ketishini taxmin qilish mumkin. Bu vaziyatda har turli siyosiy gaplar o’z-o’zimizni aldashdan boshqa narsa emas”, deya yozadi Tadqiqotchi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.