Korrupsiya qonundan ustun bo‘lganda…

12
0

Korrupsiya qonundan ustun bo‘lganda…

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Baliqchi shahrida so‘zlagan nutqida: “Besh yillik kurashga qaramay, haligacha mamlakatdagi korrupsiyaga to‘liq barham berilgani yo‘q”, dedi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bir yil ichida o‘z samarasini bergan. Biroq, quyi pog‘onadagi korrupsiyani yengish ancha qiyin bo‘lmoqda. U har bir bolalar bog‘chasini ta’mirlash uchun 90 million somdan ortiq mablag‘ ajratilgani, biroq uning yarmi o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lganini misol qilib keltirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, yillar davomida qog‘ozdagi hisobotlar haqiqiy holatga to‘g‘ri kelmagan. Istirohat bog‘i qog‘ozda ta’mirlanayotgan bo‘lsa-da, amalda hech narsa qilinmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ko‘rinish onda-sonda yuz beradigan hodisa emas, balki tizimli ravishda davom etib kelayotgan muammodir.

Yashirin sirni oshkor qilayotgandek tuyulgan prezidentning ushbu so‘zlari nafaqat ayrim korrupsionerlarga nisbatan, balki butun davlat boshqaruv tizimiga nisbatan jazo hukmiga o‘xshash yangradi. Chunki tizim eng oddiy budjetni taqsimlashda ham shaffoflik va javobgarlikni ta’minlay olmayotganligini prezidentning o‘zi aytib turibdi. Boshqacha aytganda, davlat apparati xalq manfaatlariga zid ish yuritmoqda, qonunlar esa faqat qog‘ozda qolib, umuman e’tiborga olinmay qolgan.

Bunday paytda “odob-axloqning tizimli ravishda yo‘q bo‘lishini to‘xtata oladigan va korrupsiyaga qarshi chinakam kurashadigan muqobil boshqaruv shakli bormi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga Islomning huquqiy va axloqiy tizimi javob bula oladi. Islom tuzumi qadimdan bunday ishlarni faqat ta’qiqlab qo‘yish bilangina cheklanib qolmay, balki jamiyatning barcha qatlamlarida mavjud bo‘lgan korrupsiyaga barham berishning keng qamrovli mexanizmini taklif qilgan.

Islom bu muammoni prinsipial jihatdan hal qiladi. Poraxo‘rlik, ishonchni suiiste’mol qilish, mulkni g‘ayriqonuniy ravishda o‘zlashtirish yoki davlat xizmati orqali daromad topish kabi turli xil korrupsiya turlari Islomda gunohi kabira sanaladi. Bu ta’qiq Islomda nafaqat huquqiy darajada, balki ma’naviy darajada ham ko‘rib chiqilgan. Alloh Taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq — harom yo‘llar bilan yemangiz! (Ya’ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yo‘l bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!” Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ ham: “Alloh Taolo pora beruvchini ham, oluvchini ham la’natladi”, dedilar. (Ahmad, Abu Dovud, at-Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hibbon, al-Hakim).

Shuningdek, Islomiy tuzum barcha buzg‘unchiliklarning oldini olishda, jumladan korrupsiyaning oldini olishda ham faqat so‘z va qonun chiqarish bilan chegaralanib qolmaydi, balki amaliy mexanizmlarini amalga oshiradi.

Avvalambor, davlat mablag‘lariga nisbatan shaffoflikni ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz ﷺ davlat lavozimiga tayinlangan kishilarning shaxsiy manfaat uchun ish qilishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Bir sahoba zakot yig‘ib kelib: “Bu davlatniki, bu esa menga sovg‘adir”, deganda, Payg‘ambarimiz ﷺ darhol uni omma oldida ogohlantirib, davlat lavozimiga tayinlangan kishi sovg‘a olmasligini tushuntirdilar.

Ikkinchi, har bir mansabdor shaxs davlat lavozimiga tayinlanishidan oldin va keyin o‘z mol-mulki haqida hisobot berishga majbur. Agar uning boyligi sababsiz ko‘paygan bo‘lsa, u tergovga tortiladi va kerak bo‘lsa mol-mulki musodara qilinadi. Xalifa Umar (r.a.) muntazam ravishda shu usulni qo‘llanganlar. Bu zamonaviy korrupsiyaga qarshi kurash uchun ajoyib saboq bo‘lmog‘i lozim.

Uchinchi, Islom nafaqat tashqi nazorat, balki ichki eng muhim nazorat mexanizmiga ham ega. Bu insonning ichki mas’uliyati, Allohdan qo‘rqish hissi va qiyomat kuni qilgan ishlari uchun javob berishiga ishonishidir. Kapitalizm nuqtayi nazaridan qaraganda, bu ahamiyatsiz bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo mana shu ichki qo‘rquv ko‘pincha jazodan ko‘ra kuchliroq ta’sirga ega bo‘ladi.

To‘rtinchi, eng muhimi, rahbarning o‘zi namuna bo‘ladi. Payg‘ambarimiz ﷺ va to‘rt xalifa hech qanday imtiyozdan foydalanmaganlar, boylik orttirmaganlar, oddiy yashaganlar va “nepotizm” (mansabni qarindosh-urug‘ yoki tanish-bilish orasida taqsimlash)ga yo‘l qo‘ymaganlar. Ular mana shu tariqa xalq ishonchini qozondilar. Ishonch bo‘lmasa, barqaror boshqaruv ham bo‘lmaydi.

Qirg‘izistondagi vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsak, shunchaki qonun qabul qilish bilan jinoiy ishlarni ochishning o‘zi yetarli emas. Muammo qonunlarning yo‘qligida emas, balki ularning tanlab qo‘llanilishida hamda xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lgan kishilar o‘rtasida ichki tartibning yo‘qligidadir. Qishloqdagi korrupsiya, soxta ta’mirlash ishlari, g‘oyib bo‘lgan millionlagan mablag‘lar – bu bir necha kishining jinoyati emas, balki bu tuzumning ma’naviy zaifligidan dalolat beradi. Hozirgi kunda jamiyatda qonundan qo‘rqish o‘rniga jazosiz qolishga ishonch kuchaygan.

Islom tuzumi kapitalizmdan farqli ravishda nafaqat jazo qonunlariga, balki korrupsiyaning oldini oluvchi shart-sharoitlarni yaratishga ham e’tibor beradi. Korrupsiya odamlarning qo‘rquvi tufayli emas, balki ularning e’tiqodi tufayli mumkin bo‘lmay qoladi. Hozirgi boshqaruvda mana shu yetishmayapti.

Qiyomatda Robbisi oldida javob berishini bilgan inson uchun har bir ish sadaqa yoki xiyonat sanaladi. Mana shunda boshqaruv shaxsiy manfaatga emas, balki ibodatga aylanadi.

Islomning korrupsiyaga qarshi tizimini kapitalizm doirasida amalga oshirish mumkinmi?

Albatta, bu mumkin emas. Qirg‘iziston rahbariyati so‘nggi besh yil davomida korrupsiyaga barham berish uchun tinimsiz sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa-da, xuddi shu ssenariy qayta-qayta takrorlanaveryapi.

Korrupsiya shunchaki bir jinoyat emas. Bu jamiyat qadriyatlarining ko‘zgusidir. Agar o‘sha ko‘zgudagi aks bizga yoqmayotgan bo‘lsa, unda qonunlar va tizimlar bilan bir qatorda ichki ko‘zqarash va o‘lchovlarni ham o‘zgartirish zarurdir.

Latiful Rasih

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.