Xitoy  nufuzining ortib borishi va SHHT sammiti

124
0

Xitoy  nufuzining ortib borishi va SHHT sammiti

Xitoyning shimolida joylashgan Tyanszin shahrida 31 avgust va 1 sentyabr kunlari oralig‘ida 20dan ortiq davlatlarning rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga yig‘ildi. Yig‘ilishda tashkilotning 10 nafar to‘laqonli a’zosidan tashqari ikkita kuzatuvchi davlat va 14ta hamkor davlat rahbarlari ham ishtirok etdi.

Sammit davomida shu paytgacha ikki boshli bo‘lib ko‘ringan tashkilotda Rossiyaning mavqei zaiflashib, Xitoyning ta’siri kuchaygani kuzatildi. Sammit yakunida Tyanszin deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mazkur deklaratsiya davlatlarning o‘z hududlarida internetni nazorat qilish huquqini tan olish, narkotik moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi hamkorlikni kengaytirish va SHHT yagona bankini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarni o‘z ichiga oladi. Sammit ortidan 3 sentyabr kuni Pekinning Tyananmen maydonida mana shu yetakchilar ishtirokida Ikkinchi jahon urushining tugashi sharafiga harbiy parad o‘tkazildi. AQSH prezidenti Tramp bu tadbirni o‘z mamlakatiga qarshi fitna sifatida baholadi.

Ma’lumki, SHHT asosan to‘rtta narsaga: ekstremizm, terrorizm, separatizm va narkotrafikka qarshi kurash orqali mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash vazifasini o‘z zimmasiga olgan. Haqiqatda esa bu kurashning og‘ir mashaqqati musulmonlar zimmasiga tushmoqda. Tashkilot “terrorizm va ekstremizm”ga qarshi kurash niqobi ostida Islomga, islomiy jamoalar va musulmonlarga qarshi kurash olib bormoqda. Bu bilan Ummat intilayotgan xalifalik davlatining tiklanishiga to‘sqinlik qilishga harakat qilmoqda. Separatizmga qarshi kurash mashaqqatini ham musulmonlar chekmoqda. Masalan, Rossiyada Kavkaz musulmonlari, Xitoyda esa, uyg‘ur musulmonlari “separatizm” qurboni bo‘lmoqda.

Quyida tashkilotga a’zo davlatlarning pozitsiyasiga to‘xtalib o‘tamiz:

Xitoy:

Xitoy 2001 yilda tashkil etilgan SHHTning asosiy tashabbuskorlaridan biridir. U ushbu tashkilot orqali Markaziy Osiyoga o‘zining tarixiy ekspansiyasini boshlash uchun eshik ochdi. Xitoy iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va Rossiyaning xalqaro maydondagi ta’sirining zaiflashishi Xitoyga mintaqada yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi. Shu bois tashkilotning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy yo‘nalishi tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Xitoy rahbari ko‘p yilardan buyon ilgari surib kelayotgan SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha tashabbusining 1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sammitda qo‘llab-quvvatlangani buning dalilidir. Tashkilotga a’zo davlatlar SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish muhimligini ma’qullab, uni tashkil etish va mazkur moliya instituti faoliyatini to‘liq ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilishdi. Bundan tashqari, Xitoy SHHTga muhtoj davlatlar uchun 100 ta kichik loyihani amalga oshirish niyatida. Shu maqsadda u joriy yilda qariyb ikki milliard yuan (280 million dollar) grant ajratmoqchi. 10 milliard yuan esa kredit shaklida taqdim etiladi. Si Szinpin shu bilan cheklanib qolmay, sammitdagi nutqida bir qutbli hukmronlikka va “sovuq urush nazariyasi”ga qarshi bayonotlar berib, bu orqali Amerikani nishonga oldi.

Bundan tashqari, Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi doirasida transport aloqalarini mustahkamlash uchun yangi samarali yo‘laklar ham ochilmoqda. Masalan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi qurilishi boshlanishi bilan Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasida qo‘shimcha “Bedel” o‘tkazish punkti ochila boshladi. Ma’lumki, SHHT Xitoy uchun iqtisodiy ekspansiyani Markaziy Osiyoga, so‘ngra Janubiy Osiyoga ilgari surish vositasi hisoblanadi.

Rossiya:

Rossiya ham SHHTga asos solgan davlatlardan biri hisoblanadi. U ushbu tashkilotni tuzish orqali G‘arb ta’sirining Markaziy Osiyoga kirib kelishiga to‘sqinlik qilishni maqsad qilgan edi. Biroq Rossiya iqtisodiyoti va uning xalqaro mavqeining zaiflashishi mintaqadagi Xitoy ta’sirining kuchayishiga qulay sharoit yaratdi. Dastlab Rossiya Markaziy Osiyoda Xitoyning iqtisodiy ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tashkilotda iqtisodiy hamkorlikning kuchayishiga bilvosita qarshi chiqdi. Biroq, Ukraina urushi Rossiyani bu yo‘ldan voz kechishga majbur qildi. Hozirda, u Xitoyning xalqaro maydondagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi davlatga aylandi. Buni Putinning Xitoy yetakchisi Si Szinpin taklif qilgan global boshqaruv tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan bayonoti ham tasdiqlab turibdi. Ayrim davlatlar xalqaro munosabatlarda hamon hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan bugungi sharoitda bu tashabbus juda dolzarbdir. Rossiya janob Si Szinpin tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi va xitoylik do‘stlarimiz tomonidan bildirilgan takliflarni muhokama qilishdan manfaatdordir”, – dedi Putin. (Sputnik 01.09.2025). Demak Rossiyaning SHHTdagi mavqei zaiflashib borayotganiga shubha yo‘q.

Hindiston:

Tashqaridan qaraganda, Vashingtonning Hindistonga bojxona to‘lovlarini joriy etishi uni Sharq bilan hamkorlik qilishga majbur qilayotgandek tuyulishi mumkin. Bundan tashqari, AQSH prezidenti Dolald Tramp Hindistonni Rossiyadan neft sotib olishni cheklashga chaqirdi. 2022 yilgacha Hindiston neft importidagi Rossiyaning ulushi 1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir u 42 foizga yetdi. Aslida, Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik haqida berilgan bayonotlarga qaramay, ular o‘rtasida raqobat mavjud. Buning asosiy sababi Hindistonning G‘arbga moyil siyosat yuritishidir. Shuningdek, Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasiga zid ravishda “Hindiston – Yaqin Sharq – Yevropa yo‘lagi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Amerikaning yirik kapitalistik kompaniyalari Xitoydagi ishlab chiqarishlarini Hindistonga ko‘chirmoqda. Hindistonning SHHTga zid yana bir pozitsiyasi, SHHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining iyun oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Isroil”ning Eronga qilingan hujumlarini qoralovchi bayonotga qo‘shilishni rad etishidir. Yangi Dehli bu bayonotda 22 aprel kuni Pokiston bilan yuz bergan qonli voqea hisobga olinmaganini ta’kidladi. Demek, Hindistonning pozitsiyasi SHHT doirasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirishdan iborat.

Markaziy Osiyo:

Markaziy Osiyo davlatlari bu tashkilotning majburiy ishtirokchisi desak xato bo‘lmaydi. Zero, bu davlatlarning asosiy savdo aloqalari Xitoy va Rossiya bilandir. Shu bilan birga, ular Sovet ittifoqining vorisi bo‘lmish Rossiyaning ta’siridan haligacha qutula olgani yo‘q. SHHT mintaqa davlatlarining Xitoy bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun sharoit yaratdi. Shunga qaramay, mintaqa davlatlari ko‘p vektorli siyosat olib borishga harakat qilmoqda. Xususan, G‘arbning Qozog‘iston va O‘zbekistonga kiritgan yirik sarmoyalari ularning tashqi siyosatda G‘arbga qarshi pozitsiya egallashiga to‘siq bo‘lmoqda. Qirg‘iziston esa ulardan biroz farq qiladi, aniqrog‘i Xitoy bilan munosabatlarni mustahkamlash hamda kredit va yordam olish maqsadida G‘arbga qarshi pozitsiyani egallab turibdi. Qolaversa, u SHHTni rivojlantirish uchun, to‘g‘rirog‘i, Xitoyning tashkilotdagi mavqeini mustahkamlash uchun qator takliflar kiritib kelmoqda. Masalan, sammitda uning yangi transport yo‘nalishlarini yaratish va SHHTga a’zo davlatlarning tranzit-transport salohiyatidan samarali foydalanish taklifi Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Qirg‘izistonning tashkilotda samarali moliyaviy mexanizm yaratish ishlarini jadallashtirish taklifi, jumladan, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish orqali SHHT Taraqqiyot banki, Rivojlanish jamg‘armasi va investitsiya fondini tashkil etish taklifi ham Xitoy ta’sirini oshirishga qaratilgan. Hatto Qirg‘iziston Rossiyani rozi qilish va jamoatchilik dastagini qo‘lga kiritish uchun Amerika va Britaniyaga qarshi bayonot berishga ham ulgurdi.

Xulosa qilib aytganda, SHHT tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsaddan farqli o‘laroq, Xitoyning iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlariga ko‘proq xizmat qiladigan tashkilotga aylanib bormoqda. Mintaqaviy barqarorlik masalasi esa faqat qog‘ozda qolgan shior bo‘lib qoldi. Buni SHHTning qator harbiy harakatlardagi pozitsiyasi tasdiqlab turibdi. 2022-yilning kuzida, Samarqandda SHHT sammiti bo‘layotgan chog‘da Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosida ham shunday holat yuz bergan edi.

Demak, SHHT va shunga o‘xshash tashkilotlar musulmonlar uchun qo‘yilgan mustamlaka tuzog‘idan boshqa narsa emas. Musulmonlar bunday mustamlakachilar changalidan faqat o‘z Islomiga qaytishlari bilan qutula oladilar. Kofir mustamlakachilar va ularning xizmatkorlari bo‘lmish hukmdorlarimiz buni yaxshi bilishadi. Shuning uchun ular “terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash” bahonasida Islom va musulmonlarga qarshi kurashmoqda.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.