Qozog‘iston hukumati o‘zini oqlash uchun radikallashuv mavzusidan foydalangan

23
0

Qozog‘iston hukumati o‘zini oqlash uchun radikallashuv mavzusidan foydalangan

2022 yil yanvar oyida Qozog‘iston tarixidagi eng jiddiy siyosiy va ijtimoiy mojarolardan biri yuzaga keldi. Tabiiy gaz narxining ko‘tarilishiga qarshi boshlangan norozilik namoyishlari tezda ommaviy tartibsizliklarga aylanib, bir qancha shaharlarni, jumladan, Alma-Ata shahrini ham qamrab oldi. Bu voqealarga javoban hukumat qattiq qarshilik ko‘rsatdi va ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda Suriya va Afg‘onistondan kelgan terrorchilar harakat olib borayotgani haqida ma’lumot tarqaldi. Biroq, keyinchalik bu ma’lumot yolg‘on ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu voqealarda xorijdan kelgan jangchilar ishtirok etganligi haqidagi xabarlar va rasmiy kanallar orqali tarqalgan radikallashuv ayblovlari asossiz bo‘lib chiqdi.

Voqealarni tahlil qilishda muhim jihatlardan biri – namoyishchilarga qo‘yilgan terrorizm va ekstremizm bo‘yicha ayblovlar uchun hech qanday dalillarning yo‘qligidir. Bu ayblovlarlar hukumatning vahshiy harakatlarini oqlash uchun qulay bahona bo‘ldi xolos. “Respublika” saytida chiqqan “Kremldan qo‘ng‘iroq va qo‘rqoq Abish” sarlavhali maqolada maxsus xizmatning sobiq xodimi Ruslan Iskokovning ko‘rsatmalari muhokama qilindi. Iskokov o‘z lavozimini suiiste’mol qilishda ayblanib ishdan chetlatilgan edi. Uning ta’kidlashicha, 20 mingga yaqin terrorchi haqidagi “vahima”ni axborot kampaniyasi doirasida Yerlan Turg‘umbayev boshchiligidagi Ichki ishlar vazirligi tarqatgan va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishda muhim rol o‘ynagan bu dezinformatsiya oqibatida 238 fuqaro halok bo‘lgan.

Iskaqovning qayd etishicha, 2022 yil yanvar voqealari chog‘ida haqiqiy vaziyatni yashirishga urinish bo‘lgan. Xalq hukumat ta’kidlaganidek “radikallashib” ketganligi sababli emas, aksincha mamlakatdagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan qattiq norozi bo‘lgan. Shuningdek, Iskokovning so‘zlariga ko‘ra, gaz narxining ortishi odamlarni ko‘chaga olib chiqqan so‘nggi turtki bo‘lib, bu noroziliklarning asosiy sababi ichki muammolar ekanligini tasdiqlaydi. Hukumat esa buni tashqi tahdid sifatida ko‘rsatishga harakat qildi. Radikallashuv va terrorizm tahdidi aholini qo‘rqitish va hukumat uyushtirgan repressiyalarini oqlash vositasiga aylandi. Bir so‘z bilan aytganda, voqealar davomida xorijlik terrorchilarning ishtiroki bo‘yicha hech qanday dalil bo‘lmagan, radikallashuv ayblovlari esa butunlay yolg‘on ma’lumotlarga asoslangan.

Qolaversa, maqolada Qozog‘iston xavfsizlik kuchlarining korrupsiyaga botganligi ham muhokama qilinadi. Iskaqovning so‘zlariga ko‘ra, hukumat Turg‘umbayevning korrupsiyaga aloqadorligi bo‘yicha dalillarni yashirib, obyektiv haqiqatni buzib ko‘rsatgan. Haqiqat o‘rniga o‘ylab topilgan “ekstremistlar” va “terrorchilar”ning qorong‘u yuzini ko‘rsatish xalqning hukumatga bo‘lgan ishonchini susaytirib, ijtimoiy keskinlikni yanada kuchaytiradi.

Guvoh bo‘lib turganimizdek, zolim rejimlar hukumatdan norozi bo‘lganlarga qarshi zo‘ravonliklarini oqlash uchun Islomiy radikalizm mavzusidan qurol sifatida foydalanishga odatlanishgan. Bu maqoladan ko‘rinib turibdiki, hukumat nafaqat jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, balki fuqarolar noroziligining asl sabablarini boshqa tarafga burishdan ham tap tortmaydi. Bunday yondashuv hukumatga o‘z ayblarini yashirishga va ichki muammolarni yopishga yordam berishi mumkin, ammo bu norozilikning asosiy sabablarini hal qila olmaydi. Shuningdek, bu tashqi tahdid bordek tashqi ko‘rinishni paydo qilsa-da, real ijtimoiy-siyosiy muammolar hal etilmay ertangi kunga qolaveradi.

Latiful Rasix

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.