Qirg‘iziston nima maqsadda o‘z kriptovalyutasini chiqarmoqda?

84
0

Qirg‘iziston nima maqsadda o‘z kriptovalyutasini chiqarmoqda?

Qirg‘iziston o‘zining ilk milliy kriptovalyutasini chiqarishni rejalashtirmoqa. Bu haqida davlat moliya vazirligi ma’lum qildi. Bundan avval Qirg‘izistonda oltin bilan kafolatlangan va dollar qiymatiga bog‘liq “USDKG” nomli steyblkoin chiqarilishi haqida xabar qilingan edi.

Ta’kidlash joizki, kriptovalyuta – blokcheyn texnologiyalari asosida ishlab chiqiladigan va onlayn muomalada bo‘ladigan raqamli pullarning umumiy nomidir. Uning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ular asosan ikki guruhga bo‘linadi. Birinchisi, bitkoin kabi, hech qanday bank tizimi va davlat valyutalariga bog‘liq emas. Ikkinchisi tokenlar ko‘rinishida bo‘lib, tanga blokcheynidan foydalangan holda ishlab chiqilgan va o‘sha platformalar ichida joylashgan valyutalardir. Tokenlar ham alohida turlarga bo‘linadi. Ular orasida oltin, neft yoki don kabi tovarlarga bog‘liq bo‘lganlari steyblkoin deb ataladi. Qirg‘iziston kriptovalyutaning ushbu turini chiqarishni rejalashtirmoqda. Steyblkoin oltin bilan kafolatlangan va AQSH dollariga bog‘liq valyutadir. Moliya vazirligiga ko‘ra, Qirg‘iziston dastlab bu sohaga 500 million dollar sarmoya kiritadi, keyinroq bu mablag‘ 2 milliard dollargacha oshirilishi mumkin.

Qirg‘izistonda birinchi marta 2022 yilda “Virtual aktivlar to‘g‘risida” qonun qabul qilinib, mamlakatda kriptovalyuta savdosi va kriptobirjalar faoliyati kabi ishlar qonuniylashtirgandi. Oxirgi uch yil ichida 13ta kriptobirja va 162ta kriptovalyuta savdo maydonchalari ro‘yxatga olingan.

Joriy yilning may oyida esa, dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi “Binance” kompaniyasining asoschisi, tadbirkor Chanpen Chjao prezident Sadir Japarovning jamoatchilik maslahatchisi etib tayinlandi.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston birinchilardan bo‘lib, kriptovalyuta, jumladan, steyblkoinni ishlab chiqarish bilan bir qancha moliyaviy maqsadlarni ko‘zlamoqda.

Birinchidan, bu soha sanksiya qo‘yilgan tovarlarni Rossiyaga sotishda mablag‘larni o‘tkazish operatsiyalari uchun ishlatiladi. Chunki kriptovalyutalar ko‘pincha anonim tarzda tranzaksiyalardan foydalanadi va yashirincha harakat qiladiganlar uchun imkoniyatlar yaratadi. “Financial Times” nashrining tadqiqotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda tashkil etilgan birjada joriy yilning dastlabki to‘rt oyida rublga bog‘liq raqamli valyuta bilan 9 mlrd 300 mln dollarlik tokenlar sotilgan. Ma’lumki, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Shimoliy Koreya va Eron bilan savdo munosabatlarida kriptovalyutalardan foydalanib keladi. Bundan tashqari, G‘arb davlatlari shu kungacha “Keremet bank” kabi mamlakatdagi ayrim tijorat tashkilotlarini shubhali operatsiyalar uchun qora ro‘yxatga kiritgan. Shu bois davlat rasmiylari G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishning yangi yo‘lini tanlamoqda.

Ikkinchidan, ichki siyosatda hokimiyat tabaqa va ularning yaqin qarindoshlari korrupsiya yo‘li bilan topgan mablag‘larini mamlakatdan olib chiqib ketish va pul yuvish uchun yangi imkoniyat ochiladi. “Tamchi” maxsus zonasi ham shunga xizmat qiladi. Mazkur zonada faoliyat yuritayotganlar 49 yil davomida barcha soliqlardan butunlay ozod qilinadi. Ular kriptovalyutalar, sug‘urta, bank xizmatlari, qimor o‘yinlari va “islomiy” moliya sohalarida biznes yuritishlari mumkin.

Demak, kriptovalyuta tizimidan davlat miqyosida foydalanish faqat bir hovuch kapitalistlar va hokimiyat tabaqaning manfaatlariga xizmat qiladi. Shunday ekan, muammo faqat kriptovalyuta yoki boshqa moliyaviy tizimlardan foydalanishda emas, balki foydaga asoslangan kapitalistik tuzum va undan kelib chiqadigan muammolarning davomli kengayib borishidadir. Chunki kapitalistik tuzumda o‘lchov halol va haromga emas, foyda va zararga asoslanadi. Natijada hukumatga foyda keltiradigan barcha sohalar halol hisoblanadi. Islomda esa o‘lchov halol va haromdir. U bir hovuch kapitalistlar manfaati uchun umumiy aholini qurbon qilmaydi. Aksincha, jalq salomatligi va farovonligi uchun boylikni adolatli taqsimlaydi va oltin va kumushga asoslangan moliyaviy tizimni taklif qiladi. Bu tizim narxlar barqarorligini kafolatlaydi va inflyatsiyaning oldini oladi. Eng muhimi, foyda ortidan quvgan kapitalistlar uchun emas, Allohning rizoligi va xalqning farovonligi uchun xizmat qiladi.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.