AQSHning migratsiya siyosati va demokratiyaning yemirilishi
2025 yil iyul oyida AQSH Qirg‘iziston fuqarolariga viza cheklovlarini joriy qildi, va noimmigratsion vizalar muddatini qisqartirib, viza berish tartibini qattiqlashtirdi. Bu qadamlar, diplomatik keskinlikdan tashqari, AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan bevosita siyosati va uzoq muddatli strategik qarashlarini shubha ostiga qo‘ydi. Shundoq ham demokratik institutlar zaiflashib qolgan bu mintaqa uchun bunday qaror uzoq muddatli xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ilgari Amerika demokratik o‘zgarishlarga intilgan fuqarolik jamiyati faollarining hamda g‘arbga moyil talabalar va jurnalistlarning tayanchi edi. Ular ta’lim va gumanitar dasturlar orqali demokratik jamiyat tamoyillari bilan sug‘orilgan yangi avlodni tarbiyalab yetishtirdi. Bu dasturlar faqat madaniy aloqalar o‘rtasidagi ko‘prik bo‘libgina qolmay, AQSHning mintaqaga ta’sir o‘tkazuvchi asosiy mexanizmiga ham aylandi.
Endilikda Amerika viza bo‘yicha hamkorlikni rad etish bilan, o‘zining “ochiq dunyo” ramzi sifatidagi obro‘siga putur yetkazmoqda. Hamkor davlatlar bilan maslahatlashmasdan bir tomonlama qabul qilingan bunday qarorlar uning ittifoqchilariga nisbatan hurmatsizligidan va demokratik qadriyatlarning kafolatchisi sifatida AQSHga ishonchning pasayib ketganidan dalolat beradi.
Qirg‘iziston o‘zining siyosiy tarixidagi toyilishlarga qaramay, ommaviy munozaralar va hokimiyat almashinuvi mumkin bo‘lgan kam sonli davlatlardan biridir. Bunday mamlakatlarga e’tibor bermaslik postsovet hududining sharqiy chegarasida isloh o‘tkazish imkoniyatini inkor etishni anglatadi.
AQSH tomoni cheklovlar to‘g‘risidagi qaror viza rejimining buzilishi, hujjatlarni tekshirishdagi texnik kamchiliklar va repatriatsiya tizimlarining zaifligi bilan bog‘liqligini rasman ma’lum qildi. Biroq, AQSH bu muammolarni birgalikda hal qilish o‘rniga, yopiq shaklda hal qilishni tanladi. Bu e’lon qilingan maqsadlarga zid bo‘lib, gumanitar siyosatni zaiflashtiradi va pirovardida noqonuniy migratsiya xavfini oshiradi. Qonuniy yo‘llar qancha kam bo‘lsa, noqonuniy yo‘llar shunchalik ko‘payadi. Bu shunchaki rahbarlik qilishdan bosh tortish emas, balki o‘z passivligining oqibatlari sababli javobgarlikdan qochishdir.
AQSHning bunday qadamlari uning mintaqadagi ma’naviy yetakchiligi pasayganidan dalolat beradi. U endi avvalgidek (o‘z tushunchalariga ko‘ra) adolat va barqarorlik g‘oyasini ilgari suruvchi mamlakat sifatida ta’riflanmay qoldi. Bunday vaziyat muqarrar ravishda muqobil bilan to‘ldiriladigan bo‘shliqni yaratadi. Bu bo‘shliqqa boshqa mafkuraviy g‘oyalar ta’sir qilishi muqarrar. Garchi mintaqada Rossiya va Xitoy faol bo‘lsa-da, ularda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy muammolarni tubdan hal etuvchi universal mabdaiy loyihalar yo‘q va taklif ham qila olmaydi. Ularning modeli avtoritar, pragmatik bo‘lib, na global missiyani va na xalqning mafkuraviy muloqotga ishtirokini hisobga olmaydi. Shuning uchun ularning ta’siri faqat iqtisodiyot va elita manfaatlari doirasiga cheklangan.
Ushbu fikriy bo‘shliq sharoitida tashqi fikriy ta’sirning yo‘qligiga javoban millatchilik harakatlarining kuchayishi kutiladi. Bunday noqis fikrlar global institutlarga ishonch yo‘qolganda osonlik bilan tarqaladi hamda madaniyat va tilga tayangan bo‘lsa-da, oxir-oqibat o‘zaro bog‘langan jamiyatlarni boshqarishda ojizlik qiladi va funksional, yaxlit boshqaruv mexanizmini taklif eta olmaydi. Postsovet hududida millatchilik avvalgidek, qisqa muddatli populyar bo‘lib, ichki bo‘linishlar, nizolar keltirib chiqaradi, bu esa pirovardida odamlarning undan ko‘ngli qolib, tanazzulga tutadi.
Bunday sharoitda jamiyat hayotini tartibga soladigan, axloqiy, iqtisodiy, boshqaruv va boshqa jihatlarni o‘z ichiga olgan qarashni taklif eta oladigan yagona mafkuraviy tuzum lozim bo‘lib, bu Islom mabdasidir. Islom mafkurasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligi hamda sekulyar tuzumlar va tashqi kuchlarning tazyiqlariga qaramay, Markaziy Osiyo xalqlari ongida mustahkamlanib, tobora kuchayib bormoqda. Bu fikriy boylik odatda diplomatik vakolatxonalar orqali emas, balki oilalar, jamoatlar, ta’lim doiralari va kundalik hayot orqali tarqaladi. Ya’ni, Islom na G‘arb, na Sharq taklif qila olmaydigan narsani: inson tabiatiga mos keladigan va hamma tushunadigan qadriyatlarga asoslangan hayot tarzini taklif qiladi.
Shunday qilib, AQSHning mintaqadagi gumanitar va viza faoliyatidan bosh tortishi shunchaki diplomatik xato emas, balki Markaziy Osiyoda yangi mafkuraviy uyg‘onish uchun zamin yaratmoqda. G‘arbning tanazzulga uchrashi, Sharqning zaifligi va millatchilikning yaroqsiz holga kelishi Islom ta’sirining kuchayishi uchun sharoit yaratmoqda. U turli cheklovlarga qaramay, kundan-kunga o‘sib bormoqda. Agar AQSH bundan buyon o‘z eshiklarini yopish va yuz o‘girishda davom etsa, kelajakda u muhojirlar bilan emas, balki demokratiyadan voz kechib, barqaro dunyoqarashni tanlagan yangi avlodga ega davlatlar bilan to‘qnash kelishi mumkin.
Alloh Taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
هُوَ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ بِالْهُدَى وَدِينِ الْحَقِّ لِيُظْهِرَهُ عَلَى الدِّينِ كُلِّهِ وَلَوْ كَرِهَ الْمُشْرِكُونَ
“U (Alloh) O‘z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan — garchi mushriklar xoxlamasalar-da — barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir”. (9:33).
Hujjat Jamiya