Matbuot bayonoti
Damashqda o‘tkazilgan «Ichki osoyishtalik» konferensiyasi – ag‘darilgan rejim dumlarini oqlashga va zulmu jinoyat qoldiqlari bilan yaqinlashishga olib boradi
2025 yil 10 iyun, seshanba kuni Damashqdagi axborot vazirligi binosida «ichki osoyishtalik qo‘mitasi» tomonidan, qo‘mita a’zosi Hasan Sufan boshchiligida o‘tkazilgan matbuot anjumani suriyaliklar, ayniqsa, shahidlar va bedarak yo‘qolganlar oilalari hamda qo‘zg‘olon farzandlari orasida keng norozilik va qattiq g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi. Chunki anjumanda bildirilgan bayonotlar ko‘pchilik tomonidan jabrlanuvchilar oilalariga nisbatan haqorat va qo‘zg‘olonchilarning fidokorona qurbonliklarini mensimaslik sifatida qabul qilindi. Shuningdek, shahidlar qonini mensimaslik, ochiq fakt va holatlardan ko‘z yumish, urush jinoyatchilarining ozod etilganini oqlash hamda «ichki osoyishtalik», «vatanni qayta qurish» va «qon to‘kilishining oldini olish» kabi shiorlarni niqob qilgan holda, ag‘darilgan rejim basharalarini yana maydonga qaytarish, deya baholandi. Shu bois Sufanning matbuot anjumanidagi bayonotlari keng jamoatchilikning g‘azabiga sabab bo‘ldi. U o‘z chiqishida ag‘darilgan rejimning bir qator ofitserlarini, jumladan eng ko‘zga ko‘ringanlardan biri bo‘lmish Fadiy Saqarni ozod qilish va ularni ochiq sudlar orqali qonuniy javobgarlikka tortishni rad etish siyosatini himoya qildi. Shu orqali ularning qonga botgan jinoiy o‘tmishidan ko‘z yumdi. U hatto ulardan ba’zilarini «g‘alabaning hamkorlari» deb atab, ayrimlarining «suriyaliklar qoni to‘kilishining oldini olish» va «ozodlik uchun janglar davomida harbiy operatsiyalar qo‘mondonligi bilan hamkorlik qilish»da ishtirok etganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ularni tanqid qiluvchilardan ularning jinoyatlarda ishtirok etganliklariga doir «ishonchli dalillar» taqdim etishni talab qildi.
Sufanning ta’kidlashicha, ozod etilgan ofitserlar 2021 yildan beri xizmat qilib kelgan. Keyinchalik «xavfsizlik kafolati asosida taslim bo‘lish» deb ataluvchi jarayon doirasida, Iroq chegarasida o‘z ixtiyorlari bilan taslim bo‘lishgan. Unga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar qonuniy tergov jarayonidan o‘tkazilgan, ammo harbiy jinoyatlarda ishtirok etganlik ayblovlari isbotlanmagan. Sufan bu ofitserlarni qamoqda ushlab turish milliy manfaatlarga xizmat qilmasligini va hech qanday huquqiy asosga ega emasligini ta’kidladi. Ammo bu bayonotdan so‘ng ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar Fadiy Saqar va Suqrot Ruxiya kabi ozod etilgan ayrim shaxslarning tinch aholiga nisbatan qatl va oshkora zo‘ravonlik aktlarida ishtirok etganini tasdiqlovchi videoyozuv va dalillar bilan to‘lib-toshdi. Ammo Sufanning ta’kidlashicha, Fadiy Saqar kabi shaxslar mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy va ijtimoiy tanglikni yumshatish, muammolarni bartaraf etish va xavf-xatarlarga qarshi chora ko‘rishda muayyan rol o‘ynamoqda. Sufan «Shahidlar oilalari tuyayotgan dard va g‘azabni yaxshi tushunamiz, biroq bu bosqichda nisbiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida ba’zi qarorlarni qabul qilishga majburmiz», dedi. So‘ng, ozodlikka chiqarish ishi faqat qo‘llari suriyaliklar qoniga bulg‘anmaganlarga tegishli bo‘lganini va bu «ichki osoyishtalik»ni ta’minlash doirasida amalga oshirilganini qo‘shimcha qildi. U quyidagilarni ta’kidladi: «Adolatga olib boruvchi o‘tish davri har bir rejim xodimini jazolashni anglatmaydi, jazo faqat og‘ir jinoyatlar sodir etgan asosiy jinoyatchilarga nisbatan qo‘llanilishi lozim. Agar adolat jarayoni shoshma-shosharlik bilan yoki shaxsiy tarzda amalga oshirilsa, bu narsa mamlakatda tartibsizlik va izdan chiqish xavfini kuchaytiradi, davlat esa o‘z vazifalarini bajara olmayotgandek ko‘rinadi. Bu holat esa tashqi kuchlarning aralashuvi uchun yo‘l ochadi. Qasos va intiqom hissi adolatga olib boruvchi o‘tish davrining asosi bo‘lolmaydi. Bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan shaxslarni yarashuv jarayoniga qo‘shish bu mamlakatning ichki apparatidagi muammolarini hal etishga qaratilgan urinishdir». U yana quyidagilarni ta’kidladi: «Fadiy Saqarga omonlik berish qarori umumiy vaziyat baholanganidan so‘ng qabul qilindi. Unga nisbatan ushlab turish chorasi qo‘llanilmasdan, rahbariyat tomonidan amonlik berilishi — voqelikni hisobga olgan holda — qaynoq hududlarda qon to‘kilishining oldini olish va jamoatchilik ichida xotirjamlik uyg‘otish maqsadida amalga oshirildi.
Ha, «Ichki osoyishtalik qo‘mitasi» tomonidan o‘tkazilgan ushbu matbuot anjumani tafsilotlarini kuzatgan har qanday inson shunga guvoh bo‘ladiki, o‘tish davridagi hozirgi rahbariyat bu bilan o‘zining yo‘nalishi va siyosatini ko‘rsatib qo‘ydi. Darhaqiqat, uning qoldiq rejim unsurlari bilan muomala qilishida bo‘ladami yoki qo‘zg‘olonning o‘zgarmas-barqaror asos va maqsadlariga nisbatan pozitsiyasi o‘zgarganida bo‘ladimi yoxud qo‘zg‘olon aholisining adolatni qaror toptirish hamda begunoh insonlar qoni to‘kilishida ishtirok etgan aybdorlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi talablarini qanday qondirishida bo‘ladami, farqsiz, bularning barchasida o‘tish davri hukumatining yo‘nalish va siyosati ochiq namoyon bo‘lmoqda. Bu esa ko‘pchilikni «hech qaysi tomon jabrlanuvchilarning haq-huquqidan voz kechish, jabrlanuvchilar nomidan ularning qonini to‘kkan va nomusini bulg‘aganlar bilan yarashish yoki zolim bilan mazlumni tenglashtirish huquqiga ega emas», deya ta’kidlashga undadi. Shu bilan birga, ko‘plab insonlar shahidlar va bedarak yo‘qolganlar yaqinlarining tuyg‘ularini mensimaslik oqibatida vaziyatning keskinlashishidan ogohlantirmoqda. Ular jinoyatchi to‘daning a’zolari birma-bir ozod qilinayotganini ko‘rib, bu kechirimni «jinoyatda sheriklik», deya baholashmoqda.
Sanksiyalarni bekor qilish masalasi Amerika va Yevropa tomonidan hozirgi rahbariyatga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Shu orqali ular Suriyada o‘zlari ko‘zlagan boshqaruv modeli va siyosiy yo‘nalishni majburan qabul qildirishga harakat qilishmoqda. Buni «terrorizmga qarshi kurash» shiori, davlatning sekulyar xususiyatini mustahkamlash, uning G‘arbga bog‘liqligini saqlab qolish orqali suverenitetini zaiflashtirish, ya’ni mamlakatni G‘arb ko‘rsatmalari va qarorlariga bo‘ysunuvchi holatga tushirish, shuningdek, ag‘darilgan rejim qoldiqlarini turli shiorlar va zaif bahonalar bilan davlat tuzilmalariga asta-sekin qayta olib kirish kabi harakatlarda yaqqol ko‘rish mumkin.
Ta’kidlash lozimki, Fadiy Saqar va unga o‘xshagan jinoyatchilarni jamoatchilik ko‘z o‘ngida ochiqchasiga oqlash, obro‘sini tiklashga urinish va bundan mutlaqo xijolat bo‘lmaslik, bu suriyaliklarning his-tuyg‘ulariga nisbatan ochiq-oydin haqorat va haqiqiy tahqir hisoblanadi. Ayniqsa, uning Damashq hokimi bilan yonma-yon ko‘rinish berishi o‘ziga xos ma’nolarni va aniq siyosiy signallarni o‘z ichiga olmoqda. O‘tish davri hukumati jinoyatda ishtirok etganlarni ochiq va samarali tarzda jinoyat deb baho beruvchi qonun asosida sudga tortishi shart edi. Ammo buning o‘rniga, «milliy muloqot», «ijtimoiy totuvlik» va «ichki osoyishtalik» kabi shiorlarni niqob qilib, odamlarni falajlaydigan va bir kun portlaydigan tashabbuslarga murojaat qilmoqda. Go‘yoki o‘tgan 14 yillik voqealar tarixdagi eng ulug‘ qo‘zg‘olonlardan biri emas, balki shunchaki fuqarolik urushi bo‘lganday!
Mudom, o‘tmishda qo‘zg‘olonga qarshi jinoiy qilmishlar sodir etgan ko‘plab shaxslarni hozirgi paytda sahnada jamoatchilik ko‘z o‘ngida yuksak maqomlarga ko‘tarilayotgan ekan, shuni eslatish lozimki, da’vat ahli, fikr mahbuslari, qo‘zg‘olonchilar va mujohidlarning katta qismi hanuz Idlib zindonlarida shuncha yildan beri zolimona tarzda saqlanmoqda. Shuningdek, ko‘plab insonlar hanuz qochqinlar lagerlarida yashamoqda, chunki ularda o‘z uylarini qayta qurish uchun zarur mablag‘ yo‘q. Ma’lumki, bu uylar munofiqlik yo‘lini tutib, o‘zining to‘g‘ri rolini o‘zgartirgan kimsalar tomonidan vayron qilingan.
Shu nuqtayi nazardan, ag‘darilgan rejim davrida yetakchi bo‘lgan Fadiy Saqar va boshqa ko‘plab shaxslarning «ichki osoyishtalik»ka chaqirayotganlar safida peshqadam sifatida namoyon bo‘lib, ularga xavfsizlik kafolatlari berildi. Shu bilan birga, ag‘darilgan tuzum davrida mashhur bo‘lgan yirik tijoratchilar va urush jinoyatchilari yaqinda Damashqqa qaytib kelishdi. Qochib ketgan zolimni uzoq yillar davomida qo‘llab-quvvatlagan, qirg‘in va vayrongarchilikka chaqirgan, hanuz «ichki osoyishtalik» degan bahona ostida javobgarlikka tortilmasdan xavfsiz hayot kechirayotgan shaxslar, ayrim san’atkorlar va zo‘ravon to‘dalardan iborat malaylar yana sahnada namoyon bo‘la boshladi. Shu sababdan, bularning barchasi shahidlar va bedarak yo‘qolganlar oilalaridagi nafrat va g‘azab hissini yanada alangalatmoqda.
Alloh Subhanahu zulm va zolimlarning qanday oqibatga uchrashlari haqida ogohlantirgan. Shom qo‘zg‘oloni to‘xtamaydi, shuningdek, ag‘darilgan rejimdan keyin kuchayib borayotgan muammolar ham to qo‘zg‘olonimizning o‘zgarmas-barqaror maqsadlariga yetmagunimizcha barham topmaydi. Qachon shu g‘oyamizga yetsak, qonxo‘r Asad rejimining ag‘darilganligi – adolat, xavfsizlik, xotirjamlik va farovon hayotga yo‘l ochuvchi dastlabki qadam bo‘ladi. Bunday natija esa hayot, davlat va jamiyatni dindan ajratuvchi sekulyar tuzum orqali amalga oshmaydi. Chunki G‘arb bizga aynan shunday tuzumni majburan joriy etishga urinmoqda. Aksincha, buning amalga oshishi uchun aqidamizning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan, orzu-umidlarimizni ro‘yobga chiqaradigan va qo‘zg‘olonimiz maqsadlarini amalga oshiradigan tuzumni barpo etishimiz shart. Ana shunda Islom ahkomlari, qonunlari va davlati – hamma orzu qilayotgan adolat, xavfsizlik va tinchlikka eshik ochuvchi yo‘l bo‘ladi. Amal qiluvchilar mana shunday buyuk yaxshilik uchun amal qilsinlar.
Hizb ut-Tahrirning
Suriya viloyatidagi
matbuot bo‘limi