Ummondagi AQSH-Eron muzokaralari

6
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Ummondagi AQSH-Eron muzokaralari

Ustoz Hasan Hamdon

Eron yadroviy masalasi bo‘yicha kelishuvga erishish va unga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish uchun Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar Ummonda boshlandi. Shanba kuni Ummonda bo‘lib o‘tgan g‘ayrioddiy muzokaralardan so‘ng Eron AQSHning imkon qadar tezroq yadroviy kelishuvga erishmoqchi ekanini aytdi. Ayni paytda AQSH prezidenti, yangi kelishuvga erishish urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, harbiy harakatlar bilan tahdid qildi. Eron tashqi ishlar vazirligi muzokarachilarning bevosita bir necha daqiqa gaplashishganini aytdi. Uning aytishicha, muzokaralar o‘zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muhitda o‘tgan.

Eron-Amerika munosabatlari haqida gapirilganida shuni ta’kidlash kerakki, Amerika Eron bilan munosabatlar va uning yadroviy masalasi bo‘yicha kelishuvga erishishni istaydi. Uning bu istagi Eronning Amerika manfaatlariga xizmat qilishda muhim rol o‘ynaganini va hamon o‘ynayotganini anglagan davlat manfaatlaridan kelib chiqadi. Biroq, muzokaralar – siyosiy sharoitlar va kurashda ishtirok etayotgan tomonlar tufayli – cho‘zildi, to‘xtab qoldi, murakkablashib, turlicha bo‘lib ketdi. Bu esa, kelishuvning cho‘zilishiga olib keldi.

Eron va uning yadroviy masalasiga doir kelishuv bo‘yicha muzokaralar raundi haqidagi gap sobiq prezident Barak Obama davridayoq boshlangan. O‘shanda Obama Eronning iqtisodiy ahvolini yengillashtiradigan va mintaqada, xususan, Bashar Asad rejimining zaifligi tufayli Amerika ta’sir doirasidan deyarli chiqib ketgan Suriyada Amerika rejalarini amalga oshirish imkonini beradigan kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilgan edi. Xalifalik nomi bilan Suriyada keng tarqalgan umumiy muhitdan so‘ng Amerika Eronning Suriyadagi rolini faollashtirish uchun 2015 yil 14 iyulda u bilan kelishuv tuzdi. Holbuki, Eronning Xalifalik g‘oyasi va uning loyihasiga dushmanligi hammaga ma’lum.

Bu masala, ya’ni Suriyada Xalifalikni barpo etish da’vati Xalifalikning buyukligi va qudratini, shuningdek, boshqa kuchlar, agar izsiz yo‘qolib ketmasa, uning soyasida ahamiyat kasb etmasligini anglab yetgan Amerika va G‘arbning mushkul ahvolini yanada kuchaytirdi. Keyin, bu yerda Amerikaning qiyin ahvolini kuchaytirgan boshqa omil ham bor. Bu omil shuki, Amerika o‘z inqirozlariga botib ketgan. Bu esa Suriyada oshib borayotgan islomiy muhitni yo‘q qilish uchun uning bevosita ta’siri samaradorligini zaiflashtiradi. Shuning uchun u ushbu islomiy muhitga qarshi turishda oldingi liniyada turadigan mintaqadagi ittifoqchilarni izlamoqda. Shunday qilib, ushbu kelishuv bilan Eron Amerika nomidan Ummat qo‘zg‘oloniga qarshi kurashishi uchun ko‘zadan ozod qilindi. Hatto Obama: bizning Eron bilan qilgan ishimiz men lavozimga kirishganimdan beri sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va sezilarli ildamlash hisoblanadi, dedi.

Dastlab, ayrim xalqaro tomonlar, masalan, Yevropa uchligi: Britaniya, Fransiya va Germaniya kelishuvga qarshi chiqdi. Xumayniy inqilobidan keyin Yevropaning Eronga nisbatan pozitsiyasi yaxshi ma’lum. Chunki inqilob Britaniya nufuziga qarshi Amerika poyezdida kelgan.

Kelishuvga yahudiy vujudi ham qarshi chiqdi va uning bosh vaziri Netanyaxu buni «tarixiy xato», dedi. Unga ko‘ra, bu Eronga istagan narsasini, ya’ni sanksiyalarning bir qismi bekor qilinishi va yadroviy dasturning asosiy qismi saqlanib qolishini beradi.

Yahudiylarning qarshi chiqishi ularning Eron bilan e’tiqodiy tafovutlari tufayli emas, balki Amerikaga xizmat qilishdagi roli va pozitsiyasi bilan bog‘liq siyosiy tafovut tufaylidir. Bu yerda boshqa bir muhim omil ham bor. Bu omil shuki, yahudiy vujudi o‘zidagi xavfsizlik kompleksi tufayli mintaqada, hatto uning yaqin ittifoqchisi bo‘lsa ham, o‘zidan boshqa kuchning bo‘lishini istamaydi. Shuning uchun u Eron yadroviy dasturi butunlay yo‘q qilinishini istaydi.

O‘sha paytda Respublikachilar partiyasi ham bunga qarshi chiqqan edi. Biroq, bu qarshilik kelishuv Eronning g‘alabasi, uning manfaati yoki mavqeini ko‘targani uchun bo‘lmadi. Chunki kelishuvning haqiqati, Obama davrida bo‘lgani kabi, Eronni kamsitish va yadroviy dasturida uning yon berishi edi. Biroq, Tramp quyidagi muhim sabablarga ko‘ra undan chiqishini e’lon qildi:

Partiyaviy va muxoliflikka bog‘liq sabablar, toki Demokratik partiya o‘ziga mansub bo‘lgan g‘alabaga erisha olmasin, aksincha, Tramp g‘alabaning yolg‘iz uning o‘ziga mansub bo‘lishini istaydi. Buni bugun bo‘layotgan muzokaralar tasdiqlab turibdi.
Saylovga bog‘liq sabablar. Chunki respublikachi yevangelistlar yahudiylar xavfsizligini mumkin qadar maksimal darajada ta’minlash uchun bunday siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular buni siyosiy masaladan ustunroq fikriy (diniy) masala deb hisoblashadi.
Siyosiy sabablar, ular:
Eron roliga ehtiyoj endi 2015 yilda bo‘lgani kabi muhim bo‘lmay qoldi. Chunki Basharning pozitsiyasi ancha yaxshilanib qolgandi. Bu Tramp ma’muriyatida, ayniqsa Amerika Iroq va Suriyada ozodlikka intilayotgan ikki davlat xalqiga qarshi erishgan yutuqlariga nisbatan boshqacha nuqtayi nazarni yaratdi. Endi Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri asosiy rol berilishiga ehtiyoj qolmadi. Chunki vaziyat o‘zgardi.
Eronga nisbatan dushmanlik yahudiy vujudiga nisbatan dushmanlik o‘rnini egallashi uchun Amerika Eronga nisbatan dushmanlikni, xususan Saudiya Arabistoni va unga o‘xshagan boshqa davlatlarda kuchaytirdi.
Yevropani, ayniqsa, savdo sohasida tartib-intizomga solish. Chunki u Eronga savdoni ochishda va uning Amerika bilan savdo aloqalarini yumshatishda kelishuvdan foydalandi. «Trampning yadroviy kelishuvdan chiqishi» sarlavhasi ostida Hizb ut-Tahrir 2018 yil 13 mayda chiqargan savolga javob nashrida quyidagilar keladi: «Yevropa kelishuvning bekor qilinishi siyosiy zararga muqaddima sifatida unga jiddiy zarar yetkazishini anglab yetdi. Shu bois Tramp bilan uchrashuvda uni kelishuvdan chiqishdan qaytarish uchun qo‘lidan kelganini qildi. Makron AQSHga safar qilib, prezident Trampni kelishuvdan chiqish maqsadidan voz kechishga ko‘ndirishga urindi, biroq bunga muvaffaq bo‘lolmadi. Uning ortidan Germaniya kansleri Merkel bordi. Bu ikki rahbar Amerikaga yalinib-yolvorishdi, ammo u ko‘nmadi. Yevropaning pozitsiyasi zaif bo‘lib chiqdi. Keyin Britaniya harakatga kelib, Makron va Merkel bilan aloqaga chiqdi. Ular Eron yadroviy kelishuviga sodiq qolishga qaror qilganliklarini e’lon qilishdi. Keyin Britaniya tashqi ishlar vaziri Jonson Amerikaga safar qildi va butun dunyo uchun ayni kelishuvning yo‘qligidan ko‘ra, borligi xavfsizroq ekanini bildirdi. Britaniya qattiq harakat qila boshladi. Tramp Yevropa harakatlariga nuqta qo‘yish uchun 8-12 may kunlari ichida kelishuv bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ilgari surishga qaror qildi. Nihoyat, qiladigan e’lonini qildi. U yevropaliklarni zarracha bo‘lsa ham pisand qilmadi. Chunki AQSH muassasalari ushbu uchta sababda Amerikani kelishuvdan chiqishga undaydigan manfaatni ko‘rdi».

Yuqoridagilarni o‘rganib chiqqanimizdan keyin Trampning nega endi Eron bilan muzokaralarga qaytganini tushunamiz. U quyidagilarni istaydi:

G‘alabaga erishish u tomonidan va uning qo‘lida bo‘lishini istaydi.
Mintaqadagi siyosiy vaziyat o‘zgarib, boshqa kuchlar Amerika manfaatlariga xizmat qilish uchun rol o‘ynaganidan so‘ng Eronni jilovlashni istaydi.
Eronning o‘z loyihasi va vositalaridan voz kechishini istaydi. Tramp avvalgi prezidentligi davrida Qosim Sulaymoniyni o‘ldirdi. Eron tomonidan bunga javob bo‘lmadi, aksincha, zaif va kelishilgan javob bo‘ldi.

U hozir Iroq va Livandagi richaglaridan voz kechdi. Iroqdagi jangarilari AQSH kuchlari va bazalariga zarba bermasliklari uchun ularga bosim o‘tkazmoqda. Strategik sharmandalik bilan kifoyalanib, G‘azoni jinoiy urush mashinasi oldida tashlab qo‘ydi. Amerika Eron rahbarlari yetib borgan xorlik darajasini, shuningdek, uning hayqiriq va shovqin-suronlari ham yiroqlashganini ko‘rdi. Ayni paytda u barcha masalalarda o‘z manfaatlari evaziga emas, balki unga zarba berilmasligi va unga qarshi yahudiy vujudiga erkinlik berilmasligi evaziga Amerikaga xizmat qilmoqda. U o‘zining yadroviy dasturidan voz kechishga tayyor. U shunday qildi va shunday qiladi. AQSH kompaniyalariga, ayniqsa, Trampning oldingi davrida Eronga sarmoya kiritgan har bir kishiga nisbatan AQSH sanksiyalari qo‘yilib, Yevropa kompaniyalari chiqarib yuborilganidan so‘ng, ular xohlagan sarmoyalarni beradi. Eron endi Yevropa kompaniyalaridan xoli bo‘lib, AQSH kompaniyalariga eshik ochildi.

Yahudiy vujudi pozitsiyasiga kelsak, hozir Netanyaxuning Oq uyda yangi voqelik oldida va zaif shaxs oldida emas, balki tijorat tafakkuriga ega bo‘lgan shaxs oldida turgani aniq ko‘rinib turibdi. Times of Israel gazetasi bu kelishuvning yahudiylar uchun eng yaxshi kelishuv bo‘lgani haqida yozdi. Devid Gorovitsning hisobotida aytilishicha, kelishuv Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishini doimiy ravishda oldini olishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxuning so‘nggi tashrifi chog‘ida Trampning Oq uyda unga nisbatan qilgan ishi «hayratlanarli» bo‘ldi. Chunki u Eron bilan muzokaralar boshlash niyati haqida unga oldindan xabar bermagan. Balki ishni pishirib bo‘lgandan keyin undan tezda o‘tirib, bu qarorni qo‘llab-quvvatlashini bildirishni talab qilgan.

Va nihoyat: Eron Amerika uchun katta manfaat. U uni Iroq, Afg‘oniston va Shomda sinovdan o‘tkazdi. Tramp uning tik turganida ham, o‘tirgani va uxlaganida ham unga xizmat qilishini, shuningdek, Amerika manfaati qaysi tarafga aylansa, u ham uning atrofida aylanishini xohlaydi. Aftidan, Eron bunga tayyor ko‘rinadi.

Roya gazetasining 2025 yil 16 aprel, chorshanba kungi 543-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.